Logo

Energetika sohasi bo‘yicha 4,7 mlrd dollarlik 6 ta yirik loyiha imzolandi

Бугун 17:253 дақиқа

2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi quvvat yaratilib, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 129 mlrd kilovatt-soatdan oshirilishi va qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Energetika sohasi bo‘yicha 4,7 mlrd dollarlik 6 ta yirik loyiha imzolandi © Foto: president.uz

O‘zbekistonda umumiy qiymati 4,7 mlrd dollar bo‘lgan oltita yirik energetika loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. Ular doirasida 3 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish va 400 megavatt energiya saqlash quvvati yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari energetikani mamlakat taraqqiyotining asosiy tayanchi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, barqaror elektr ta’minoti nafaqat aholi turmushi, balki tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun ham muhim.

So‘nggi yillarda energetika sohasiga 35 mlrd dollar investitsiya kiritildi. Hamkor davlatlar soni esa ikki-uchtadan o‘ntadan ortiqqa yetdi. Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 31 foizga ko‘tarildi. «Yashil» energiya ishlab chiqarish quvvatlari 11,1 gigavattni tashkil etmoqda.

Energetikada yangi qoidalar

Prezidentning aytishicha, dastlabki bosqichda qayta tiklanuvchi energiya loyihalari ko‘pincha investorlar taklif qilgan hududlarda joylashtirildi. Bu sarmoya jalb qilishga yordam bergan bo‘lsa-da, ayrim joylarda quvvatlar to‘planishi va elektrni boshqa hududlarga uzatish xarajatlari oshishiga olib keldi.

«Bizga alohida-alohida elektr stansiyalari emas, uzviy bog‘langan energetika tizimi kerak», — dedi davlat rahbari.

Endi yangi quvvatlar hududlarning ehtiyoji va elektr tarmoqlarining imkoniyatlaridan kelib chiqib rejalashtiriladi. Loyihalar ochiq tanlov asosida tanlanadi. Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va muddati, elektrni xarid qilish hamda to‘lov shartlari oldindan e’lon qilinadi.

Yaqinda umumiy quvvati 2 200 megavatt bo‘lgan oltita quyosh va shamol stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Investorlar uchun teng talablar va kelishilgan shartlarni bajarish mexanizmlari joriy etiladi.

Milliy bosh reja


O‘zbekiston 2030-yilgacha 22 ming megavatt yangi elektr ishlab chiqarish quvvatini yaratishni rejalashtirgan. Natijada yillik generatsiya hajmi 129 mlrd kilovatt-soatdan oshishi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi esa 54 foizga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, energetika sohasining 2050-yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1-martgacha elektr tarmoqlariga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1-iyulga qadar esa to‘liq bosh reja taqdim etilishi belgilangan.

Yangi rejalashtirish tizimi investorlarga loyihalarni uzoq muddatga mo‘ljallab tayyorlash imkonini beradi. «Yashil» energiya ishlab chiqaruvchilar uchun sertifikatlar va karbon kreditlari orqali qo‘shimcha daromad olish mexanizmlari ham joriy etiladi.

Tarmoqlar va data-markazlar


Davlat rahbari generatsiya quvvatlarini oshirish bilan birga elektr uzatish tarmoqlari va energiya saqlash tizimlarini ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida elektrga talabning bir qismi boshqa hududlarda ishlab chiqarilgan energiya hisobidan qoplanmoqda. Yangi sanoat zonalari ishga tushishi bu yuklamani yanada oshirishi mumkin.

Sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari ham elektr iste’molini tez oshirayotgan yo‘nalishlar qatorida. Bunday obyektlar uchun yer, tarmoqqa ulanish imkoniyati va «yashil» energiya manbalari oldindan belgilanadi. Yirik data-markazlarda asosiy va zaxira elektr ta’minoti, energiya saqlash hamda sovitish tizimlarini birgalikda rejalashtirish talab etiladi.

So‘nggi besh yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga 2 mlrd dollardan ziyod yo‘naltirildi. Navbatdagi katta vazifa tarmoqlarni yangilash va energiya saqlash tizimlarini rivojlantirishdir. 

2030-yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Loyihalarning katta qismi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

Bundan buyon ustuvorlik generatsiya, saqlash va tarmoqlarni birgalikda qamrab oladigan kompleks loyihalarga beriladi. Uzoq muddatli energiya saqlash uchun gidroakkumulyatsiya stansiyalarini qurishda ham investorlar bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekiston energetikada ichki bozor bilan cheklanmaydi. Ozarbayjon va Qozog‘iston bilan Kaspiy orqali «yashil» energiyani Yevropaga yetkazish loyihasi amaliy bosqichga o‘tmoqda. Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozorlari ham istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTB O‘zbekistonga elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 200 mln dollar qarz bermoqchiligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид