Logo

Ertaga barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 dan boshlanadi

Prezident qarori bilan 18-iyun kuni barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 ga ko‘chirildi. Bu fuqarolarga O‘zbekiston milliy jamoasining Kolumbiyaga qarshi uchrashuvini tomosha qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida qilinmoqda.

Ertaga barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 dan boshlanadi © Видеодан кадр

18-iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasining Kolumbiyaga qarshi o‘yini munosabati bilan barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 dan boshlanadi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.


Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston — Kolumbiya uchrashuvi soat 07:00 da start oladi. Davlat rahbari fuqarolar milliy jamoaga o‘z uyida, oila a’zolari va yaqinlari davrasida muxlislik qilishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish bo‘yicha qaror qabul qilgan.


«Prezidentimiz ertangi matchni uyda, oila davrasida, nabiralari bilan tomosha qiladilar. Shu munosabat bilan 18-iyun kuni barcha davlat tashkilotlarida ish vaqti soat 10:00 da boshlanishi belgilandi», dedi Sherzod Asadov.


Matbuot kotibi shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatga kelgan xorijiy mehmonlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yuqori baholayotganini ta’kidladi.


Xalqaro tahlillarga ko‘ra, Toshkent dunyodagi eng tez rivojlanayotgan uchinchi shahar sifatida e’tirof etilgan. Bu reytingda poytaxt Shenchjen va Ar-Riyoddan keyingi o‘rinni egallagan.


Hozirda O‘zbekistonda 102 davlatdan delegatsiyalar hamda 3 mingga yaqin xalqaro tashkilot vakillari mehmon bo‘lib turibdi. Sherzod Asadov forum kunlarida transport harakati bilan bog‘liq ayrim noqulayliklarga qaramay, Toshkent aholisi va haydovchilar yuqori madaniyat namoyon etayotganini qayd etdi.


Uning ma’lum qilishicha, Prezident mazkur jarayonlarda faollik ko‘rsatayotgan haydovchilar, obodonlashtirish xodimlari, Toshkent ahli va mehmonlarga minnatdorlik bildirgan.

Теглар

Мавзуга оид