Logo

Fuqarolar xorijga 10 ming dollargacha ruxsatsiz investitsiya kiritishi mumkin — Markaziy bank

Markaziy bank valuta operatsiyalari tartibiga o‘zgartish kiritdi. Endi jismoniy shaxslar bir yilda 10 ming dollargacha, kompaniyalar esa belgilangan limitlar doirasida xorijga alohida ruxsatsiz investitsiya yo‘naltirishi mumkin.

Fuqarolar xorijga 10 ming dollargacha ruxsatsiz investitsiya kiritishi mumkin — Markaziy bank © Foto: Legion-Media

Markaziy bank kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga o‘zgartishlar kiritdi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, kapital harakati operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblarni jurnal shaklida yuritish amaliyoti bekor qilindi. Endi barcha ma’lumotlar «Valuta operatsiyalarini hisobini yuritish» axborot tizimi orqali raqamli shaklda yuritiladi.


Shuningdek, rezidentlar kapital harakati bilan bog‘liq operatsiyalarni faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bank orqali emas, balki istalgan xizmat ko‘rsatuvchi bank orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Yangi tartibning eng muhim jihatlaridan biri — ayrim holatlarda xorijga investitsiya kiritish uchun alohida ruxsat olish talabi bekor qilinganidir. Unga ko‘ra, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar bir kalendar yili davomida 200 ming dollargacha, davlat ishtirokidagi korxonalar esa 100 ming dollargacha xorijda investitsiya faoliyatini amalga oshirishi mumkin.


Jismoniy shaxslarga esa bir yilda 10 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan mablag‘ni xorijiy investitsiya loyihalariga yo‘naltirish huquqi berildi.


Bundan tashqari, davlat ishtirokisiz korxonalar xorijdagi filial va vakolatxonalarini 100 ming dollargacha, davlat ishtirokidagi kompaniyalar esa 50 ming dollargacha aylanma mablag‘ bilan ta’minlashi mumkin.


Yangi qoidalarga muvofiq, kapital harakati operatsiyalari shartlariga kiritilgan o‘zgarishlar 10 kun ichida bankka taqdim etilishi lozim. Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar har chorakda banklarga topshiriladi, banklar esa ularni Markaziy bankka yuborib boradi.


Shu bilan birga, amaldagi tartibga muvofiq, jismoniy shaxslarning xorijdagi brokerlik va investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirishi faqat litsenziyaga ega investitsiya vositachilari orqali amalga oshiriladi.

Теглар

Мавзуга оид