Logo

Gegemonsiz Yevroosiyo: SHHTning asl geosiyosiy vazifasi nima?

Tashkilot chorak asrlik faoliyatidan keyin yangi bosqichga o‘tmoqda.

Gegemonsiz Yevroosiyo: SHHTning asl geosiyosiy vazifasi nima? © Qirg'iziston Prezidenti matbuot xizmati

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Chorak asr muqaddam tuzilgan bu tashkilot bugungi kunga kelib yangi Yevroosiyo tartibini shakllantiruvchi markazlardan biriga aylanmoqda.

Biroq uni faqatgina Yevropa Ittifoqining sharqiy muqobili yoki G‘arbga siyosiy qarama-qarshi kuch sifatida qabul qilish o‘ta jo‘n yondashuv bo‘lar edi. SHHT Yevropa integratsiyasi andozasidan nusxa ko‘chirmaydi, NATO kabi harbiy blok emas hamda hozircha yagona iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy makonga ega emas. Uning tarixiy vazifasi butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin: tashkilot dunyoning bir markazdan boshqarilishiga qarshi bo‘lgan davlatlar manfaatlarini muvofiqlashtiruvchi o‘ziga xos maydonga aylanmoqda. SHHTning asosiy geosiyosiy ahamiyati ham aynan shunda.

Sovuq urush yakunlangach, G‘arb davlatlari AQSH yetakchiligidagi bir qutbli dunyo tizimi uzil-kesil o‘rnatildi, degan fikrda edi. Ammo tarix global gegemonlikning abadiy va mutlaq bo‘la olmasligini yana bir bor isbotladi. Xitoy va Hindistonning iqtisodiy yuksalishi, Rossiyaning faol geosiyosatga qaytishi, Markaziy Osiyo davlatlarining mustahkamlanishi hamda Turkiya, Fors ko‘rfazi va Global Janub mamlakatlari ta’sirining ortishi dunyoda kuchlar muvozanatining keskin o‘zgarishiga olib keldi.

Bir qutblilik o‘rnini XIX yoki XX asrdagi kabi bir necha imperiyalarning shafqatsiz raqobatiga asoslangan an’anaviy ko‘p qutblilik emas, balki ancha murakkab bo‘lgan xalqaro poliarxiya tizimi egallamoqda. Ushbu tizimda yetakchi davlatlar bilan bir qatorda o‘rta miqyosdagi mamlakatlar, mintaqaviy kuch markazlari, yirik transport tugunlari, transmilliy korporatsiyalar va xalqaro tashkilotlarning o‘rni tobora ortib bormoqda. SHHT esa mana shu yangi voqelikning eng yorqin institutsional ko‘rinishlaridan biriga aylanmoqda.

Bu Sharqdagi Yevropa Ittifoqi emas

Yevropa Ittifoqi ulkan texnologik, moliyaviy va institutsional ustunliklarga ega. Bu – rivojlangan me’yoriy tizim, umumiy savdo siyosati va qudratli davlatlararo institutlarga ega bo‘lgan yagona bozordir. SHHT hozircha bunday chuqur integratsiya darajasiga yetgani yo‘q. Ammo uning o‘ziga xos strategik ustunliklari mavjud.

SHHTga a’zo davlatlar ulkan Yevroosiyo makonini egallaydi hamda yirik energetika va mineral resurs zaxiralariga ega. Shuningdek, ular eng muhim quruqlikdagi savdo yo‘llarini nazorat qilib, beqiyos iste’mol bozorini shakllantiradi. Tashkilot tarkibiga sayyoramizning eng yirik demografik markazlari bo‘lmish Xitoy va Hindiston, yetakchi harbiy va energetik qudrat egasi – Rossiya, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoning asosiy mamlakatlari kiradi.

Shu bois, SHHT Yevropa Ittifoqining hozirgi shakli bilan raqobatlashishdan ko‘ra, hamkorlikning o‘ziga xos yangi andozasini yaratmoqda. Yevropa integratsiyasi milliy suverenitetning bir qismini davlatlardan yuqori turuvchi institutlarga o‘tkazib berishni taqozo etadi. SHHT esa, aksincha, suveren tenglik, ichki ishlarga aralashmaslik va o‘zaro kelishuv tamoyillari asosida qurilmoqda.

Рисuнок1

Garchi bu andoza unchalik markazlashmagandek tuyulsa-da, tashqi siyosatda erkin harakat qilish imkoniyatini saqlab qolishga intilayotgan davlatlar uchun ancha maqbuldir.

SHHT «G‘arbga qarshi» markaz emas. U gegemonlikdan xoli dunyoning – hech bir davlat yoki siyosiy blok boshqalar uchun yakka o‘zi qoida o‘rnata olmaydigan makonning asosiy institutlaridan biriga aylanishi mumkin.

SHHTning kuchli va zaif tomonlari

Tashkilotning asosiy qudrati a’zo davlatlarning turli-tumanligidadir. Biroq aynan shu omil ichki ziddiyatlarning asosiy manbai bo‘lib ham xizmat qilmoqda.

Xitoy savdo yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va Yevroosiyoda infratuzilmaviy bog‘liqlikni mustahkamlashdan manfaatdor. Rossiya esa SHHTga strategik muvozanatni ta’minlash va G‘arb andozalaridan xoli bo‘lgan hamkorlik shakllarini rivojlantirishning muhim mexanizmi sifatida qaraydi. Hindiston tashkilot doirasida Xitoyning mutlaq hukmronligiga yo‘l qo‘ymaslikka, shu bilan birga, AQSH va Yevropa bilan munosabatlarda o‘z mustaqilligini saqlab qolishga intiladi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa sarmoyalar jalb qilish, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash va tashqi aloqalarni diversifikatsiyalash asosiy maqsad hisoblanadi.

Boshqacha aytganda, SHHT an’anaviy ittifoqchilarni emas, balki manfaatlari muayyan darajada ustma-ust tushadigan, ayni paytda o‘zaro raqobatlashadigan davlatlarni birlashtiradi.

Bunga a’zo mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidagi tafovutlar, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi raqobat, Rossiya hamda Eronga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar, yagona moliyaviy infratuzilmaning mavjud emasligi, shuningdek, ayrim davlatlarning Xitoyning o‘ta kuchli iqtisodiy ustunligidan xavotirlarini ham qo‘shish mumkin.

Shu bois, yaqin orada SHHTning yagona valutasi joriy etilishi yoki G‘arb moliya tizimiga to‘laqonli muqobil tizim yaratilishi haqida gapirishga hali erta. To‘g‘ri, milliy valutalardagi o‘zaro hisob-kitoblarga o‘tish jarayoni davom etmoqda. Biroq xususiy sektor hamon ikkilamchi sanksiyalar xavfi, xalqaro hisob-kitoblardagi cheklovlar va tavakkalchiliklarni kamaytirish omillarini ehtiyotkorlik bilan hisobga olmoqda.

Tashkilotning kelajagi siyosiy bayonotlarni amaliy iqtisodiy mexanizmlarga aylantira olish qobiliyatiga bog‘liq. SHHT ko‘p tomonlama moliyaviy vositalar, kelishilgan sarmoyaviy qoidalar, transport sohasidagi yagona tarif siyosati, raqamli integratsiya va qo‘shma loyihalarni himoya qilish mexanizmlariga ehtiyoj sezmoqda.

Aks holda, tashkilot iqtisodiy integratsiya imkoniyatlari cheklangan, shunchaki bir nufuzli siyosiy forum bo‘lib qolishi mumkin.

Yangi voqelik

SHHT hozircha Yevropa Ittifoqi, dollarga asoslangan jahon moliya tizimi yoki G‘arbning texnologik markazlari o‘rnini bosishga qodir emas. Biroq buni tashkilotning asosiy tarixiy vazifasi sifatida qabul qilmaslik kerak.

Рисuнок2

Tashkilot Yevroosiyo davlatlari o‘z manfaatlarini tashqi bosimlarsiz muvofiqlashtira oladigan makonni shakllantirmoqda. Agar SHHT ichki ziddiyatlarni yengib, samarali moliyaviy institutlar yarata olsa va siyosiy bayonotlarni aniq iqtisodiy loyihalar bilan mustahkamlasa, u yangi dunyo tartibining asosiy tayanchlaridan biriga aylanadi.

Shakllanayotgan yangi dunyo endi bir qutbli bo‘lmaydi yoki murosasiz ikki qutbga bo‘linmaydi. U ko‘p markazli, manfaatlar kesishadigan va moslashuvchan ittifoqlar dunyosiga aylanadi.

SHHT Yevropa Ittifoqining shunchaki muqobili emas. U ko‘proq yangi Yevroosiyoning – yagona hukmron kuchlarsiz, ammo o‘z irodasi, strategiyasi va ovoziga ega bo‘lgan davlatlarning o‘rni tobora ortib borayotgan yangi makonning jarchisidir.

Теглар

Мавзуга оид