Logo

GTA 6 sotuvlar bo‘yicha rekord o‘rnatib, birinchi kuniyoq 2,36 mlrd dollar daromad keltirdi

Кеча 15:352 дақиқа

13 yillik kutishdan so‘ng, nihoyat 19-noyabr kuni taqdim etilgan Grand Theft Auto 6 (GTA 6) videoo‘yinining oldindan buyurtmalari va birinchi kungi sotuvlari 24,5 mln nusxadan oshdi.

GTA 6 sotuvlar bo‘yicha rekord o‘rnatib, birinchi kuniyoq 2,36 mlrd dollar daromad keltirdi © rockstargames

Grand Theft Auto 6 (GTA 6) videoo‘yini 13 yillik kutishdan so‘ng 19-noyabr kuni taqdim etilib, ko‘ngilochar industriya tarixidagi eng yirik startga aylandi. Bu haqda Sensor Tower tahliliy platformasi ma’lumotlariga tayanib, BBC xabar berdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, o‘yinning oldindan buyurtmalari va birinchi kungi sotuvlari 24,5 mln nusxadan oshgan bo‘lib, taxminan 2,36 mlrd dollar (1,8 mlrd funt sterling) daromad keltirgan. Taqqoslash uchun, joriy yilning eng kassabop filmi bo‘lib turgan «O‘rgimchak odam: yangi kun» butun kinoprokat davomida 2,5 mlrd dollar yiqqan.

O‘yin ishlab chiquvchisi Rockstar va uning bosh kompaniyasi Take-Two sotuvlar bo‘yicha rasmiy raqamlarni hali e’lon qilmagan, biroq talab «misli ko‘rilmagan» darajada ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, Sensor Tower o‘yinning yuqori ommaviyligi geymerlarning boshqa yakka tartibda o‘ynaladigan videoo‘yinlarga sarflaydigan vaqtini 10 foizga qisqartirishini prognoz qilmoqda.

O‘yin bozorini tadqiq qiluvchi Niko Partners kompaniyasi esa GTA 6 joriy yilda butun dunyo bo‘ylab 3 mlrd dollardan ortiq daromad keltirishini kutmoqda. Ushbu ko‘rsatkich loyihani tarixdagi eng daromadli ko‘ngilochar mahsulotlar qatoriga olib chiqsa-da, inflyatsiya hisobga olingan holda taxminan 4,5 mlrd dollar ishlagan 1939-yilgi «Shamollarda qolgan hislarim» filmi rekordidan ortda qoladi.

O‘yin tafsilotlari

Ishlab chiqilishiga 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflangani taxmin qilinayotgan GTA 6 tarixdagi eng qimmat videoo‘yin sanaladi. Qariyb o‘ttiz yillik tarixga ega franshizaning yangi qismi voqealari Florida shtatidan ilhomlanib yaratilgan Leonida shtatida sodir bo‘ladi va jinoyatchilar — Lusiya hamda uning sherigi Jeyson hayoti haqida hikoya qiladi.

Nyu Yorkda joylashgan Rockstar studiyasi o‘yinning komputerlar (PC) uchun versiyasi va ko‘p foydalanuvchili (multiplayer) rejimi qachon taqdim etilishini hali ma’lum qilmagan.

2013-yilda chiqqan GTA 5 tajribasidan kelib chiqilsa, onlayn rejim o‘yinchilarning ko‘chmas mulk, avtomobillar va boshqa o‘yin ichidagi imtiyozlarga haqiqiy pul sarflashi hisobiga studiyaga kelgusi yillarda yanada katta daromad keltirishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид