Logo

Haftalik narxlar: bozorda vaziyat qanday?

Bozorda sabzavotlar qimmatlagan bir paytda, mevalar arzonlagan. Go‘sht narxlari ham yuqorilab, eng qimmat go‘sht Toshkentda, hududlar orasida esa Marg‘ilonda sotilmoqda.

Haftalik narxlar: bozorda vaziyat qanday?

23-sentabr holatiga ko‘ra, sabzavotlar, xususan, pomidor va sabzi kabi kundalik iste’moldagi mahsulotlar narxi 3,5 foizgacha oshdi. Biroq mevalar bozorida mavsumiy omillar sabab olma, nok, limon hamda uzum kabi mevalar narxi aksincha pasaydi.

Vaqt.uz Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasi ma’lumotlari asosida haftalik oziq-ovqat narxlarini muntazam o‘rganib boradi.

Asosiy mahsulotlar

Kundalik xarid qilinadigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxida katta o‘zgarish kuzatilmadi. Hafta davomida kungaboqar va paxta yog‘i 0,2 foizga qimmatladi. Kungaboqar yog‘i 21 ming 467 so‘m bo‘lsa, paxta yog‘i 20 ming 252 so‘mdan sotilmoqda.

Un segmentida esa oliy va birinchi navli un narxi ham barqaror holatda. Xususan, bu hafta birinchi navli un narxi 6 ming 241 so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qoldi. Bozorda birinchi navli undan tayyorlanadigan nonning o‘rtacha narxi 4 ming so‘mdan sotilmoqda.

Tuxum narxi boshqa mahsulotlarga qaraganda ko‘proq oshib, 1,9 foizga qimmatladi va 10 donasi 12 ming 138 so‘mga yetdi.

Guruch va shakar narxida esa turlicha o‘zgarish bo‘ldi. Guruchning kilogrammi 15,9 ming so‘mga yetgan bo‘lsa, shakar narxi 12 ming 731 so‘mga tushib, 0,7 foizga arzonladi.

IMG_20260930_114932


Sabzavotlar

Sabzavotlar narxida o‘tgan davrda turli yo‘nalish bo‘ldi. Pomidor qimmatlashgan bo‘lsa, bodring narxi ikkinchi haftadirki pasaymoqda. Pomidor narxi 3,5 foizga oshib, kilogrammi 8,82 ming so‘mga yetdi. Bodring esa 0,7 foizga arzonlab, 7 ming 436 so‘mdan sotilmoqda.

Kartoshka va piyozda esa narxlar mos ravishda 1,8 va 1,4 foizga ko‘tarilib, ularning kilogrammi 4 ming 643 va 2 ming 686 so‘mga yetgan.

Baqlajon narxi 2,1 foizga oshib, kilogrammi 5 ming 529 so‘mga yetdi. Bulg‘or qalampiri va sabzi esa bir xil sur’atda qimmatlab, ikkalasining narxi 1,6 foizdan ko‘tarildi. Bulg‘or qalampirining kilogrammi 8,91 ming so‘mga, sabziniki esa 5 ming 471 so‘mga yetgan.

Umuman, sabzavotlarda narxlar asosan yuqorilagan bo‘lsa-da, bodringning ketma-ket ikkinchi hafta arzonlashi bozordagi umumiy yo‘nalishdan farq qilmoqda.

IMG_20260930_115226

Mevalar

Mevalar narxi avgust oyidan buyon pasaymoqda. Olma narxi 1,6 foizga arzonlab, kilogrammi 11 ming 800 so‘mga tushgan bo‘lsa, nok 0,3 foizga pasayib, 18 ming 216 so‘mdan sotilmoqda.

Uzumda ham narx pasaydi. O‘tgan hafta kilogrammi 12 ming 309 so‘mdan sotilgan uzum narxi bu safar 0,7 foizga arzonlab, 12 ming 219 so‘m bo‘ldi.

Limon narxida esa pasayish yanada katta bo‘ldi. Bir kilogrammi 43 ming 904 so‘mdan sotilayotgan limon narxi 4 foizga arzonladi. Bunga kuzgi mavsumda mahalliy issiqxonalardagi hosilning bozorga ko‘proq chiqishi sabab bo‘lishi mumkin. Taklifning ortishi esa importga ehtiyojni kamaytirib, narxning pasayishiga olib kelishi mumkin.

IMG_20260930_115657

Hududlarda go‘sht narxi qancha?

16-23-sentabr holatiga ko‘ra, go‘sht mahsulotlari narxi biroz qimmatladi. Xususan, mol go‘shti 0,6 foizga oshib, kilogrammi o‘rtacha 124 ming 383 so‘mga yetgan bo‘lsa, qo‘y go‘shti 0,5 foizga qimmatlab, 135 ming 774 so‘mdan sotildi. Shu tariqa, qo‘y go‘shti mol go‘shtidan o‘rtacha 11 ming 391 so‘m qimmatroq.

IMG_20260930_123134

Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi.

Mol go‘shti narxi hududlarga qarab turlicha shakllangan. Viloyatlar orasida eng katta qimmatlashuv Farg‘onada bo‘lib, narx 2,86 foizga oshgan. Toshkent shahrida esa bir kilogramm mol go‘shti 133 ming 73 so‘mdan sotilib, eng yuqori narx qayd etilgan hudud bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda esa mol go‘shti 114 ming 566 so‘m bilan eng arzon narxlardan birida qolgan.

Shu tariqa, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston o‘rtasidagi farq 18 ming 507 so‘mga yetgan. Ya’ni, poytaxtda bir kilogramm mol go‘shti Qoraqalpog‘istondagidan qariyb 16 foiz qimmatroq.

Boshqa hududlarda ham narxlar bir xil o‘zgarmagan. Andijonda mol go‘shti 126 ming 184 so‘mga, Qashqadaryoda 126 ming 498 so‘mga yetgan bo‘lsa, Navoiyda 120 ming 891 so‘mdan sotilgan. Samarqand, Buxoro va Jizzaxda esa hafta davomida narx deyarli o‘zgarmagan.

Tuman va shaharlar kesimida narxlar o‘rtasidagi tafovut yanada kattaroq. Hafta davomida eng qimmat mol go‘shti Marg‘ilon shahrida bo‘lib, kilogrammi 139 ming so‘mdan sotilgan. Eng past narx Tomdi tumanida 98 ming 750 so‘mni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, Marg‘ilonda 2 kilogramm go‘shtga to‘lanadigan pulga Tomdi tumanida qariyb 3 kilogramm go‘sht xarid qilish mumkin.

Haftalik o‘zgarishda ham Farg‘ona hududlari ajralib turadi. Marg‘ilon shahrida mol go‘shti 4,9 foizga, Farg‘ona shahrida 4,7 foizga qimmatlagan. Aksincha, Samarqand viloyatining Payariq tumanida narx 0,7 foizga pasaygan.

Umuman, hafta davomida mol go‘shti narxi hududlarning aksariyatida yuqorilagan. Biroq narxning o‘zi ham, uning haftalik o‘zgarishi ham joyiga qarab farq qilmoqda. Ayniqsa, tuman va shaharlar kesimida eng qimmat va eng arzon narx o‘rtasidagi farq 40 ming so‘mdan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9-16-sentabr holatidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlaridagi o‘zgarishlarni ham tahlil qilgan edik.

Теглар

Мавзуга оид