Logo

Harbiylar pensiyasining eng yuqori miqdori 100 foizgacha oshiriladi

Shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan SSSR davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar hamda ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solib kelingan. Ilk bor pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash va to‘lash tartibi yagona qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda.

Harbiylar pensiyasining eng yuqori miqdori 100 foizgacha oshiriladi © Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekistonda 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 100 foizgacha oshirilmoqda. Senatning yalpi majlisida ana shu masalalar nazarda tutilgan «Harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) va ular oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi.

Majlisda shu vaqtga qadar mazkur sohadagi munosabatlar asosan SSSR davrida qabul qilingan huquqiy hujjatlar hamda ayrim xalqaro kelishuvlar asosida tartibga solib kelingani aytildi. Endi yangi qonun bilan bu masalalar O‘zbekiston konstitutsiyasi va milliy qonunchilik talablari asosida yagona huquqiy hujjat bilan tartibga solinadi.

Qonunda ilk bor davlat pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi, xizmat yillari uchun pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash shartlari, ularni hisoblash, qayta hisoblash va to‘lash tartibi yagona qonun darajasida belgilab qo‘yilmoqda. Qolaversa, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan shaxslar uchun pensiyani hisoblashning eng yuqori miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur ijtimoiy kafolatlar faqat kelgusida pensiyaga chiqadigan harbiy xizmatchilarga emas, balki bugungi kunda pensiya olayotgan, kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oila a’zolariga ham tatbiq etiladi.

Bundan tashqari, qonunda vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilgan insonlarning oilalarini ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashning huquqiy asoslari takomillashtirilib, harbiy xizmatchi xizmatni o‘tash davrida halok bo‘lgan yoki xizmat davrida olgan jarohati yoki kasalligi oqibatida vafot etgan hollarda uning oila a’zolarining davlat tomonidan pensiya bilan ta’minlanishiga oid kafolatlar mustahkamlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiya uchun minimal sug‘urta stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilingandi.

Теглар