Logo

«Iman Holding» Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligida yangi shar’iy kengash tuzadi

Бугун 11:254 дақиқа

IMAN Invest atrofidagi mojarodan so‘ng kompaniya yangi shar’iy kengash tuzishga kirishdi. Unga taniqli diniy ulamo Hasanxon Yahyo Abdulmajid rahbarlik qiladi.

«Iman Holding» Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligida yangi shar’iy kengash tuzadi

«Iman Holding» kompaniyasi taniqli diniy ulamo Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligida yangi shar’iy kengash tashkil etilishini rasman e’lon qildi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, yangi kengashni shakllantirish ishlari boshlangan. «Iman Holding» ushbu qadam kompaniya va investorlar uchun xayrli bo‘lishiga umid bildirgan.

Shuningdek, kompaniyaning yangi boshqaruv jamoasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va menejment faoliyatini yanada professionallashtirish uchun zarur o‘zgarishlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.

Bayonotda Hasanxon Yahyo Abdulmajidga kompaniya taklifiga rozilik bildirgani uchun minnatdorlik ham bildirilgan.

«Ayni vaziyatda biz investorlar va kuzatuvchilarning qo‘llab-quvvatlashi hamda tushunishiga har qachongidan ko‘proq muhtojmiz», — deyiladi kompaniya xabarida.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

«IMAN Invest» atrofidagi mojaro 25-oktabr kuni Islom moliyasini muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) kompaniya bilan hamkorlikni to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin keng jamoatchilik muhokamasiga aylandi.

IFCB vakili, islom moliyasi bo‘yicha auditor Mahmud Usmon kompaniyada investorlar mablag‘laridan foydalanish, moliyaviy hisob-kitoblar va shariat talablariga rioya etilishi bilan bog‘liq jiddiy muammolar borligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, kompaniyaning qariyb 70 million dollarlik portfelida 20 million dollarlik tafovut aniqlangan.

26-oktabr kuni Mahmud Usmon kompaniya faoliyatiga oid taftish hujjatlarini ham e’lon qildi. Ularda bir nechta asosiy masala ko‘tarilgan: 9,5 million dollarlik muddati o‘tgan qarzlar, boshqaruv kompaniyasining investitsiya fondi oldidagi 2,97 million dollarlik qarzi, investorlar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan ayrim xaridlar va dividendlarni hisoblash tartibi.

Xususan, taftish hujjatlarida 2026-yil 31-may holatiga BNPL portfelidagi muddati o‘tgan muammoli qarzlar 9,5 million dollar yoki portfelning 17–18 foizini tashkil etgani qayd etilgan. Shuningdek, Rustam Rahmatov foydalanishi uchun investorlar mablag‘lari hisobidan 128 ming dollarlik Mercedes-Benz S500 xarid qilingani va BYD Champion avtomobili bo‘yicha to‘lovlar kechiktirilgani masalalari ham ko‘tarilgan.

Kompaniya asoschisi Rustam Rahmatov esa o‘z bayonotida ayblovlarni rad etdi. U kelishmovchiliklar ortida Mahmud Usmon bilan yuzaga kelgan shaxsiy va ishga oid nizolar, jumladan, xizmat haqi va kompaniyadagi ulush masalalari turganini bildirdi.

27-oktabr kuni «IMAN Holding» Kuzatuv kengashi rasmiy munosabat e’lon qildi. Unda kompaniya 20 million dollarlik real zarar yoki kamomad mavjudligi haqidagi da’volarni rad etdi. «IMAN Holding» bu summani uchta turli moliyaviy ko‘rsatkichning umumlashtirilgan talqini deb izohladi: 3,5 million dollarlik zaxira bilan qoplanmagan kredit riski, boshqaruv kompaniyasining 2,97 million dollarlik qarzi va nasiya savdo portfeli bilan investorlar portfeli o‘rtasidagi 140,75 milliard so‘mlik farq.

Kompaniya muammoli qarzlar masalasida ham IFCB keltirgan raqamlarni boshqacha izohladi. Uning ta’kidlashicha, muddati o‘tgan qarzlar bilan NPL — qaytmasligi kutilayotgan muammoli qarzlar bir xil tushuncha emas. Kompaniya amaliyotida qarzlar 300 kundan keyingina umidsiz deb baholanadi.

«IMAN Holding» ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 31-may holatida NPL 58,79 milliard so‘mni yoki 618,41 milliard so‘mlik portfelning 9,5 foizini tashkil etgan. 1-oktabrga kelib esa muammoli qarzlarning mutlaq miqdori 71,65 milliard so‘mga yetgan, biroq portfel hajmi ham kengaygani sababli ularning ulushi 6,5 foizgacha tushgan. Kompaniya ushbu xatarlarni qoplash uchun 31,91 milliard so‘mlik ECL zaxirasi shakllantirilganini bildirgan.

Boshqaruv kompaniyasining fond oldidagi 2,97 million dollarlik qarzi bo‘yicha esa «IMAN» bu mablag‘lar amaldagi ommaviy oferta asosida, foizsiz ajratilganini ta’kidlagan. Biroq kompaniyaning o‘zi ham taftish komissiyasi ushbu amaliyotni noto‘g‘ri deb topganidan so‘ng, iyul oyida bunday qarz berish to‘xtatilganini tan olgan. Qolgan qarzlarni 2026-yil noyabridan boshlab olti oy ichida qaytarish rejalashtirilgan.

Avtomobillar bilan bog‘liq masalalarda ham kompaniya o‘z izohlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Mercedes-Benz S500 avtomobili 12-avgust kuni sotilgan va xarid uchun sarflangan mablag‘ hamda ijara to‘lovlari fondga qaytarilgan. BYD Champion bo‘yicha esa Rustam Rahmatov 31-iyul kuni qolgan 366,94 million so‘mlik qarzdorlikni to‘liq to‘lagan.

Shu bilan birga, dividendlarni mijozlardan pul kelib tushishidan oldin tan olingan daromad asosida hisoblash, boshqaruv xarajatlarini fond zimmasiga yuklash va yangi ommaviy oferta shartlari bo‘yicha ham tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Kompaniya 28-oktabr kuni investorlarning yangi oferta bo‘yicha e’tirozlariga ham alohida javob berdi.

Mojaro ortidan kompaniya boshqaruvida ham o‘zgarishlar e’lon qilindi. Rustam Rahmatov ijroiya boshqaruvni mutaxassislarga topshirib, Kuzatuv kengashida faoliyatini davom ettirishi ma’lum qilindi. Shuningdek, kompaniya faoliyatini mustaqil auditdan o‘tkazish rejalashtirilgani bildirildi.

Теглар

Мавзуга оид

«Iman Holding» Hasanxon Yahyo Abdulmajid boshchiligida yangi shar’iy kengash tuzadi | Vaqt.uz