Issiqlik tariflari, yoqilg‘i narxi va budjet taqchilligi: Markaziy bank nimalarni izohladi?
Markaziy bank issiqlik tariflari va yoqilg‘i narxining inflatsiyaga ta’siri, budjet taqchilligining narxlar bosimidagi o‘rni hamda asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlariga oydinlik kiritdi. Vaqt.uz matbuot anjumanida ko‘tarilgan muhim savollarga berilgan javoblarni jamladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaMarkaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qildi. Garchi iqtisodiyotda inflatsiyaning sekinlashishi, milliy valuta bozoridagi ijobiy tendensiyalar va aholi kutilmalarining pasayishi kuzatilayotgan bo‘lsa-da, regulyator pul-kredit siyosatini yumshatishga hali shoshilmayapti.
Markaziy bank matbuot anjumanida kredit foizlari, aholi inflyatsion kutilmalari, oziq-ovqat narxlari, energiya tariflari va davlat budjetning inflatsiyaga ta’siri yuzasidan ham izoh berdi. Vaqt.uz javoblarni tahlil qilib, iqtisodiyot va aholi uchun muhim bo‘lgan jihatlarni bir joyga jamladi.
«Stavkani 13,5 foizgacha pasaytirish ham muhokama qilindi»
Markaziy bankning asosiy stavkani 14 foizda saqlab qolish qarori inflyatsion bosimlar hali to‘liq bartaraf etilmaganini anglatadi. Qizig‘i, regulyator yig‘ilishda stavkani pasaytirish masalasini ham muhokama qilgan.
«Bugungi boshqaruv yig‘ilishida ikkita variant — asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish yoki 13,5 foizgacha pasaytirish muhokama qilindi. Ya’ni pasaytirish varianti 13 foiz emas, aynan 13,5 foiz edi», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov.
Ochilovning ta’kidlashicha, tariflar o‘zgarishining inflatsiyaga dastlabki ta’siri qisqa muddatli bo‘lishi mumkin. Asosiy xavf esa bu o‘zgarishlarning boshqa tovar va xizmatlar narxiga o‘tishidir.
«Amaldagi qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish aynan shu ikkilamchi ta’sirlarni yumshatish va kengroq inflyatsion bosimlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maqsadga muvofiq deb topildi».
Regulyator vakiliga ko‘ra, aholining va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaymoqda, bazaviy inflatsiya barqarorlashmoqda, valuta bozorida ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Biroq bu omillarning o‘zi stavkani tushirish uchun yetarli emas. Markaziy bank inflatsiyaning barqaror pasayishiga ishonch hosil qilgandagina pul-kredit siyosatini yumshatishi mumkin.

Manba: Markaziy bank
Shakar importiga cheklov oziq-ovqat inflatsiyasiga ta’sir qiladimi?
Yaqinda shakar importiga kunlik 200 tonnalik cheklov joriy etilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Bu oziq-ovqat bozoridagi narxlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligi va hukumat qarorni qabul qilishdan oldin Markaziy bank bilan maslahatlashganmi, degan savolga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov javob berdi.
Uning aytishicha, regulyator kelgusi yilda oziq-ovqat inflatsiyasining pasayishini kutmoqda. Shakar ham inflatsiyani hisoblashda foydalaniladigan 517 ta tovar va xizmatdan iborat iste’mol savatiga kiritilgan.
«Kuzatuvlarimizga ko‘ra, joriy yilda shakar narxi nisbatan barqaror shakllanmoqda. Oldingi yillarda jahon bozorida shakarning narxi oshgani ichki narxlarga ham ta’sir ko‘rsatgan edi. Keyingi davrdagi muvozanatlashuv esa shakar narxlari orqali umumiy inflatsiyaga keladigan bosimni sezilarli darajada yumshatdi», — dedi rais o‘rinbosari.
Nodirbek Ochilov shakar hozircha oziq-ovqat inflatsiyasi uchun katta xavf sifatida baholanmayotganini bildirdi.
«Shu bois hozirgi baholashlarimizda shakarning o‘zi oziq-ovqat inflatsiyasi uchun katta xatar sifatida ko‘rilmayapti. Albatta, ushbu mahsulot narxi va tashqi savdo sharoitlari oziq-ovqat tovarlarining umumiy guruhi tarkibida kuzatib boriladi. Umumiy guruh bo‘yicha esa inflatsiyaning pasayishi kutilmoqda», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov.
Suyultirilgan gaz qimmatlashishi inflatsiyaga qanday ta’sir qiladi?
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda saqlab qolish sabablaridan biri sifatida taklif omillarining inflatsiyaga ta’siri kuchayayotganini ko‘rsatgan. Xususan, import narxlari, energiya tariflari va transport xarajatlaridagi o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Suyultirilgan gaz narxining oshishi ham shunday omillardan biri hisoblanadi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning tushuntirishicha, ushbu omillarning inflatsiyaga ta’siri asosan bir martalik va qisqa muddatli xarakterga ega.
«Taklif omillari deganda, birinchidan, inflatsiyaning tarkibiy komponentlaridan import bilan bog‘liq omillar, energiya tariflari bilan bog‘liq omillar, transport xarajatlari bilan bog‘liq omillar kiradi. Press-relizda ham ta’kidlanganidek, rejalashtirilgan ayrim o‘zgarishlar qisqa muddatli ta’sirga ega bo‘lgani uchun bular inflatsiyaga bir martalik ta’sir etuvchi omillar hisoblanadi», — dedi rais o‘rinbosari.
Ochilovning qayd etishicha, energiya tariflari va boshqa tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarishi iqtisodiyotdagi xarajatlar muvozanatini shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchilar uchun barqarorroq sharoit yaratish bilan bog‘liq.
«Iqtisodiyotdagi balanslashtirish, umuman xarajatlarni davlat budjetidan qaysidir ma’noda bozor qonunlariga o‘tkazish, ishlab chiqaruvchi subyektlarga yetarli sharoit yaratish uchun bu o‘zgarishlar bo‘lyapti va zaruriy o‘zgarishlar hisoblanadi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflarni erkinlashtirish jarayonlari yakunlangach, ushbu omillarning inflatsiyaga ta’siri bosqichma-bosqich kamayishi kutilmoqda. Hozir esa Markaziy bank uchun asosiy vazifa birlamchi narx o‘zgarishlarining boshqa tovar va xizmatlar narxiga o‘tishining oldini olishdir.
«Bugungi stavkaning yana shu yuqori 14 foiz darajasida saqlanishining sabablari ham ikkilamchi ta’sirlarni muvozanatlashtirish. Ya’ni bu kutilmalarga o‘tmasligi yoki uning ta’sirlari uzoqroq inflatsiyaning barqaror komponentlariga o‘tib ketmasligi uchun».
Ochilovning ta’kidlashicha, tariflarni erkinlashtirish jarayonlari mantiqiy yakuniga yetgach, inflatsiyaga taklif omillarining ta’siri kamayadi. Shundan so‘ng tashqi shoklar va ichki talab bilan bog‘liq omillarning ahamiyati ortishi kutilmoqda.

Manba: Markaziy bank
«Ehtimoli yuqoriroq» — issiqlik tariflarining oshirilishi haqida
O‘zbekistonda issiq suv va isitish xizmatlari tariflarini 30 foizgacha oshirish masalasi hali uzil-kesil hal qilinmagan. Biroq Markaziy bank vakillari tariflar oshirilishi ehtimolini yuqori deb baholamoqda. Ushbu omil 2026-yilning yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozining 6,5 foizdan 7 foizga ko‘tarilishida ham hisobga olingan.
Matbuot anjumanida Vaqt.uz muxbiri isitish tariflarining 30 foizga oshirilishi haqidagi rejalar Markaziy bankning inflatsiya prognozlari va asosiy stavka bo‘yicha qarorlarida qay darajada hisobga olingani haqida savol berdi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning aytishicha, isitish tariflari va suyultirilgan gaz narxining oshishi bilan bog‘liq bir martalik inflyatsion ta’sirlar joriy prognozlarda inobatga olingan.
Uning ta’kidlashicha, tariflar oshishi aholi daromadlari va xarid qobiliyatiga salbiy ta’sirini yumshatish uchun hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ham e’lon qilingan. Jumladan, bazaviy me’yor 200 dan 300 gacha oshirilgan, belgilangan me’yordan ortiq iste’mol uchun esa ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga kompensatsiya berish nazarda tutilgan.
«Biz suyultirilgan gaz bo‘ladimi yoki isitish tariflarini oshirish bo‘ladimi, ularning bir martalik ta’sirlarini joriy prognozga inobatga olganmiz. Kelgusi yil prognozlariga ham e’lon qilingan barcha o‘zgarishlar kiritilgan. Shu nuqtai nazardan, prognozda 7 foiz deyilganda, barcha omillar hisobga olingan», — dedi Ochilov.
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov hozircha bu borada rasmiy qaror qabul qilinmaganini bildirdi.
«Yo‘q, bu bo‘yicha hali aniq qaror chiqmadi. Endi buni hukumat tomonidan chiqadi. O‘zi odatda bu kommunal to‘lovlari, issiq suv, sovuq suv, isitish xizmatlari bo‘yicha qarorlar hududiy hokimiyatlar tasarrufida bo‘lgan masala. Bu bo‘yicha qaror rasman e’lon qilingandan keyin u kuchga kiradi. Haligacha bizda bor ma’lumotlar bo‘yicha qaror qabul qilinmagan», — dedi u.
Shu bilan birga, Inog‘amov tariflar oshirilishi ehtimoli haqidagi savolga javoban:
«Ehtimoli yuqoriroq. Endi hokimga chiqarilgandan keyin uning ehtimoli yuqoriroq», — dedi.
Markaziy bank vakili isitish va issiq suv xizmatlari narxining oshirilishi dastlabki makroiqtisodiy prognozlarda ham hisobga olinganini ma’lum qildi. Biroq avvalgi hisob-kitoblarda tariflar o‘sishi hozir kutilayotgan darajadan pastroq bo‘lgan.
Samig‘jon Inog‘amovning tushuntirishicha, tariflarning qo‘shimcha oshishi yangi prognozlarga kiritilgan. Bu esa yil yakunidagi inflatsiya prognozining 6,5 foizdan 7 foizga ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan omillardan biri hisoblanadi.
«Dastlabki prognozimizda bu ko‘rsatkichni ancha pastroq olgan edik. Tariflarning oshgan qismi qo‘shimcha ravishda yangi prognozimizga kiritildi. Shuning uchun ham prognozni 6,5 emas, 7 foiz deb berdik. Umumiy inflyatsion tendensiya pasayayotganiga qaramasdan, prognozni oshirishimizning sababi shunda», — dedi u.

Manba: Markaziy bank
Asosiy stavka pasaysa, omonatlar foizi ham tushadimi?
Markaziy bank asosiy stavkani kelgusida pasaytirishga o‘tsa, bu tijorat banklaridagi depozit foizlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Bunday vaziyatda aholi omonatlarining daromadliligi sezilarli kamayishi ehtimoli haqidagi Vaqt.uz muxbiri savoliga Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Samig‘jon Inog‘amov javob berdi.
Uning tushuntirishicha, asosiy stavkaning pasayishi depozitlar bo‘yicha nominal foizlarga ta’sir qiladi. Biroq bu aholi jamg‘armalarining real daromadliligi ham kamayadi degani emas.
«Asosiy stavkani pasaytirishimiz nominal stavkalarga ta’sir qiladi. Agar inflatsiya barqaror pasayib, maqsadli ko‘rsatkichga yetish imkoniyatlari mustahkamlansa, bazaviy inflatsiyaning barqaror pasayish tendensiyasi davom etsa, bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham pasayib borsa, yumshatish fazasiga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi», — dedi Pul-kredit siyosati departamenti direktori.
Inog‘amovning ta’kidlashicha, pul-kredit siyosatini yumshatish birdaniga yoki katta qadamlar bilan amalga oshirilmaydi. Bu jarayon bosqichma-bosqich kechadi.
«Yumshatish fazasiga o‘tish ham katta qadamlar bilan emas, qisqa-qisqa qadamlar bilan, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda aholining depozitlari daromadliligi yuqori darajada saqlanib qoladi», — dedi Samig‘jon Inog‘amov.
Markaziy bank vakili nominal foiz stavkalari pasayishi mumkinligini inkor etmagan. Biroq uning fikricha, inflatsiya ham pasayib borgani sabab omonatlarning real daromadliligi yuqori darajada qolishi mumkin.
«Real qiymatda, ya’ni inflatsiyaning pasayishini hisobga olganda, daromadlilikning o‘sha real qiymatlari yuqori darajada bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, nominal foizlari pasayishi mumkin», — dedi Pul-kredit siyosati departamenti direktori.
Budjet taqchilligi inflatsiyaga bosim qilgan
Markaziy bank so‘nggi ikki yilda fiskal siyosat inflatsiya jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning tushuntirishicha, 2022–2023-yillarda davlat budjeti taqchilligining yuqori darajada shakllanishi narxlar oshishiga sezilarli bosim yaratgan. Joriy yilda esa vaziyat o‘zgargan — budjet ijrosida ijobiy saldo, ya’ni profitsit kuzatilmoqda.
Budjet taqchilligi davlat xarajatlari uning daromadlaridan ko‘p bo‘lgan holatni anglatadi. Bunday vaziyatda davlat o‘z xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qiladi. Agar iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar hajmi sezilarli oshib, tovar va xizmatlar taklifi bunga mos ravishda ko‘paymasa, iqtisodiyotda qo‘shimcha talab yuzaga kelishi mumkin. Talabning taklifdan tezroq o‘sishi esa narxlarga bosim o‘tkazadi.
Ochilov aynan budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi muvozanat inflatsiya jarayonlarida muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
«Budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi nisbat, boshqacha aytganda, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar va undan yig‘ib olinayotgan resurslar muvozanati inflatsiya jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Markaziy bank vakilining fikricha, fiskal taqchillikning qisqarishi va budjetning ayrim davrlarda profitsit bilan ijro etilishi inflatsiyani pasaytirishga yordam beradigan omillardandir. Chunqi davlat xarajatlari barqarorlashsa, iqtisodiyotga qo‘shimcha talab va narxlar bosimini yuzaga keltirish ehtimoli kamayadi. Bu esa Markaziy bank zimmasidagi inflatsiyani jilovlash vazifasini ham yengillashtiradi.
Ochilov fiskal va pul-kredit siyosati bir-birini to‘ldirishi zarurligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, budjet xarajatlari barqarorlashuvi va fiskal intizomning saqlanishi inflatsiyaga qarshi kurashish uchun monetar sharoitlarni qo‘shimcha ravishda qat’iylashtirish zaruratini kamaytirishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, kelgusida Markaziy bankka pul-kredit sharoitlarini bosqichma-bosqich yumshatish imkoniyatini kengaytiradi.
Bu masala asosiy stavka bo‘yicha qarorlar uchun ham muhim. Agar davlat xarajatlari va budjet taqchilligi inflyatsion bosimni kүchaytirmasa, Markaziy bank narxlar barqarorligini ta’minlash uchun pul-kredit siyosatini yanada qat’iylashtirishga kamroq ehtiyoj sezishi mumkin. Biroq bu asosiy stavka albatta pasaytiriladi, degani emas. Bunday qaror inflatsiya, inflyatsion kutilmalar va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili asosida qabul qilinadi.
Matbuot anjumanida inflatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish muddati 2027-yildan 2028-yilga ko‘chirilishi mumkinmi, degan savol ham berildi. Ochilovning aytishicha, Markaziy bank boshqaruvi pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishda bu muddatni qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutmagan. Amaldagi prognozga ko‘ra, inflatsiya 2027-yilning ikkinchi yarmida, yil oxiriga yaqin 5 foizlik maqsadga yetishi kutilmoqda.
«Ammo bugungi kunda 5 foizlik maqsadga erishish muddatini 2028-yilga ko‘chirish bo‘yicha qaror yoki reja yo‘q», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Shu bilan birga, u yil davomida yangi iqtisodiy ma’lumotlar va tendensiyalar shakllanishini, Markaziy bank esa har bir yig‘ilishda vaziyatni qayta baholab borishini bildirdi. Zarurat tug‘ilsa, prognozlar aniqlashtirilishi mumkin. Ochilov 5 foizlik maqsadga erishishda hukumat bilan hamkorlikdagi chora-tadbirlar ham muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Manba: Markaziy bank
Yoqilg‘i narxi oshsa ham, Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirishi mumkinmi?
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish sabablaridan biri sifatida yoqilg‘i narxlaridagi o‘zgarishlar va ularning inflatsiyaga ta’sirini qayd etdi. Biroq yoqilg‘i, elektr energiyasi va oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashganidan keyin narxlar ko‘pincha avvalgi darajasiga qaytmaydi. Jahon bozorida neft arzonlashgan davrlarda ham ichki bozorda yoqilg‘i narxining pasayishi har doim kuzatilmagan. Shu sharoitda asosiy stavkani kelgusida 13,5 foizgacha tushirish imkoniyati nimaga asoslanadi?
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilovning tushuntirishicha, asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qilishda faqat bugungi narxlar emas, balki ularning kelgusidagi dinamikasi, inflatsiya prognozi va kutilmalar ham hisobga olinadi. Yoqilg‘i narxi qanday o‘zgarishi mumkinligi va bunga javoban qanday choralar zarurligi ham baholanadi.
«Avvalo, asosiy stavka bo‘yicha qaror qabul qilishda faqat bugungi narx o‘zgarishlariga emas, balki ularning kelgusidagi dinamikasiga, inflatsiya prognoziga va kutilmalarga tayanamiz. Yoqilg‘i narxi qanday o‘zgarishi mumkinligi hamda unga javoban qaysi choralar zarur bo‘lishi baholanadi. Stavkani 14 foiz darajasida saqlash bo‘yicha bugungi qarorda ham ushbu omillar inobatga olingan», — dedi Ochilov.
Uning aytishicha, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatini baholashda inflatsiya va inflyatsion kutilmalar bilan bir qatorda real foiz stavkasi ham muhim. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 14 foizlik asosiy stavka bilan yil yakunidagi 7 foizlik inflatsiya prognozi o‘rtasida qariyb 7 foiz bandlik farq mavjud. Markaziy bank neytral real foiz stavkasini esa 5 foiz atrofida baholamoqda.
«Hisob-kitoblarimiz bo‘yicha neytral real foiz stavkasi 5 foiz atrofida baholanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, real stavkani ushbu darajaga yaqinlashtirish uchun taxminan 2 foiz bandlik imkoniyat borligi modellarimizda ko‘rinmoqda. Biroq bu asosiy stavkani hozirning o‘zida shuncha miqdorga tushirish haqidagi qaror yoki va’da emas», — deya ta’kidladi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
Ochilov stavkani pasaytirish hozircha boshlanmaganini inflatsiyaning boshqa tarkibiy qismlarida ham barqaror pasayish kuzatilishi zarurligi bilan izohladi. Ya’ni yoqilg‘i narxining o‘zgarishi asosiy stavka bo‘yicha qarorda hisobga olinadigan omillardan biri, ammo yagona omil emas.
Markaziy bank vakili energiya va yoqilg‘i narxlarining dastlabki, bevosita ta’siri bilan ularning iqtisodiyotdagi boshqa tovar va xizmatlar narxlariga o‘tishini farqlash kerakligini aytdi. Masalan, neft yoki benzin narxining dastlabki oshishini pul-kredit siyosati orqali bevosita to‘xtatib bo‘lmaydi. Biroq bu o‘sish transport, logistika, yuk tashish va boshqa xizmatlar narxiga qanchalik tez hamda qanday miqyosda o‘tishi kuzatilishi kerak.
«Biz, masalan, neft yoki benzin narxining birlamchi oshishini pul-kredit siyosati orqali bevosita to‘xtata olmaymiz. Lekin bu o‘sish transport, logistika, yuk tashish va boshqa xizmatlarning narxiga qanchalik tez hamda qanday miqyosda o‘tishini kuzatishimiz zarur», — dedi Ochilov.
Uning tushuntirishicha, yoqilg‘i narxining oshishi boshqa xizmatlar narxiga bir xil darajada ta’sir qilmaydi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va raqobat sharoitlari ham muhim. Agar muayyan xizmatga talab yuqori bo‘lsa, xarajatlarning narxlarga o‘tishi kuchliroq bo‘lishi mumkin.
Ochilov bu holatni taksi xizmatlari misolida tushuntirdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi taksi tariflari bir necha yil oldingisidan farq qiladi. Biroq bu o‘zgarishlarda faqat yoqilg‘i xarajatlari emas, balki yangi agregatorlarning bozorga kirishi, raqobat va turli biznes modellari ham rol o‘ynagan. Ayrim holatlarda yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishi ilgari bozorda yetakchi bo‘lgan agregatorlarni ham narxlarini pasaytirishga majbur qilgan.
«Asosiy fikr shuki, birlamchi xarajat oshishi har doim boshqa barcha narxlar ham aynan shuncha oshishi degani emas», — dedi Markaziy bank vakili.
Ochilov narxlar hech qachon pasaymaydi, degan fikrni barcha mahsulot va xizmatlarga tatbiq etib bo‘lmasligini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, iste’mol narxlari savatida 517 ta tovar va xizmat pozitsiyasi mavjud. Savatning qariyb 40 foizini xizmatlar tashkil etadi. Ularning barchasida narxlar bir vaqtda va bir xil sur’atda o‘zgarmaydi: ayrim xizmatlarda narx o‘sishi sekinlashishi, boshqalarida esa pasayish kuzatilishi mumkin.
Markaziy bank vakili bunga misol sifatida valuta bozoridagi o‘zgarishlarni keltirdi. Uning aytishicha, avval dollar kursi 12 700–12 800 so‘mgacha ko‘tarilgan davrlar bo‘lgan, keyingi davrda esa kursning pasayishi kuzatilgan. Bu narxlar va kutilmalar doim bir yo‘nalishda harakatlanmaydi, degan fikrni ko‘rsatadi. Import bilan bog‘liq ayrim nooziq-ovqat tovarlarida ham narxlar o‘sishi umumiy inflatsiyadan pastroq shakllanmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha esa vaziyat murakkabroq. Ochilov ayrim guruhlarda narxlar sezilarli oshayotganini inkor etmadi. Shu bilan birga, ayrim mahsulotlarda narx pasayishi ham kuzatilishi mumkinligini o‘simlik yog‘i misolida tushuntirdi.
«Pandemiyadan keyingi davrda o‘simlik yog‘ining bir litri 30–35 ming so‘mgacha qimmatlashgan paytlar bo‘lgan. Keyinchalik bozorda bir litri 18–19 ming so‘m yoki 22 ming so‘m atrofidagi mahsulotlar ham taklif etila boshlandi. Bu ham ayrim tovarlarda narx pasayishi mumkinligini ko‘rsatadi», — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, bunday o‘zgarishlarda import sharoitlari va raqobat muhim ahamiyatga ega. Bozor ochiq bo‘lsa va bojxona tariflari to‘siq darajasiga chiqmasa, ichki bozorda biror mahsulot qimmatlashganida uni boshqa ishlab chiqaruvchi yoki hamkor mamlakatlardan olib kirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Taklifning ko‘payishi esa narxni muvozanatlashtirishga yordam berishi mumkin.
Markaziy bank vakili ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, xususan, go‘sht narxlari bo‘yicha vaziyat murakkabroq ekanini ham qayd etdi. Bu yo‘nalishda transport xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlari va boshqa yengilliklar ko‘zda tutilgan. Biroq bunday choralarning ta’siri namoyon bo‘lishi uchun vaqt kerak. Ochilov parranda go‘shti narxining nisbatan barqaror shakllanishida parrandachilikdagi o‘zgarishlar ham rol o‘ynayotganini aytdi.
Umumiy iste’mol savatidagi narxlar dinamikasi haqida gapirar ekan, Ochilov mahsulotlarning katta qismida narxlar o‘sish sur’ati sekinlashganini bildirdi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, savatdagi pozitsiyalarning 70–75 foizida narxlar o‘sish sur’ati pasaygan.
«Bu barcha narxlar tushgan degani emas: ularning bir qismida narx oshishi davom etayotgan bo‘lsa-da, oldingiga nisbatan sekinroq oshmoqda. Shu jihatdan narxlar darajasi pasayishi bilan inflatsiya sur’ati sekinlashishini farqlash muhim», — deya izoh berdi u.
Ochilovning yakuniy izohiga ko‘ra, Markaziy bankning asosiy vazifasi yoqilg‘i yoki boshqa mahsulotlar narxining dastlabki o‘zgarishini to‘xtatish emas, balki uning iqtisodiyotdagi boshqa tovar va xizmatlar narxlariga ikkilamchi ta’siri kengayib ketishining oldini olish hamda muvozanatli pul-kredit sharoitlarini saqlashdan iborat. Shu sababli asosiy stavkani kelgusida pasaytirish masalasi faqat yoqilg‘i narxiga emas, balki inflatsiyaning boshqa tarkibiy qismlari, talab, raqobat va narxlar o‘sish sur’atlarining barqaror pasayishiga ham bog‘liq.
Теглар






