Logo

Konditsionerlar Yevropada «siyosiy qurol»ga aylanmoqda

Бугун 08:302 дақиқа

Yevropada rekord darajadagi issiq havo fonida konditsionerlar atrofida siyosiy bahslar kuchaydi. Partiyalar hukumatlarni cheklovlar uchun tanqid qilmoqda.

Konditsionerlar Yevropada «siyosiy qurol»ga aylanmoqda

Yevropada kuzatilayotgan anomal issiqlik va uning oqibatlari konditsionerlarni siyosiy muhokamalar markaziga olib chiqdi. Bu haqda «The Guardian» nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, so‘nggi haftalarda ayrim siyosiy kuchlar hukmron partiyalarni ekologik talablar sababli binolarga konditsioner o‘rnatish jarayonlarini qiyinlashtirishda ayblamoqda.

Germaniyada 28-iyun kuni 41,7 darajali harorat qayd etilganidan keyin «Germaniya uchun muqobil» partiyasi vakili Mark Bernxard iqlim siyosati qurilish sohasida noto‘g‘ri qarorlarga olib kelayotganini aytdi.

Siyosiy bahs

Bernxardning ta’kidlashicha, konditsionerlardan voz kechish kabi yondashuvlar jazirama bilan bog‘liq o‘lim holatlari ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, ilgari binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida qayta ta’mirlanishiga qarshi chiqqan hamda shamol turbinalari va quyosh batareyalari qurilishiga to‘sqinlik qilishga uringan Fransiyaning o‘ng qanot «Milliy kengash» partiyasi ham iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash siyosatini tanqid qilgan holda konditsionerlarni o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan.

«The Guardian» qayd etishicha, jaziramadan faqat Yevropa aziyat chekayotgani yo‘q — Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham rekord darajadagi harorat kuzatilmoqda. Biroq u yerdagi uylarning qariyb 90 foizi konditsionerlar va boshqa sovutish tizimlaridan foydalanadi.

Xitoy konditsionerlariga talab keskin oshgan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Yevropani eng tez isiyotgan qit’a deb atadi. Uning aytishicha, avval «bir avlodda bir marta» kuzatilgan issiqlik to‘lqinlari endi deyarli har yili sodir bo‘lmoqda.

«Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyun oyidagi rekord darajadagi issiq havo Yevropada Xitoyda ishlab chiqarilgan mobil konditsionerlarga talabni keskin oshirib yuborgan.

Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa uy xo‘jaliklarining taxminan 20 foizida konditsioner mavjud.

«Bloomberg» nashrining qayd etishicha, bu holat Yevropa mamlakatlarida uylarga katta o‘lchamdagi konditsionerlarni o‘rnatish bo‘yicha mavjud turli cheklovlar bilan ham bog‘liq.

Теглар

Мавзуга оид