Kusherboyev sudda yutqazdi, Qizilqum cho‘lida yangi yirik ko‘l paydo bo‘ldi, Toshkent hokimi aholiga hisobot berdi, «Svet», gaz va metan narxi oshdi
Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa voqea-hodisalar tafsiloti bilan VAQT.UZ dayjestida batafsil tanishing.
Kusherboyev sudda yutqazdi
Bu haftaning eng shov-shuvli va ko‘p muhokama qilingan masalalaridan biri Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maslahatchisi Rasul Kusherboyevning yonilg‘i quyish shoxobchalarida naqd pul to‘lovi cheklanishi bo‘yicha kiritgan da’vosi bo‘ldi. 3-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud qaroriga ko‘ra, uning shikoyati rad etildi.
Ushbu nizo 2026 yil 1-apreldan kuchga kirishi belgilangan prezident farmoni bilan bog‘liq bo‘lib, unga muvofiq O‘zbekistonda bir qator tovar va xizmatlar, jumladan kommunal to‘lovlar, alohida turdagi mahsulotlar savdosi, shuningdek, yonilg‘i quyish shoxobchalarida ham asosan naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tish amaliyoti joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Rasmiy izohlarga ko‘ra, bu qaror raqamli to‘lovlar ulushini oshirish, hisob-kitoblarni shaffoflashtirish va moliyaviy tizimni zamonaviylashtirish maqsadida qabul qilingan.
Kusherboyev ayrim AYQSHlarda naqd pul qabul qilish cheklanganini qonunga zid deb baholab, sudga murojaat qilgan edi. Sud jarayonida davlat idoralari va vakolatli tashkilotlar vakillari ishtirok etib, mavjud tartiblar qonuniy va iqtisodiy jihatdan asoslanganini bildirishdi.
Shunga qaramay, ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarga sabab bo‘lmoqda. Fuqarolarning bir qismi naqdsiz to‘lov tizimining kengayishi ayrim sohalarda, xususan taksi xizmati va kundalik hisob-kitoblarda qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
«Svet», gaz va metan narxi oshdi
Tugayotgan haftaning birinchi kuni O‘zbekistonda elektr energiyasi, tabiiy gaz va metan narxlarining oshishi bilan boshlandi. 1-iyundan kuchga kirgan yangi tariflarga ko‘ra, aholi uchun elektr energiyasining 200 kVt/soatgacha bo‘lgan qismi 600 so‘mdan 650 so‘mga, tabiiy gazning limit doirasidagi narxi esa 1000 so‘mdan 1100 so‘mga oshirildi. Limitdan yuqori iste’mol uchun qo‘llanadigan tariflar ham o‘zgardi.
Shuningdek, ayrim hududlarda metan narxi 8,5–10 foizgacha ko‘tarildi. Xususan, Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahridagi ayrim shoxobchalarda bir kub metr metan 5700–5750 so‘mdan sotila boshladi. Energetika vazirligi bu holatni energiya resurslari tariflarining oshirilishi bilan izohladi.
Narxlar oshishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. E’tiborlisi, Energetika vazirligi mutasaddilari tariflar oshirilishini aholini energiyadan oqilona va tejamkor foydalanishga undaydigan chora sifatida baholamoqda. Vazirlik vakili Elbek Saidovning ta’kidlashicha, qimmatlashuv orqali iste’molchilarda keraksiz yoritish va ortiqcha energiya sarfini kamaytirish kabi odatlarni shakllantirish maqsad qilingan.
Toshkent hokimi aholiga hisobot berdi
Bu hafta Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov OAV vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda qurilishlardagi chang va ekologik me’yorlarga rioya qilish bo‘yicha yangi qat’iy tartiblar joriy etilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, VAQT.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga murojaat qilib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 21-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektorda drenaj tizimi tanqid qilingani, shundan so‘ng 22-oktabrda suv toshqinlariga qarshi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 6 mlrd so‘m ajratilgani hamda 2026-yil 3-may kuni Chorsu metro bekatida yuz bergan holat ushbu ishlarning samaradorligi yuzasidan savollar uyg‘otayotgani haqida izoh so‘radi. Hokim bu yo‘nalishda qo‘shimcha ishlar olib borilayotganini bildirdi.
«Chorsuda suv toshganining sababi, u yerda davlatning aybi bor, qaramagan. Mana undan keyin yana yomg‘ir yog‘di, nega suv toshmadi? Nima deb o‘ylaysiz? Chunki ariqni ochib qo‘ydik. Ariq ochiq edi, undan oldin yomg‘ir yog‘ganda toshmagan. Ariqni yopib qo‘yishdi-da. Ariqni yopib qo‘ygandan keyin suv toshdi. Yana ochib qo‘ydik, yana suv tizimi ishlab ketdi», – dedi shahar hokimi.
Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri suv tizimini boshqaradigan markaz tashkil qilish bo‘yicha prezidentga taklif kiritganini aytdi. Shuningdek, hokim yaqinda shu masalada Xitoyga borib, 400 million dollarga investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishib kelganini qo‘shimcha qildi.
Energetika tizimi va qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida issiqlik va elektr tarmoqlarini yangilash, quvvatni oshirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlari davom etayotgani qayd etildi.
«U sharoitda yashash mumkinligiga hech kim ishonmaydi» – Mirziyoyev paxta terimi yillarini esladi
Ortda qolayotgan haftada prezident Shavkat Mirziyoyev sovet davridagi paxta terimi amaliyoti haqidagi fikrlari bilan jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvda davlat rahbari maktab yillarida har yili qariyb 4,5 oy paxta terimiga jalb qilinganini eslab o‘tdi. Uning aytishicha, shu sababli attestatida 11 yillik ta’lim qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda maktabda o‘tkazgan vaqti taxminan 7 yilga to‘g‘ri kelgan.
Prezident Zomin tumanida ulg‘aygani, bu hudud paxtachilik bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, o‘quvchilarni yuzlab kilometr uzoqlikdagi paxta dalalariga olib borishganini ta’kidladi. Mirziyoyevning qayd etishicha, bugungi kunda ko‘pchilik o‘sha davrdagi yashash va mehnat sharoitlarini tasavvur qilishi qiyin.
Davlat rahbarining bu chiqishi sovet davrida o‘quvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi va uning ta’lim jarayoniga ta’siri haqidagi muhokamalarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
Qizilqum cho‘lida yangi yirik ko‘l paydo bo‘ldi
Buxoro viloyati Peshku tumani, Gazli shaharchasi shimolida joylashgan «Sho‘rbuloq» maydonida oxirgi yarim yilda me’yordan uch baravar ko‘p yog‘ingarchilik kuzatildi. Natijada ilgari suvsiz hisoblangan hududda katta ko‘l shakllandi.
Ekologik partiya matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda suv havzasining umumiy maydoni taxminan 80 kvadrat kilometrni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich hududdagi yirik suv omborlari bilan qiyoslanadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ko‘lning paydo bo‘lishiga faqat yog‘ingarchilik emas, balki gidrotexnik ishlar ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida qazilgan kanallar va sizot suvlarning yo‘naltirilishi, shuningdek 126 kilometrlik kollektor tizimi orqali suv oqimi muhim omil bo‘lgan.
O‘zbekistonda go‘sht narxi o‘sishda davom etmoqda
O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari narxi so‘nggi haftalarda bosqichma-bosqich o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bankning narxtahlil.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 20–26-may kunlari mamlakat bo‘yicha mol go‘shti o‘rtacha 121 040 so‘mdan 121 762 so‘mgacha qimmatlashib, 0,6 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan. Qo‘y go‘shti narxi ham 132 379 so‘mdan 132 880 so‘mgacha ko‘tarilgan. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, mol go‘shti narxi 1,75 foizga oshgan, Qoraqalpog‘istonda esa qo‘y go‘shti 1,31 foizga qimmatlashgan.
Toshkentdagi “Eski juva” bozorida mol go‘shtining ulgurji narxi 75 mingdan 106 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti esa 90 mingdan 130 ming so‘mgacha shakllangan. Supermarketlarda esa go‘sht turiga qarab narxlar 125 990 so‘mdan 205 990 so‘mgacha yetib bormoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston go‘sht narxlari nisbatan yuqori ekani kuzatilmoqda: Qozog‘istonda mol go‘shti o‘rtacha 91 ming so‘m atrofida, Qirg‘izistonda 107 ming so‘mga yaqin, Tojikistonda esa 120–132 ming so‘m oralig‘ida shakllangan.
O‘zbekistondagi AES qurilishiga rasman start berildi
Yakunlanayotgan haftaning eng muhim iqtisodiy voqealaridan biri O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi ishlariga rasman start berilgani bo‘ldi.
Loyihaga start berish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi. Teleko‘prik orqali Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi ham marosimga qo‘shildi. Davlat rahbari mazkur loyihani qo‘llab-quvvatlayotgan xalqaro hamkorlar hamda qurilishda ishtirok etayotgan mutaxassislarga minnatdorlik bildirdi.
Rasmiylarga ko‘ra, atom elektr stansiyasi loyihasi mamlakatning texnologik va sanoat rivojida yangi bosqichni boshlab berishi, shuningdek, O‘zbekistonda atom energetikasi sohasiga asos solishi kutilmoqda. Loyihada kichik modulli reaktorlar va zamonaviy energetika texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, stansiya kelajakda mamlakatning o‘sib borayotgan elektr energiyasi ehtiyojini qoplash va energetika manbalarini diversifikatsiya qilishda muhim o‘rin tutadi.
May oyida so‘m dollarga nisbatan 0,5 foizga qadrsizlandi
Aprel oyida qisqa muddatli mustahkamlanish kuzatilganidan so‘ng, may oyida o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan yana bosim ostida qoldi va oy davomida 0,5 foizga qadrsizlandi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, bu aprelda kuzatilgan qariyb 2 foizlik mustahkamlanishdan keyingi teskari dinamika hisoblanadi.
Tahlillarda qayd etilishicha, may oyida dollarning kuchayishi faqat so‘mga emas, balki jahonning ko‘plab valutalariga ham ta’sir qilgan. Masalan, Qozog‘iston tengesi dollarga nisbatan 5 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, Rossiya rubli aksincha 5,1 foizga mustahkamlangan. Yirik valutalardan yevro va funt sterling 0,5–1,4 foiz oralig‘ida arzonlashgan.
Shu bilan birga, oy davomida so‘mning kunlik tebranish darajasi 0,31 foizni tashkil etib, aprelga nisbatan oshgan, ammo 2025 yilning mos davriga qaraganda baribir pastroq volatillik saqlangan.
2018 yildan keyin qurilgan noqonuniy uylar taqdiri qanday bo‘ladi?
O‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarda 2018-yilgacha va 2018-yildan keyin qurilgan uylarning huquqiy taqdiri masalasi dolzarb mavzulardan biri. Bu hafta “Vaqt.uz” aynan shu mavzuda Davlat kadastrlari palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Nozim Inomovga murojaat qilib, rasmiy izoh oldi.
Unga ko‘ra, 2018 yilning 1-may sanasigacha o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtiriladi. Ammo, 1-maydan keyin noqonuniy qurilgan turar joylar uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaydi va ularga huquqiy asos berilmaydi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda aholi soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, yer maydoni kengaymayapti, shuning uchun mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish zarur. Shu bilan birga, avval ham noqonuniy qurilmalarni legallashtirish bo‘yicha bir necha marotaba amaliyotlar o‘tkazilgan.
Biroq, 2018 yildan keyin qurilgan binolar bo‘yicha bunday yondashuv qo‘llanilmaydi. Rasmiylarga ko‘ra, aniq muddatsiz yangi “imtiyozlar” berish noqonuniy qurilishlarni ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
Теглар






