Markaziy bank bank va to‘lov tashkilotlarini bankomat pul yechmagan holatlarni xolis tekshirishga chaqirdi
Regulyator bankomat orqali naqd pul olinmagan bo‘lsa-da, mijozning bank kartasidan mablag‘ yechib olinishi bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqishda banklar va to‘lov tashkilotlari amal qilishi lozim bo‘lgan talablarni belgiladi.
© Foto: kursivMarkaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlarini bankomat orqali pul yechilmagani, biroq mijozning bank kartasidan mablag‘ hisobdan chiqarilgani bilan bog‘liq murojaatlarni xolis va har tomonlama tekshirishga chaqirdi.
Regulyatorning qayd etishicha, so‘nggi vaqtlarda fuqarolardan kartadan pul yechilgan, lekin bankomat naqd pulni bermaganligi to‘g‘risida murojaatlar ko‘paygan. Shu paytgacha to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar bunday vaziyatlarda odatda operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini ko‘rsatuvchi elektron jurnallar va texnik ma’lumotlargagina tayanib kelgan. Ammo, ayrim holatlarda bankomatlardan foydalanishning texnik talablariga rioya qilinmagani va zarur ma’lumotlar saqlanmagani sababli, naqd pul haqiqatan ham mijozga berilganini ishonchli tasdiqlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.
Shu sababli, Markaziy bank barcha banklar va to‘lov tashkilotlariga bankomatlar hamda o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qurilmalaridan foydalanishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishni eslatdi. Ushbu talablar o‘z ichiga texnik va ichki nazoratni to‘g‘ri tashkil etish, operatsiyalar natijalarini aniq qayd qilish hamda zarur ma’lumotlarni xavfsiz saqlashni oladi.
«Mazkur talablar shunchaki rasmiyatchilik emas, balki xizmatlarning ishonchli ko‘rsatilishi, qoidabuzarliklarning oldini olish hamda iste’molchilarning mulkiy manfaatlarini himoya qilishning zarur shartidir», — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Muammoni tekshirishning yangi tartibi va iste’molchi huquqlari
Regulyator tomonidan belgilangan yangi tartibga ko‘ra, nizoli vaziyatlarni ko‘rib chiqishda faqat elektron tizimdagi qaydlarga tayanish yetarli emas. Banklar va to‘lov tashkilotlari endilikda faqat dasturiy xulosa bilan cheklanmay, balki quyidagilar asosida tekshiruv o‘tkazishi lozim:
— Elektron jurnallar va texnik ma’lumotlar;
— Bankomatdagi naqd pul qoldig‘ini inkassatsiya vaqtida solishtirish natijalari;
— To‘lov infratuzilmasi ishtirokchilarining qo‘shimcha ma’lumotlari;
— Bankomat va uning atrofidagi kuzatuv kameralarining videoyozuvlari.
Shuningdek, tashkilotlar majburiy talablarga rioya qilmaslik holatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasligi kerakligi qat’iy uqtirildi. Agar bank yoki to‘lov tashkilotining o‘z qoidabuzarligi (masalan, kamera ishlamasligi yoki tizimdagi nosozlik) nizoli holatni xolis aniqlashga to‘sqinlik qilsa, buning oqibatlari va zararni iste’molchi zimmasiga yuklashga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Agar operatsiya lozim darajada bajarilmagani aniqlansa, aybdor tashkilot iste’molchining buzilgan mulkiy huquqlarini darhol tiklashi va pulni qaytarib berishi shart.
Tekshiruvlar yakuniga yetgach, mijozga aniqlangan barcha holatlar va xizmat ko‘rsatuvchining xulosasi shakllanishiga asos bo‘lgan dalillar ochiq ko‘rsatilgan rasmiy javob xati yuborilishi kerak.
Markaziy bank qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda ularning xususiyati va oqibatlarini, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni hisobga olgan holda, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan nazorat va javobgarlik ta’sir choralarini qo‘llashini bildirdi.
Teglar: Markaziy bank, bankomat, bank, to‘lov, karta, iste’molchi
SEO title: Bankomat pul bermasa, bank mablag‘ni qaytarishi shart
Meta description: Markaziy bank bankomat pul bermagan holda kartadan mablag‘ yechilishi bo‘yicha murojaatlarni tekshirish va mijoz huquqlarini tiklash talablarini belgiladi.





