Markaziy Osiyo davlatlari sug‘orish mavsumida qancha suv ishlatishi mumkin?
O‘zbekiston uchun Sirdaryo bo‘yicha 2026-yilgi vegetatsiya davrida 8,8 milliard kub metr, Amudaryo bo‘yicha 16,02 milliard kub metr suv ajratilgan.
© Foto: dwk.kg6-avgust kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining 94-yig‘ilishida Sirdaryo va Amudaryo bo‘yicha suv taqsimoti, shuningdek, «Bahri Tojik» suv omborining ish rejimi muhokama qilindi. Bu haqda «Asia-Plus» xabar berdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri 2026-yilgi sug‘orish mavsumida Sirdaryo va Amudaryo havzalarida avval kelishilgan suv olish limitlariga rioya etilishi hamda suv omborlarining ish rejimini bajarish masalasi bo‘ldi.
94-yig‘ilishda yangi suv limitlari tasdiqlanmadi. Ular avvalroq, 10-aprel kuni Buxoroda o‘tgan komissiyaning 93-yig‘ilishida kelishilgan edi. Navbatdagi uchrashuvda davlatlar sug‘orish mavsumi davomida ushbu kelishuvlar qanday bajarilayotganini baholadi. Shuningdek, kun tartibidan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitlari qarorlarini amalga oshirish masalalari ham o‘rin oldi.
Sirdaryo bo‘yicha 2026-yilgi vegetatsiya davri uchun umumiy suv olish limiti 11,884 milliard kub metr etib belgilangan. Shundan Tojikiston uchun 1,905 milliard kub metr, O‘zbekiston uchun 8,8 milliard kub metr, Qozog‘iston uchun 909 million kub metr va Qirg‘iziston uchun 270 million kub metr ajratilgan.
Amudaryo bo‘yicha esa 1-apreldan 1-oktabrgacha bo‘lgan davr uchun 39,772 milliard kub metr suv rejalashtirilgan. Tojikiston limiti 7,052 milliard kub metrni tashkil etadi. Turkmanistonga 15,5 milliard kub metr, O‘zbekistonga 16,02 milliard kub metr ajratilgan. Yana 2,1 milliard kub metr suv Amudaryo deltasi va Orol dengizi uchun belgilangan.
Tojikiston uchun Sirdaryodagi «Bahri Tojik» suv omborining ish rejimi ham muhim ahamiyatga ega. May oyida Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston 2026-yil iyun–avgust oylarida suv omborining ishlash tartibini alohida kelishib olgandi. Qozog‘iston tomoni ushbu kelishuvlar Turkiston viloyatining Maxtaaral va Jetisay tumanlaridagi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini suv bilan ta’minlashga xizmat qilishini ma’lum qilgan. Shu bois avgust oyidagi yig‘ilish Tojikiston uchun belgilangan suv limitlariga amal qilinishi hamda sug‘orish mavsumi qizg‘in pallada «Bahri Tojik» suv ombori faoliyatini qo‘shni davlatlar bilan muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birlashtiradi hamda mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishni muvofiqlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoda Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv me’yordan kamligi sabab, kelgusi vegetatsiya mavsumida suv tanqisligi ehtimoli borligi haqida yozgan edik.





