«Mutlaq kambag‘allik» nollashtiriladi: aniq maqsadmi yoki statistika o‘yini?

O‘zbekiston 2030-yilgacha mutlaq kambag‘allikni nolga tushirishni rejalamoqda. Biroq kambag‘allikni hisoblash mezonlari va minimal iste’mol xarajatlari atrofidagi savollar bu maqsad qanchalik real ekaniga shubha uyg‘otmoqda.

«Mutlaq kambag‘allik» nollashtiriladi: aniq maqsadmi yoki statistika o‘yini?

O‘zbekiston 2030-yilgacha minimal iste’mol xarajatlari asosida hisoblanadigan «mutlaq kambag‘allik» darajasini 0 foizga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan Prezident farmonida ma’lum qilingan.

1

E’tiborli jihati, birinchi marta hujjatlarda minimal iste’mol xarajatlari qiymati «mutlaq kambag‘allik» ko‘rsatkichi bilan ifodalanmoqda. Xususan, hukumatning «Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, minimal iste’mol xarajatlari «mutlaq kambag‘allik» emas, «kambag‘allik» mezoni etib belgilangan.

Bir qarashda bu juda katta ijtimoiy maqsaddek ko‘rinadi. Ammo kambag‘allik darajasi qanday hisoblanishi va uning chegarasi qayerda belgilanishi masalasi bu raqamlarga boshqacha qarashga ham majbur qiladi.

Kambag‘allik qanday hisoblanadi?

Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, kambag‘allik darajasi minimal iste’mol xarajatlari orqali aniqlanadi. Ya’ni odamning oylik daromadi shu chegaradan past bo‘lsa, u kambag‘al hisoblanadi.

2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m etib belgilandi. Bu ko‘rsatkich belgilangan muddatdan 43 kun kechikib e’lon qilindi. Avvalgi ko‘rsatkich 669 ming so‘m edi. Qizig‘i, 2024-yilda ham ko‘rsatkich belgilangan muddatdan kech e’lon qilingan edi.

Ammo bu yerda muhim savol paydo bo‘ladi: minimal iste’mol xarajatlari real hayotdagi narxlar bilan qanchalik mos?

2025-yilda rasmiy inflatsiya 7,3 foiz bo‘lgan. Oxirgi marta minimal iste’mol xarajatlari 2025-yil fevralda indeksatsiya qilinganidan buyon yig‘ilgan inflatsiya esa kamida 7,5–8 foiz atrofida baholanadi. Shunga qaramay, yangi ko‘rsatkich atigi 6,88 foizga oshirilgan.

Demak, minimal iste’mol xarajatlari yana inflatsiyadan past sur’atda oshirilgan. Ya’ni bozordagi narxlar tezroq qimmatlashayotgan bir paytda, kambag‘allikni hisoblash uchun olinadigan minimal chegaraning o‘zi undan sekin oshirilmoqda.

Raqamlar nimani ko‘rsatmoqda?

Milliy statistika qo‘mitasi va Jahon banki kuzatuvlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,1 foiz punktga pasayib, 5,8 foizni tashkil etgan.

Bir yil davomida 302 ming ehtiyojmand oila kambag‘allikdan chiqarilgan.

Hududlar kesimida ham sezilarli pasayish qayd etilgan. Masalan, Jizzax viloyatida kambag‘allik 11,8 foizdan 5,8 foizga, Xorazmda 11,9 foizdan 6,7 foizga, Sirdaryoda 11,3 foizdan 6,2 foizga tushgan. Qoraqalpog‘istonda esa ko‘rsatkich 10,8 foizdan 6,6 foizga kamaygan.

Toshkent shahrida esa kambag‘allik darajasi 7,3 foizdan 3,5 foizgacha kamaygan.

Shaharlarda kambag‘allik darajasi 5,2 foizni, qishloqlarda esa 6,4 foizni tashkil etgan.

Bugungi kunda mamlakatda kambag‘al aholi soni 2,2 million nafar deb baholanmoqda. Ularning eng katta qismi Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Kambag‘allik ko‘rsatkichi yildan yilga quyidagicha bo‘lmoqda:

  • 2022 yilda 14 foiz;

  • 2023 yilda 11 foiz;

  • 2025 yilda 5,8 foiz.

Kambag‘allik darajasi 2,8 foizgacha tushiriladi

3

2026-yil uchun yanada keskinroq maqsad qo‘yilmoqda. Rejaga ko‘ra, kambag‘allik darajasi 2,8 foizgacha, ishsizlik darajasi esa 4,5 foizgacha tushirilishi kerak.

Avvalroq Prezident Murojaatnomasida ham kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha kamaytirish vazifasi e’lon qilingan edi.

2025-yil yakunlari bilan rasmiy statistikada ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushgani aytilmoqda. Kambag‘allik esa 8,9 foizdan 5,8 foizga pasaytirilgan.

«Chegara past bo‘lsa, statistika ham yaxshi chiqadi»

Statistikada ko‘rsatkichlar pasaymoqda, ammo hanuz kambag‘allik hisoblashda ko‘p o‘lchovli kambag‘allik ko‘rsatkichlariga amal qilinmaydi. Bu esa xiralashgan manzarani ko‘rsatadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, minimal iste’mol xarajatlari yetarlicha indeksatsiya qilinmasa, kambag‘allik statistikasini sun’iy ravishda pasaytirish osonlashadi.

«Minimal iste’mol xarajatlarini qancha muddat indeksatsiya qilmay tursangiz, nafaqat kambag‘allik darajasini 2,8 foizga tushirish mumkin, balki “kambag‘allik sinf sifatida tugatildi” deb ham e’lon qilib yuborsa bo‘ladi», — deb yozmoqda Bakirov blogida.

«Avval iqtisod…» dasturida ham iqtisodchi kambag‘allik o‘lchovi respublika bo‘yicha bir xil belgilanmasligi kerakligini aytgan edi. Xususan, Toshkent shahri bilan Bo‘zatov, Shumanay yoki Sheroboddagi yashash sharoiti, narxlar va daromadlar keskin farq qiladi.

Iqtisodchiga ko‘ra, agar kambag‘allik pul orqali o‘lchanadigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich kamida inflatsiya darajasidan yuqori sur’atda indeksatsiya qilinishi lozim. Aksincha, so‘nggi yillarda minimal iste’mol xarajatlari inflatsiyadan past darajada oshirib kelinmoqda. Bu esa kambag‘allik chegarasini sun’iy ravishda pastga tushiradi.

Shuningdek, minimal iste’mol xarajatlari tarkibida ayrim muhim majburiy xarajatlar hisobga olinmagan. Masalan, yer va mol-mulk soliqlari so‘nggi yillarda 25–30 foizga indeksatsiya qilingan bo‘lsa-da, soliq xarajatlari kambag‘allik o‘lchoviga kiritilmagan.

Eng muhimi, kambag‘allik faqat daromad bilan o‘lchanmasligi kerak. Gazlashmagan xonadonlar qish faslida ko‘mir va o‘tin uchun katta mablag‘ sarflaydi. Bozor narxlarida bir tonna sifatli ko‘mir 1,5–2 million so‘m atrofida. Ichimlik suvi masalasida ham katta tafovutlar mavjud: ayrim hududlarda aholi suvning bir tonnasini 15 ming so‘mdan sotib olishga majbur.

Shu bois iqtisodchi kambag‘allikni ko‘p o‘lchovli tizim asosida baholashga o‘tish zarurligini qayd etadi. Energiya ta’minoti, suv imkoniyati, iqlim omillari va majburiy to‘lovlar kabi ko‘rsatkichlar pul o‘lchoviga qo‘shimcha tarzda inobatga olinishi lozim.

Bundan tashqari, minimal iste’mol xarajatlari faqat statistik ko‘rsatkich emas — qator ijtimoiy to‘lovlar ham aynan shu mezonga bog‘langan.

Ya’ni ayrim nafaqalar va ijtimoiy yordamlar minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun bu ko‘rsatkich qanchalik past bo‘lsa, davlatning ijtimoiy to‘lovlari ham shunchalik kam bo‘lishi mumkin.

«Balkim shu yo‘l bilan ijrochilar O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini ma’muriy ravishda past ko‘rsatishni va budjet xarajatlarini aynan kambag‘al qatlamlarga beriladigan to‘lovlar hisobidan qisqartirishni ma’qul ko‘rayotgandir», — deya yozadi iqtisodchi.


Ijtimoiy xarajatlar kamaymoqda, boshqaruv xarajatlari oshmoqda

Bakirov fikricha, so‘nggi yillarda yana bir tendensiya kuzatilmoqda — ijtimoiy xarajatlar qisqarib borayotgan bir paytda davlat boshqaruvi xarajatlari esa o‘sishda davom etmoqda.

Masalan, 2025-yilda davlat boshqaruvi va hokimiyat organlari, vazirlik va idoralar, adliya tizimi, prokuratura hamda sudlarni saqlash uchun 22,3 trillion so‘m sarflangan. Bu rejalashtirilgan 18,6 trillion so‘mdan qariyb 3,7 trillion so‘mga yoki taxminan 20 foizga ko‘p.

Shu bilan birga, nafaqalar, moddiy yordam va boshqa imtiyozli to‘lovlar uchun ajratilishi rejalashtirilgan 17,3 trillion so‘m o‘rniga amalda 15,3 trillion so‘m sarflangan. Bu reja ko‘rsatkichidan 11,6 foizga kam.

Bakirov aytganidek, «doim kambag‘alni tuyaning ustida it qopadi yoki noni tuya bo‘ladi».

Umuman olganda, rasmiy statistikada kambag‘allik tez kamayib borayotgandek ko‘rinadi. Ammo kambag‘allikni hisoblash uchun olingan minimal chegara real narxlar ortidan yetib bormasa, raqamlar tabiiy ravishda «yaxshilanadi».

Bu esa muammo yo‘qolgani emas, faqat statistikada kichrayganini anglatadi. Oddiy qilib aytganda, kambag‘allikni kamaytirish uchun uni o‘lchaydigan mezonni past qo‘yish — kasalni davolash emas, faqat harorat o‘lchagichni sindirishga o‘xshaydi.

Shu sabab kambag‘allikni haqiqatan kamaytirish odamlarning daromadi va yashash sharoitini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Aks holda 2030-yilda «mutlaq kambag‘allik nollashtirildi» degan chiroyli raqam paydo bo‘lishi mumkin, ammo bu real hayotdagi muammo to‘liq hal bo‘lganini anglatmaydi.

Теглар

Мавзуга оид