Logo

«Nvidia» rahbarining boyligi kamayib ketdi. Sabab xitoylik «josus»mi?

Бугун 15:145 дақиқа

Gumon qilinayotgan ayolning kompaniyasi «Nvidia»dan 4,8 mlrd dollarlik chip sotib olgan. Ayol ilgari Xitoyning bir nechta yirik banklarida ishlagan. Keyinchalik Shanxaydagi investitsiya fondiga o‘tgan. Ushbu fond texnologik kompaniyalar va ma’lumotlar markazlariga sarmoya kirituvchi investorlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Nvidia» rahbarining boyligi kamayib ketdi. Sabab xitoylik «josus»mi? © Forbes

«Nvidia» kompaniyasi hammuassisi va bosh direktori Jensen Xuangning boyligi bir kunda 7,9 milliard dollarga kamayib, 154,7 milliard dollarga tushgan. Natijada u milliarderlar reytingida sakkizinchi o‘rindan o‘ninchi o‘ringa pasaygan. Bu haqda «Forbes» ma’lumotlarida keltirilgan.

Jensen Xuang boyligining asosiy qismi «Nvidia» kompaniyasidagi ulushiga to‘g‘ri keladi. «Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning sentabr holatida u shaxsan va oilaviy trastlar orqali kompaniya aksiyalarining taxminan 3,4 foiziga egalik qilgan.

9-noyabr kuni NASDAQ birjasidagi savdolar davomida «Nvidia» aksiyalari eng past nuqtada 8,8 foizga arzonlab, 170,26 dollarga tushgan. Natijada kompaniyaning bozor qiymati 4,29 trillion dollarga kamaygan. Shunga qaramay, «Nvidia» hanuz dunyodagi eng qimmat kompaniyalar orasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

«Nvidia» aksiyalarining AQSH birjasida arzonlashishi kompaniya direktorlar kengashi bosh direktor Jensen Xuang faoliyati yuzasidan tekshiruv boshlaganidan keyin yuz berdi.

Kompaniya rahbari Singapurdagi «Megaspeed» kompaniyasi rahbari Elis Xuang bilan yaqin aloqada bo‘lganlikda gumon qilinmoqda. AQSH maxsus xizmatlari uni Xitoy Davlat xavfsizligi vazirligi tomonidan yollangan deb hisoblaydi. «Financial Times» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ular o‘rtasida ishqiy munosabatlar bo‘lgan.

AQSH maxsus xizmatlari bunday aloqalar mamlakatdagi sun’iy intellekt texnologiyalariga oid maxfiy ma’lumotlarning chetga chiqib ketishiga hamda eksport cheklovlarini aylanib o‘tishga urinishlarga olib kelgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa Xitoy razvedkasi «Nvidia» bosh direktori Jensen Xuang bilan aloqa o‘rnatishga uringani haqidagi ayblovlarni tuhmat deb atadi.

«Xitoy tomonidan josuslik qilingani haqidagi ayblovlar asossiz. Bu Xitoyga nisbatan tuhmatdan boshqa narsa emas», — degan vazirlik vakili Go Szyakun.

Voqeadan keyin «Nvidia» direktorlar kengashi mustaqil tekshiruv boshlanganini e’lon qildi.

«Direktorlar kengashida milliy xavfsizlik yoki “Nvidia” kompaniyasining maxfiy ma’lumotlari oshkor etilgan deb hisoblash uchun hozircha asos yo‘q. Shunga qaramay, tekshiruv davomida mavjud bo‘lgan barcha ma’lumotlar o‘rganib chiqiladi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Ma’lumot uchun, «Nvidia» — grafik protsessorlar va sun’iy intellekt tizimlari uchun mikrochiplar ishlab chiqaruvchi dunyoning eng yirik texnologik kompaniyalaridan biri. Jensen Xuang kompaniyaga 1993-yilda asos solgan.

Gumon qilinayotgan ayolning kompaniyasi «Nvidia»dan 4,8 mlrd dollarlik chip sotib olgan

«Megaspeed» kompaniyasi 2023-yilda Xitoyning onlayn o‘yinlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyasi Singapurdagi bo‘linmasi alohida tashkilotga aylantirilganidan keyin tashkil etilgan. Bu AQSH Xitoyga sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan ilg‘or chiplar eksportini keskin cheklaganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.

Elis Xuang dastlab «Megaspeed» kompaniyasining boshqaruvchi direktori sifatida ishlagan, keyinchalik esa o‘zini bosh direktor deb tanishtirgan.

2024-yilning iyunidan buyon «Megaspeed» «Nvidia»dan 4,8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi chiplarni sotib olgan. Shu tariqa u kompaniyaning Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik mijozlaridan biriga aylangan.

AQSH Savdo vazirligi «Megaspeed» kompaniyasining eksport cheklovlarini chetlab o‘tishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligini tekshirayotganiga qaramay, «Nvidia» va «Megaspeed» o‘rtasidagi hamkorlik davom etgan.

«The New York Times» Elis Xuangning avvalgi ish faoliyatini ham o‘rgangan. Ular to‘plagan korporativ hujjatlarga ko‘ra, ayol ilgari Xitoyning bir nechta yirik banklarida ishlagan. Keyinchalik Shanxaydagi investitsiya fondiga o‘tgan. Ushbu fond texnologik kompaniyalar va ma’lumotlar markazlariga sarmoya kirituvchi investorlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Fond bilan aloqador kompaniyalar tarmog‘i «Tencent» kompaniyasiga xizmat ko‘rsatadigan Shanxay yaqinidagi yirik ma’lumotlar markazi qurilishida ishtirok etgan.

Bundan tashqari, ushbu tarmoq Xitoy harbiy-sanoat majmuasi bilan ham moliyaviy aloqalarga ega bo‘lgan. Bu aloqalar Xitoyning yirik harbiy texnika va texnologiyalar ishlab chiqaruvchilaridan biri — «China Electronics Technology Group» tarkibidagi sho‘’ba korxonaga kiritilgan investitsiyalar orqali yuzaga kelgan.

Xuang gumon qilinayotgan ayol bilan Taypeyda ham uchrashgan

«The New York Times» ma’lumotlariga ko‘ra, Jensen Xuang va Elis Xuang texnologiya kompaniyalari rahbarlari ishtirokidagi turli tadbirlar va uchrashuvlarda birga vaqt o‘tkazgan.

2024-yilning iyun oyida Taypeyda o‘tkazilgan texnologik ko‘rgazmadan keyin ular sun’iy intellekt sohasi vakillari bilan birga barda viski ichgan. Oradan bir yil o‘tib, ular Taypey restoranlaridan birida boshqa yirik kompaniyalar rahbarlari bilan birga kechki ovqat qilgan.

Tayvan OAVlari Elis Xuangning «Nvidia» rahbarining yuzidan o‘payotgani va u jurnalistlar bilan suhbatlashayotgan paytda ortida turgani aks etgan suratlarni ham e’lon qilgan.

Elis Xuangning AQSH maxsus xizmatlari tomonidan kuzatilgani haqidagi xabarlar tarqalgach, Jensen Xuangning u bilan munosabatlari AQSH Kongressi e’tiboriga tushgan. Qonunchilar kompaniya rahbaridan vaziyatga izoh berishni, ehtimol, qasamyod ostida ko‘rsatma berishni ham talab qilgan.

Demokrat senator Elizabet Uorren Jensen Xuang va «Nvidia» direktorlar kengashi Xitoy razvedkasi xodimi bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayol bilan munosabatlar yuzasidan Kongress savollariga javob berishi kerakligini aytgan.

Respublikachӣ Maykl Makkol, Vakillar palatasining ichki xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, yuz bergan voqeani «Xitoy Kommunistik partiyasining odatiy usullaridan biri» deb atagan. U barcha holatlarga aniqlik kiritilgunicha AQSHning ilg‘or chiplarini Xitoyga yetkazib berishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Tramp Xuangni himoya qildi va uni Xitoyga olib borishga tayyorligini bildirdi

Mojaroga qaramay, Donald Tramp «Nvidia» rahbarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Prezident 8-noyabr kuni kechqurun jurnalistlarga Xuangni Xitoyga rejalashtirilgan tashrifi davomida o‘zi bilan olib ketishga tayyorligini aytgan.

«Uning biror yomon ish qilganini eshitmadim. U bir kishi bilan munosabatda bo‘lgan, lekin bilasizmi, boshqalar ham shunday qiladi», — dedi Tramp.

Prezident bu vaziyatni Xuang bilan muhokama qilmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, taxminan bir yil oldin AQSH maxsus xizmatlari unga Elis Xuang kuzatuv ostida ekanini bildirganida hech qanday chora ko‘rmagani uchun afsuslanmasligini aytgan.

«Menimcha, u yaxshi inson. Ehtimol, buning o‘ziga yarasha izohi bordir. Avval uning gapini eshitish kerak», — dedi Tramp.

Jurnalistlar Xuang «Nvidia» bosh direktori lavozimida qolishi kerakmi, deb so‘raganida, prezident bunga ijobiy javob bergan.

«Nvidia» direktorlar kengashi ham Xuangga ishonch bildirgan. Kompaniya vakili Jon Ritsso tekshiruv chip ishlab chiqaruvchining kundalik faoliyatiga ta’sir qilmasligi, Xuang esa o‘z vazifasini uzluksiz bajarishda davom etishini aytgan.

«Nvidia» dunyodagi eng qimmat kompaniyalardan biri bo‘lib, sun’iy intellektni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan hisoblash quvvatlarini yetkazib beruvchi asosiy ishlab chiqaruvchilardan hisoblanadi.

Jensen Xuang kompaniya boshqaruvida muhim o‘rin tutadi. Uning bevosita qo‘l ostida 60 ga yaqin rahbar ishlaydi.

Xuangning Tramp ma’muriyati bilan yaqin aloqalari va «Nvidia»ning AQSH texnologiya sanoati uchun katta ahamiyatga egaligi sababli uning Xitoy razvedkasi bilan aloqadorlikda gumon qilinayotgan ayol bilan munosabatlari Vashington uchun ayniqsa jiddiy masalaga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Nvidia» dunyoning eng qimmat kompaniyasi maqomidan ayrilgandi.

Теглар

Мавзуга оид