«OpenAI»dan keyingi hayot: «Microsoft» yangi SI-startaplar ovini boshladi

SI-startaplarni sotib olish uchun qidirish jarayoni bozorning haddan tashqari qizib ketgani va Ilon Mask tomonidan yuzaga kelayotgan raqobat sabab qiyinlashmoqda.

«OpenAI»dan keyingi hayot: «Microsoft» yangi SI-startaplar ovini boshladi © Forbes

«Microsoft» sun’iy intellekt sohasida sotib olish mumkin bo‘lgan startaplarni izlashni boshladi. Bu kompaniyaning asosiy hamkori – «OpenAI»dan mustaqil kelajakka tayyorgarlik ko‘rish maqsadida amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi «Reuters» manbalariga tayanib.

Uch nafar manbaning aytishicha, yangi bitimlar korporatsiyaga iqtidorli dasturchilarni jalb qilish va kelasi yilgacha o‘zining ilg‘or SI-modelini yaratish bo‘yicha e’lon qilingan maqsadni amalga oshirishga yordam berishi kutilmoqda.


«Microsoft» kimni sotib olishni rejalashtirmoqda

Bu bahorda texnologik gigant «Cursor» startapini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Kompaniya SI yordamida dastur kodini generatsiya qilishga ixtisoslashgan.

Biroq bitimdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. «Reuters» manbalariga ko‘ra, yuristlar xarid antimonopoliya regulyatorlari tekshiruvidan o‘tmasligi mumkin deb hisoblagan, chunki «Microsoft» allaqachon bunga o‘xshash «GitHub Copilot» xizmatiga egalik qiladi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hozir korporatsiya «Inception» loyihasi bilan muzokara olib bormoqda. Startap 2024-yilda Stanford universiteti jamoasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, katta til modellarini yaratishning muqobil usulini rivojlantirmoqda. 2025-yil oxirida M12 – «Microsoft» venchur fondi – ushbu startapning 50 million dollarlik ilk investitsiya raundida qatnashgan.

«Reuters» qayd etishicha, muzokaralar davom etmoqda, ammo bitim muvaffaqiyatli yakunlanishiga kafolat yo‘q. «Inception» esa vaziyatga izoh bermagan.

«Microsoft» haddan tashqari qizib ketgan bozorda sarmoya kiritishga majbur bo‘lmoqda. Bu yerda startaplar juda yuqori baholanmoqda, SI tadqiqotchilari maoshi esa bir yilda o‘nlab million dollarga yetishi mumkin.
Ikki manbaning aytishicha, vaziyatni boshqa texnologik gigantlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobat ham murakkablashtirmoqda. Avvalo, «SpaceX» bilan.

Ilon Maskning aerokosmik kompaniyasi «Cursor» bilan 60 milliard dollarlik bitimni «Microsoft» muzokaralardan chiqqanidan ko‘p o‘tmay e’lon qildi.

Eksklyuzivlikning tugashi

«Microsoft» va «OpenAI» o‘rtasidagi hamkorlik 2019-yilda boshlangan. O‘shanda IT-gigant hali keng tanilmagan tadqiqot laboratoriyasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritgan edi.

2022-yil oxirida «ChatGPT» chiqarilishi «Microsoft»ga sun’iy intellekt sohasidagi ilk yetakchilardan biri maqomini berdi va uning «Microsoft Azure» bulutli biznesining keskin o‘sishiga sabab bo‘ldi.
So‘nggi moliyaviy hisobotga ko‘ra, «Microsoft» hamkoriga va’da qilingan 13 milliard dollardan 11,8 milliard dollarini o‘tkazgan.

Shu bilan birga, korporatsiyaning umumiy xarajatlari – «OpenAI»ga investitsiyalar, infratuzilma yaratish va xostingni qo‘shganda – 100 milliard dollardan oshgan. Bu haqda 13-may kuni sudda «Microsoft» korporativ rivojlanish bo‘limi rahbari Maykl Vetter ma’lum qildi.

Dastlabki kelishuv «Microsoft»ga texnologiyalarga eksklyuziv kirish huquqini, «OpenAI»ga esa tadqiqotlar uchun «Microsoft» serverlaridan barqaror foydalanish imkonini bergan.

Vaqt o‘tishi bilan hamkorlar o‘rtasidagi taranglik kuchaydi, chunki har ikki tomon shartnoma cheklovlaridan norozi bo‘la boshladi.

«Reuters» ta’kidlashicha, «OpenAI»ning hisoblash quvvatiga bo‘lgan ehtiyojlari «Microsoft» taqdim eta oladigan darajadan oshib ketgan. Shu bilan birga, shartnoma korporatsiyaning hamkor ishlanmalariga raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan neyrotarmoqlar yaratishini taqiqlagan.

Natijada kompaniyalar hamkorlik shartlarini bir necha marta yumshatishga majbur bo‘ldi.
2025-yil oxiridagi o‘zgartishlar «Microsoft»ga universal sun’iy intellekt – hozircha nazariy hisoblangan, murakkab vazifalarni yechishda insondan ustun SI shaklini (AGI) yaratishga ruxsat berdi.

Aprel oyi oxirida esa tomonlar yangi kelishuv imzoladi. U «OpenAI»ga ayrim mahsulotlarni «Amazon» va «Microsoft»ning boshqa to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilari bilan birga ishlab chiqish imkonini berdi.

Теглар

Мавзуга оид