Logo

«O‘zagrolizing» sobiq rahbari yashirin kelishuv va 1 mln dollarlik «ulush» ortidan qamaldi

Бугун 15:586 дақиқа

Jinoyat ishi Xitoydan olib kelingan paxta terish kombaynlari bilan bog‘liq. Otajonov Xitoy kompaniyasi bilan qiymati 8 mln dollar bo‘lgan 100 ta kombaynni import qilish shartnomasini tuzishni ta’minlagani uchun 1 mln 180 ming dollar «ulush» olgan.

«O‘zagrolizing» sobiq rahbari yashirin kelishuv va 1 mln dollarlik «ulush» ortidan qamaldi © Foto: «O‘zto‘qimachiliksanoat»

«O‘zagrolizing» AJning sobiq boshqaruv raisi Nodir Otajonov jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. U bilan birga «Inter Agromash» MCHJ ta’sischisi Haydar Abdushukurov ham sudlangan.

Xitoydan «yangi» kombaynlar olib kelish rejasi

Sud hujjatiga ko‘ra, Otajonov 2020-yil 24-noyabrdan 2025-yil 8-aprelgacha «O‘zagrolizing» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. U Xitoyda ishlab chiqarilgan va avval foydalanilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini go‘yoki yangi texnika sifatida O‘zbekistonga olib kirish rejasini tuzgan. Buning hisobiga bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlardan foydalanish va texnikalarni mahalliy fermerlarga lizing shartnomalari asosida ularning haqiqiy qiymatidan oshirilgan narxda sotish orqali daromad olishni ko‘zlagan. U 2024-yilning bahorida Xitoyning «Xingiang boshiran Intelligent Agricultural Machinery Co.Ltd» kompaniyasi vakillari bilan norasmiy aloqa o‘rnatgan. U ularga avval foydalanilgan va arzon bo‘lgan 3 qatorli 100 ta paxta terish kombaynini yangi 2 qatorli «4MZ-2A» rusumli kombayn ko‘rinishiga keltirishni va har birini O‘zbekistonga 80 ming dollardan yetkazib berishni taklif qilgan.

Ushbu taklifga rozi bo‘lishsa, kombaynlarni import qilish bo‘yicha shartnoma imzolanishini ta’minlash majburiyatini olgan. Buning evaziga ular unga shartnoma umumiy summasining 15 foizi miqdorida ulush berishga og‘zaki kelishib olishgan.

Ammo Otajonov paxta terish kombaynlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri «O‘zagrolizing» AJga import qilishga vakolati yo‘q edi. Shu bois u o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan «Inter Agromash» MCHJ rahbari Haydar Abdushukurovni hamkor sifatida jalb qilgan. Ya’ni unga o‘z rejasini aytgan.

«O‘zagrolizing»da 57,75 mlrd so‘mlik shartnoma tuzildi

Shu tariqa ular Xitoy kompaniyasi tomonidan qayta jihozlangan paxta terish kombaynlarini MCHJ nomiga import qilish, ularni mahalliy fermerlarga lizing shartnomalari asosida oshirilgan narxda sotish, shuningdek, bojxona imtiyozlari va sotuvdan olinadigan foydani o‘zaro bo‘lib olishga kelishib olgan.

Haydar Abdushukurov reja va Nodir Otajonovning ko‘rsatmalariga muvofiq 2024-yil 5-iyulda o‘zi rahbarlik qilayotgan MCHJ nomidan tijorat taklifini tayyorlab, «O‘zagrolizing»ga yuborgan. Tijorat taklifida mahalliy fermerlarga har birining qiymati 80 ming dollardan bo‘lgan 100 ta yangi «4MZ-2A» rusumli paxta terish kombaynini bir donasini 1 mlrd 650 mln so‘mdan yetkazib berish taklif qilingan.

Ammo aslida bu kombaynlar eski va qayta jihozlangan bo‘lgan. Bundan tashqari, ular 76 santimetr qator oralig‘iga ega 3 qatorli tizimdan 60 santimetr qator oralig‘iga ega 2 qatorli tizimga o‘zgartirilgan. Nodir Otajonov 2024-yil 15-iyulda «O‘zagrolizing» AJ boshqaruvi yig‘ilishini o‘tkazib, Abdushukurovning tijorat taklifini ko‘rib chiqiladigan masalalar qatoriga kiritgan. Shundan so‘ng u yig‘ilish ishtirokchilarining tijorat taklifini ma’qullashini ta’minlagan va yig‘ilish bayonnomasini tasdiqlagan.

8 mln dollarlik kelishuv va 1,18 mln dollarlik «ulush»

Shu tariqa Otajonov va Abdushukurov 2024-yil 22-iyulda AJ va MCHJ o‘rtasida 35 ta kombaynni bir donasini 1 mlrd 650 mln so‘mdan yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Kombaynlar mahalliy fermerlarga jami 57 mlrd 750 mln so‘mlik lizing shartnomalari asosida sotilishi kerak bo‘lgan. Nodir Otajonov Xitoy kompaniyasi vakillari bilan 100 ta kombayn import qilinishini ta’minlash va shartnoma summasining 15 foizini olish bo‘yicha kelishib olgan. Buni amalga oshirish uchun u Abdushukurov rahbarlik qilayotgan MCHJ bilan Xitoy kompaniyasi o‘rtasida 100 ta kombaynni umumiy qiymati 8 mln dollarga MCHJ nomiga import qilish bo‘yicha shartnoma imzolanishini ta’minlagan.

Bundan tashqari, Otajonov MCHJ kombaynlar uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan taqdirda, ushbu mablag‘lar «O‘zagrolizing» tomonidan to‘liq to‘lanishini kafolatlovchi xatni imzolab, Xitoy kompaniyasiga yuborgan. Buning evaziga u 2024-yil avgust–oktabr oylarida Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi tarjimoni Yuan Lenyan orqali o‘z ulushi sifatida jami 1 mln 180 ming dollarni do‘sti orqali olgan. U bu pullarni Yunusobod tumanidagi do‘stining uyida saqlagan.

Eski kombaynlar bojxonadan «yangi» sifatida o‘tkazilgan

2024-yil 22-avgustdan boshlab Xitoydan O‘zbekistonga aslida eski bo‘lgan — 2019 va 2020-yillarda ishlab chiqarilgan hamda qayta jihozlangan kombaynlar import qilina boshlagan. Hamkorlar olib kirilgan kombaynlarni bojxona hujjatlarida ularning go‘yoki yangi ekani haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatgan holda «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimida rasmiylashtirgan. Natijada 7,5 mlrd so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlangan.

Fermerlar kombaynlarni qaytarishni so‘ragan

Otajonov va Abdushukurov lizing shartnomalari asosida kombaynlardan 29 tasini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Toshkent, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklariga yetkazib bergan. Ulardan 13 ta fermer xo‘jaligi 2024-yil sentabr–oktabr oylarida AJning hisob raqamiga avans to‘lovi sifatida 4 mlrd 710 mln so‘m o‘tkazgan. 6 ta kombayn bo‘yicha fermer xo‘jaliklari bilan qabul qilish-topshirish dalolatnomalari rasmiylashtirilgan.

Biroq fermer xo‘jaliklari kombaynlardan foydalanish jarayonida ularning yangi emasligini bilib qolgan. Shundan so‘ng ayrim fermerlar «O‘zagrolizing»ning hududiy filiallariga murojaat qilib, kombaynlarni qaytarishni so‘ragan. Ular avans sifatida to‘langan pullarni qaytarib olgan yoki ushbu mablag‘larni boshqa lizing shartnomalari hisobiga o‘tkazgan. 2024-yil 24-oktabrda Abdushukurov Toshkent shahar bojxona boshqarmasiga yana 6 ta kombaynni yangi kombaynlar sifatida «Erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun taqdim etgan. Ushbu kombaynlar tegishli ekspertlar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ularning identifikatsiya raqamlari qalbakilashtirilgani aniqlangan. Aslida esa ular 2019–2021-yillarda ishlab chiqarilgan va qayta jihozlangan bo‘lgan.

Yuqoridagi barcha holatlar sud hujjati asosida bayon qilingan. Biroq Nodir Otajonov va Haydar Abdushukurov o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan.
Xususan, Otajonov jinoyatda aybsizligini bildirib, olib kelingan kombaynlar uchun davlat mablag‘laridan umuman foydalanilmaganini aytgan va oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. Shuningdek, u xulosa bergan ekspertlar kombaynlarni umuman tushunmaydigan xodimlar bo‘lganini va ekspertiza jarayonida bir-biriga mos kelmaydigan kompaniyalar hamda kombaynlar taqqoslanganini aytgan. Sud hujjatida Nodir Otajonov va Haydar Abdushukurovning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza xulosalari, telefon orqali bo‘lgan suhbatlar va boshqa hujjatlar bilan tasdiqlangani qayd etilgan.

Otajonov 6 yilga qamaldi

Nodir Otajonov va Haydar Abdushukurovga oid jinoyat ishi Yunusobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilgan va hukm 2025-yil 28-oktabrda e’lon qilingan. Har ikki sudlanuvchi O‘zbekiston manfaatlariga zarar yetkazgan holda bitimlar tuzish, shuningdek, bojxona qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan. Hukmga ko‘ra, Nodir Otajonov 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga 3 yil muddatga «O‘zagrolizing» AJ tizimida lavozim va moddiy majburiyatlar bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda 550 BHM miqdorida (o‘sha paytda 206 mln 250 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan. Haydar Abdushukurov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va 550 BHM miqdorida (o‘sha paytda 206 mln 250 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, ish doirasida bitta avtomobil va bir nechta ko‘chmas mulk obyektini davlat daromadiga o‘tkazish nazarda tutilgan.

Yunusobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining 2025-yil 9-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, «O‘zagrolizing» AJ omborlarida saqlanayotgan 100 ta «4MZ-2A» rusumli paxta terish kombaynini davlat daromadiga musodara qilish belgilangan. Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026-yil 23-iyundagi ajrimiga ko‘ra, birinchi instansiya sudining ko‘chmas mulk obyektlaridan birini davlat daromadiga o‘tkazish haqidagi hukmining bir qismi bekor qilingan. Sudlanuvchilarning apellyatsiya shikoyatlari esa qanoatlantirilmagan.

Теглар

Мавзуга оид