Logo

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin

«Umra plyus» doirasida Jakarta–Samarqand–Jidda–Jakarta hamda Jakarta–Buxoro–Jidda–Jakarta kabi yo‘nalishlar taklif etilmoqda.

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin © gov.uz

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Bu tashabbus ikki davlat o‘rtasida ziyorat turizmi va turistik almashinuvni kengaytirish rejalari doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mita raisi Abdulaziz Oqqulov Indoneziya Respublikasi Haj va Umra vaziri Muhammad Irfan Yusuf bilan uchrashuvda Toshkent va Jakartani, shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini Indoneziya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilgan.

Uchrashuvda turistik almashinuvni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish va ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, yangi aviaqatnovlarni subsidiyalash bo‘yicha davlat tomonidan ilgari surilgan mexanizmlardan foydalanish imkoniyati ham muhokama qilingan. Indoneziyadan turist olib keladigan mahalliy turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 dollar miqdorida subsidiya ajratilishi ta’kidlangan.

Samarqand va Buxoro Indoneziya bozoriga chiqariladi

Ta’kidlanishicha, Indoneziya Haj va Umra vazirining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand va Buxorodagi ziyorat maskanlari bilan tanishuv tashkil etilgan.

Tomonlar Buxoro va Samarqandni Indoneziya bozorida ziyorat turizmi yo‘nalishlari sifatida targ‘ib qilish, maxsus turistik paketlar ishlab chiqish va Haj hamda Umra operatorlari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishib olgan.

Indoneziyalik investorlar ishtirokida Imom Buxoriy majmuasi hududida «Hadith Hotel» besh yulduzli mehmonxonasining ishga tushirilishi ham ikki davlat o‘rtasidagi turizm hamkorligining amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston tomoni Indoneziya bozori uchun «Umra plyus» dasturini ham rivojlantirmoqda. Unda Indoneziyadan kelgan ziyoratchilarning Saudiya Arabistoniga Umra safari bilan birga O‘zbekistonning tarixiy va diniy maskanlariga tashrif buyurishi ko‘zda tutiladi.

Nega Indoneziya bozori muhim?

Indoneziyada har yili 2 milliondan ortiq kishi Haj va Umra ziyoratiga yo‘l oladi. Mamlakatda dunyodagi eng katta musulmon aholilaridan biri istiqomat qiladi.

O‘zbekiston esa Indoneziyalik ziyoratchilar uchun Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bog‘liq maskanlarni taklif qilmoqda. Mamlakatda 1 200 dan ziyod ziyorat turizmi obyekti mavjud.

Shu nuqtai nazardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar «Umra plyus» dasturini rivojlantirishda muhim omillardan biri bo‘lishi mumkin. Ayni paytda Jakartadan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz mavjud emas, shu sababli ikki mamlakat o‘rtasidagi safarlar, asosan, uchinchi davlatlardagi tranzit orqali amalga oshiriladi.

Reyslar avval ham amalga oshirilgan

Toshkent–Jakarta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlari avval ham mavjud bo‘lgan. Uzbekistan Airways 2023 yil 26-apreldan ushbu yo‘nalishdagi reyslarni uzoq tanaffusdan so‘ng qayta tiklagan. Reyslar haftasiga bir marta Boeing 787 Dreamliner samolyotlarida amalga oshirilgan.

Keyinchalik yo‘nalish yana to‘xtatilgan. Shu bois hozir muhokama qilinayotgan tashabbus yangi yo‘nalish ochishdan ko‘ra, avval amalga oshirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashni anglatadi.

Turistik oqim hozircha katta emas

Indoneziya hozircha O‘zbekistonga turistlar yetkazib beruvchi asosiy bozorlar qatoriga kirmaydi. 2025 yilda O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 11,7 million nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan. Asosiy oqim qo‘shni davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelgan, Indoneziya esa turistlar soni bo‘yicha mamlakatning TOP-10 bozorlari qatorida bo‘lmagan.

Shu bilan birga, Indoneziyalik turoperatorlarning O‘zbekistonga qiziqishi mavjud. Ular Samarqand, Buxoro va Termizni ziyorat turizmi uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida baholamoqda.

O‘zbekiston 2026–2027 yillarda Malayziya va Indoneziyadan jami 100 ming nafar turist jalb qilishni maqsad qilgan. Buning uchun mahalliy turoperatorlarga olib kelingan har bir turist uchun 100 dollardan subsidiya berish mexanizmi qo‘llanmoqda.

«Umra plyus» doirasida Jakarta–Samarqand–Jidda–Jakarta hamda Jakarta–Buxoro–Jidda–Jakarta kabi yo‘nalishlar ham taklif etilmoqda.

Indoneziyaning Saudiya Arabistoni bilan turistik aloqalari

Indoneziyaning Haj va Umra bozori hajmini Saudiya Arabistoniga borayotgan sayyohlar oqimi ham ko‘rsatadi. 2024 yilda Saudiya Arabistoniga Indoneziyadan 1,856 million turist tashrifi qayd etilgan.

O‘zbekiston «Umra plyus» dasturi orqali ushbu oqimning bir qismini mamlakatga jalb qilishni ko‘zlamoqda. Bunda Indoneziyadan Saudiya Arabistoniga yo‘l olayotgan ziyoratchilar uchun O‘zbekistonni qo‘shimcha yo‘nalish sifatida taklif qilish nazarda tutilmoqda.

Indoneziyaning o‘zi ham yirik turistik bozor hisoblanadi. 2025 yilda mamlakatga 15,39 million nafar xalqaro turist tashrif buyurgan. Shuningdek, mamlakat fuqarolarining ichki turistik safarlari soni qariyb 1,2 milliardni tashkil etgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash tashabbusi Indoneziya tomonidan ham bildirilgan. 2026 yil iyun oyida Indoneziya MPR rahbari Ahmad Muzani Jakarta va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish zarurligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bunday qatnovlar indoneziyaliklarga Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish va keyinchalik Umra uchun Saudiya Arabistoniga borish imkoniyatini osonlashtirishi mumkin.

2026 yil aprel oyida esa O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi Indoneziyaning EGI Resources kompaniyasi bilan Indoneziyadan Samarqand va Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish masalasini muhokama qilgan.

Shu tariqa, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalasi nafaqat transport aloqalarini yaxshilash, balki Indoneziyadan O‘zbekistonga ziyorat turizmi oqimini oshirish rejalari bilan ham bog‘liq.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin | Vaqt.uz