O‘zbekistonda bank ochish ishlari qanchaga tushadi va bu nega oson emas?

Бугун 19:403 дақиқа

Yangi bank tashkil etish uchun kamida 500 mlrd so‘mlik kapital talab etiladi. VAQT.UZ bank ochish jarayonlari va boshlang‘ich sarf-xarajatlarni tahlil qildi.

O‘zbekistonda bank ochish ishlari qanchaga tushadi va bu nega oson emas?

O‘zbekistonda bank ochish kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazishdek oddiy jarayon emas. Buning uchun muassislar moliyaviy imkoniyatlarini isbotlashi, mablag‘lar manbasini ochiq ko‘rsatishi va Markaziy bankning qat’iy talablariga javob berishi kerak. Bugun yangi bank tashkil etish qanday bosqichlarda amalga oshirilishi va bu qancha mablag‘ talab qilishini ko‘rib chiqamiz.

Amalda yangi bank tashkil etish jarayoni ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda Markaziy bank bank tashkil etish uchun dastlabki ruxsatnoma beradi. Ikkinchi bosqichda esa bank davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, unga litsenziya taqdim etiladi.

Birinchi bosqichda nimalar talab qilinadi?

Bank tashkil etish istagidagi muassislar Markaziy bankka keng qamrovli hujjatlar to‘plamini taqdim etadi. Ular orasida ta’sis shartnomasi, bank ustavi, muassislar ro‘yxati, biznes-reja, tashkiliy tuzilma va mablag‘lar manbasini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud.

Shuningdek, Markaziy bank bankning haqiqiy egalari kim ekanini ham o‘rganadi. Buning uchun bevosita va bilvosita muassislar, oxirgi benefitsiar mulkdorlar hamda hal qiluvchi ulushga ega shaxslar haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi.

Muassis bo‘lgan yuridik shaxslar esa so‘nggi uch yillik auditorlik hisobotlarini taqdim qilishi shart.

Ikkinchi bosqichda litsenziya beriladi.

Dastlabki ruxsatnoma olinganidan keyin muassislar olti oy ichida bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilishi kerak.

Bu bosqichda bankning eng kam ustav kapitali shakllantirilgani, rahbar xodimlar talablarga javob berishi va bank infratuzilmasi Markaziy bank standartlariga muvofiqligi tekshiriladi.

Jumladan, bank binolari, xavfsizlik tizimlari, dasturiy ta’minot va texnik jihozlar bo‘yicha alohida xulosa taqdim etiladi.

Markaziy bank barcha hujjatlar qabul qilinganidan keyin bir oy ichida qaror chiqaradi.

Bank litsenziyasi qancha turadi?

Markaziy bankning rasmiy sahifalarida keltirilishicha, litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish yig‘imi BHMning besh baravari yoki 2 mln 60 ming so‘m miqdorida belgilangan.

Xizmat turi

Miqdori

Litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish yig‘imi

BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m)

Bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya berish uchun davlat boji

Bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi (500 mln so‘m)

Litsenziya dublikatini rasmiylashtirish yoki qayta rasmiylashtirish yig‘imi

BHMning 2,5 baravari (1 mln 30 ming so‘m)

 

Bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya berish uchun esa davlat boji bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi etib belgilangan. 2025 yildan buyon banklarda ustav kapitalining minimal miqdori 500 milliard so‘mligini hisobga olsak, davlat boji 500 million so‘mni tashkil qiladi.

Litsenziya dublikatini rasmiylashtirish yoki qayta rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 baravari miqdorida yig‘im undiriladi. Bu esa hozirgi kunda 1 mln 30 ming so‘m qiymatida bo‘ladi.

O‘zbekistonda ayni vaqtda 34 ta tijorat banki va bitta mikromoliya banki faoliyat yuritmoqda. Davlat ulushi mavjud banklar soni 9 tani, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar soni esa 25 tani tashkil qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingandi. Bunga bankning ustav kapitali 500 milliard so‘mlik minimal talabdan kam bo‘lgani sabab sifatida keltirilgan.

Теглар

Мавзуга оид