O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mga yaqinlashdi

Бугун 10:302 дақиқа

2026 yil birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6,8 mln so‘mga yetdi, ammo hududlar va sohalar kesimidagi katta farq hanuz saqlanmoqda.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7 mln so‘mga yaqinlashdi © uza

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6,8 mln so‘mdan oshdi. Bu haqda Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil yanvar-mart oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi o‘tgan yilga nisbatan 17,4 foizga o‘sgan. Biroq hududlar va iqtisodiy sohalar kesimida maoshlar o‘rtasidagi farq hamon yuqori darajada saqlanmoqda.

So‘nggi yillar statistikasiga nazar tashlansa, mamlakatda o‘rtacha ish haqi barqaror o‘sish trendini namoyon etmoqda. Xususan, 2022 yilda 3,4 mln so‘m atrofida bo‘lgan ko‘rsatkich 2023 yilda 4,1 mln, 2024 yilda 4,9 mln va 2025 yilda 5,8 mln so‘mga yetgan. 2026 yilning birinchi choragida esa bu raqam 6 825,9 ming so‘mni tashkil etdi.

1

Manba: Statistika qo‘mitasi

Hududlar kesimida: poytaxt yetakchi, Qashqadaryo orqada

Hududlar bo‘yicha tahlil ish haqlari o‘rtasida jiddiy farq borligini ko‘rsatadi. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida qayd etilgan — 11 684,3 ming so‘m. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18,8 foiz o‘sishni anglatadi. Poytaxtda yuqori maoshlar asosan xizmat ko‘rsatish va moliya sektori ulushining kattaligi bilan izohlanadi.

Navoiy viloyati (8 453,2 ming so‘m) ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu yerda sanoat va konchilik tarmoqlarining ulushi katta.

Eng past maosh Qashqadaryo viloyatida — 4 665,2 ming so‘m. Shuningdek, Surxondaryo (4 724,2 ming so‘m) va ayrim boshqa hududlarda ham maoshlar nisbatan past darajada qolmoqda.

Natijada, Toshkent shahri va Qashqadaryo o‘rtasidagi farq 2,5 baravardan oshgan.

Namangan, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ish haqi 5 mln so‘m atrofida shakllangan bo‘lib, o‘rtacha o‘sish sur’ati 16–19 foiz oralig‘ida bo‘lgan.

2

Manba: Statistika qo‘mitasi

Sohalar kesimida: moliya va IT yetakchi

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ish haqi bank va moliya sohasida saqlanib qolmoqda — 18 595,8 ming so‘m. Bu sohada yillik o‘sish 18,2 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, axborot va aloqa sohasida ham yuqori maoshlar kuzatilmoqda — 16 525,4 ming so‘m.

Tashish va saqlash sohasida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etildi — 22,5 foiz. Bu tarmoqda o‘rtacha ish haqi 10 709,3 ming so‘mga yetgan.

Sanoat sohasida ish haqi 8 025,6 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, savdoda 7 213,4 ming so‘m, qurilishda esa 6 496,1 ming so‘m darajasida shakllangan.

Eng past maoshlar an’anaviy ravishda ijtimoiy sohalarda saqlanmoqda. Xususan, sog‘liqni saqlashda o‘rtacha ish haqi 4 111,6 ming so‘mni tashkil etgan. Ta’lim sohasida bu ko‘rsatkich 4 615,9 ming so‘m bo‘lib, umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilarida 4 474,8 ming so‘mni tashkil etgan.

3

Manba: Statistika qo‘mitasi

Мавзуга оид