Logo

«O‘zining haydovchilari bilan kelmaydi» – Xitoyning «DiDi» taksi xizmati O‘zbekistonda faoliyat boshladimi?

Xitoyning taksi kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga 5 mingta avtomobil bilan kirishi mumkinligi haqidagi xabardan so‘ng, bu «DiDi» ekani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Vaqt.uz biznes reyestri va kompaniya ilovasini o‘rganib, Transport vazirligidan izoh oldi.

«O‘zining haydovchilari bilan kelmaydi» – Xitoyning «DiDi» taksi xizmati O‘zbekistonda faoliyat boshladimi?

O‘zbekiston taksi bozorida yangi yirik ishtirokchi paydo bo‘lishi kutilmoqda. Transport vazirligi avvalroq Xitoy kompaniyasi mamlakatga 5 mingta avtomobil olib kirib, o‘z platformasi orqali yo‘lovchi tashishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Kompaniya nomi rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda bu «DiDi» ekani haqida xabarlar tarqaldi.

Vaqt.uz ushbu ma’lumotni tekshirish uchun biznes reyestri va kompaniya ilovasini o‘rgandi, Transport vazirligidan izoh oldi.

«DiDi Taxi» O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo ilova ishlamayapti

«Orginfo» ma’lumotlar bazasida «DIDI TAXI» mas’uliyati cheklangan jamiyati mavjud. Korxona 2025-yil 17-dekabrda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uning asosiy faoliyat turi esa taksi xizmatlari sifatida ko‘rsatilgan.

1


Manba: Orginfo (Ekran tasviri)

Vaqt.uz muxbiri «DiDi» ilovasini ham tekshirdi. Ilovaga kirilganda mamlakat telefon kodini tanlash oynasi chiqadi, biroq ekranda «No Network Connection» xabari paydo bo‘ladi. Shu sababli hozircha xizmatning O‘zbekistonda to‘liq ishga tushgan deb bo‘lmaydi.

2


Manba:
Vaqt.uz

«DiDi Taxi» O‘zbekiston bozoriga birinchi marta qiziqmayapti

Xitoy kompaniyasining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi haqidagi dastlabki ochiq ma’lumotlar 2021-yilda paydo bo‘lgan. «Spot» nashrining 2021-yil 7-sentabrdagi xabariga ko‘ra, «Beijing DiDi Infinity Technology Development Co., Ltd.» O‘zbekistonda «DiDi» tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza bergan. Arizada taksi xizmatlari, yo‘lovchi tashish va onlayn platforma orqali transport xizmatlarini muvofiqlashtirish kabi yo‘nalishlar ko‘rsatilgan.


3


Manba:
Spot.uz (Ekran tasviri)

Bu «DiDi» brendining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi yangi emasligini ko‘rsatadi. Biroq tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berish kompaniyaning mamlakatda amalda xizmat boshlaganini anglatmaydi.

Shunday qilib, hozirda uchta muhim ma’lumot mavjud. Bu 2021-yilda «DiDi» brendi bo‘yicha ariza berilgan, 2025-yilning dekabrida «DIDI TAXI» MCHJ ro‘yxatdan o‘tgan va 2026-yilda Xitoy kompaniyasining 5 mingta avtomobil bilan O‘zbekiston bozoriga kirish rejasi haqida xabar berilgan.

Transport vazirligi 5 mingta avtomobil masalasiga izoh berdi

Vaqt.uz muxbiri Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov bilan bog‘lanib, Xitoy kompaniyasining bozorga kirishi va 5 mingta avtomobil haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritdi.

Ashurmatovning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda 5 mingta avtomobil kompaniyaning o‘z haydovchilari bilan kelishi haqida noto‘g‘ri talqin shakllangan. Aslida, gap kompaniyaning o‘z avtomobillari va taksi platformasini olib kirishi haqida ketmoqda.

«Hozir odamlar orasida 5 mingta taksi o‘zining mashinasi bilan kirib keladi va o‘zining haydovchilarini ishlatar ekan, degan masala ketyapti. Bu noto‘g‘ri. U o‘zining haydovchilari bilan kirib kelmaydi. Faqatgina o‘zining avtotransport vositalarini olib keladi va o‘zining platformasi bo‘ladi», — dedi u.

Navro‘z Ashurmatov Vaqt.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, kamida 21 yoshga to‘lishi va uch yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak.

«Qarorda aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan. Yo‘lovchi tashish uchun haydovchilar guvohnomaga ega, 21 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Undan tashqari, uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Chet ellik fuqarolar bu faoliyat turi bilan shug‘ullana olmaydi», — deya ta’kidladi Ashurmatov.

Demak, kompaniyaning o‘z avtomobillarini olib kirishi ularni xorijiy haydovchilar boshqaradi degani emas. Biroq bu avtomobillarda mahalliy haydovchilar qanday shartlarda ishlashi, ularni kim ishga olishi va daromad taqsimoti qanday bo‘lishi hozircha ochiqlanmagan.

5 mingta avtomobil 481 ming haydovchiga qanchalik ta’sir qiladi?

Soliq qo‘mitasining 2026-yil 8-sentabrdagi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning yanvar–avgust oylarida taksi agregatorlari orqali 481 ming 117 nafar o‘zini o‘zi band qilgan haydovchi yo‘lovchi tashigan. Agar Xitoy kompaniyasining 5 mingta avtomobil olib kirish rejasi amalga oshsa, bu ko‘rsatkich agregatorlar orqali ishlagan haydovchilar sonining qariyb 1,04 foiziga teng.

Biroq bu raqamlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor ulushi sifatida talqin qilib bo‘lmaydi, chunki biri sakkiz oy davomida yo‘lovchi tashigan haydovchilar soni, ikkinchisi esa olib kirilishi rejalashtirilayotgan avtomobillar miqdori. Bundan tashqari, 5 mingta avtomobilning barchasi bir vaqtning o‘zida ishlashi yoki to‘liq taksi xizmatiga jalb qilinishi ham hozircha aniq emas. Yangi kompaniyaning bozorga ta’siri faqat avtomobillar soni bilan emas, balki uning narx siyosati, haydovchilarga to‘lovlari, komissiya miqdori va mijozlarga taklif qiladigan xizmat sifati bilan belgilanadi.

Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov ham Xitoy kompaniyasining kirib kelishi boshqa taksi xizmatlarini bozordan siqib chiqarishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, yangi ishtirokchining paydo bo‘lishi bozordagi raqobatni kuchaytiradi.

«Aksincha, uning o‘z platformasi bilan kirishi, boshqa ishtirokchilar, u Xitoyniki bo‘ladimi yoki boshqa bo‘ladimi, yangi kompaniyalar kiradigan bo‘lsa, raqobat shunchalik kuchayadi. Raqobat kuchaygandan keyin ular taklif qilayotgan narxlar ham o‘zgaradi», — dedi Navro‘z Ashurmatov.

«Yandex Go»ga muqobil bo‘ladimi?

O‘zbekistonda taksi agregatorlari bozorida «Yandex Go» ustun mavqega ega ishtirokchilardan biri hisoblanadi. Platformada yuz bergan texnik uzilishlar esa muqobil xizmatlarning ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi.

2026-yilning oktabrida «Yandex Go» faoliyatidagi uzilishlar vaqtida boshqa agregatorlarga talab oshgani haqida xabarlar tarqaldi. Jumladan, «Spot» ma’lumotlariga ko‘ra, 11–13-oktabr kunlari «Uklon»da buyurtmalar soni odatdagi ko‘rsatkichdan 2–3 baravar, «MyTaxi»da esa 15 baravar ko‘paygan.

Transport vazirligi vakili ham yangi kompaniyaning kirib kelishini bozor raqobati nuqtai nazaridan baholash kerakligini aytmoqda.

«O‘sha kuni matbuot anjumanidan bir-ikki kun oldin “Yandex” faoliyatida uzilishlar kuzatilgandi. Jurnalistlar ham aynan shuning uchun boshqa kompaniyalarning bozorga kirishi haqida savol bergan edi. Chunki “Yandex” O‘zbekiston bozorida asosiy o‘yinchi bo‘lsa, shunday holatlar kuzatilganda unga muqobil bo‘lishi kerak», — dedi Ashurmatov.

Uning fikricha, yangi kompaniyaning kirib kelishi faqat bitta xizmatning raqobatchisi paydo bo‘lishi emas, balki iste’molchilar uchun tanlov imkoniyatining kengayishidir.

«Bu oxir-oqibat iste’molchilarning foydasiga ishlaydigan narsa. Yangi kompaniyalar kirsa, raqobat kuchayadi. Raqobat kuchaygandan keyin taklif qilinayotgan narxlar ham o‘zgaradi», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

Shunga qaramay, yangi kompaniyaning paydo bo‘lishi avtomatik ravishda taksi narxlari pasayishini anglatmaydi. Buning uchun u bozorda yetarlicha uzoq ishlashi, haydovchilar va yo‘lovchilar uchun manfaatli shartlarni taklif qilishi kerak.

Nega «DiDi» Rossiya va Qozog‘iston bozoridan chiqib ketdi?

«DiDi» Rossiya va Qozog‘istonda uzoq muddat faoliyat yurita olmadi. Kompaniya 2022-yil 21-fevral kuni har ikki mamlakatdagi xizmatini 4-martdan to‘xtatishini e’lon qildi. O‘sha paytda Rossiya bozoriga kirganiga qariyb 1,5 yil, Qozog‘istonda ish boshlaganiga esa 1 yilga yaqin vaqt bo‘lgan edi.

Kompaniya vakillari bu qarorni o‘zgarayotgan bozor sharoitlari va boshqa qiyinchiliklar bilan izohladi. Ularning bildirishicha, mavjud vaziyatda ikki mamlakatda ham yo‘lovchilar va hamkorlarga kompaniya kutgan darajadagi xizmatni taqdim etish imkoniyati qolmagan. Biroq «DiDi» aynan qanday muammolarga duch kelgani yoki qaysi iqtisodiy omillar bunday qarorga olib kelganini batafsil ochiqlamagan.

4


Manba: Tengrinews

Qozog‘istonda kompaniya 2021-yilning may oyida bozorga kirgan, iyun oyida esa Olmaota va Nur-Sulton shaharlarida xizmat ko‘rsatishni boshlagan. 2022-yil 4-martda faoliyatini to‘xtatgan. «Eurasianet» nashri kompaniyaning Olmaotadagi ofisi yopilganini ham qayd etgan.

Rossiyada esa vaziyat boshqacha kechgan. Dastlab xizmatni to‘xtatish haqida e’lon qilgan kompaniya 2022-yil 26-fevral kuni mamlakatdagi faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi. «Reuters» xabariga ko‘ra, «DiDi» bu qarorini o‘zgartirish sabablarini batafsil izohlamagan.


Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 237

Барчаси

Мавзуга оид