Logo

Ozodlikdan mahrum qilingan Tashiyev futbol o‘yinida ko‘rinish berdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Kamchibek Tashiyev hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishni rejalashtirishda aybdor deb topildi va mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Sud qaroridan bir kun o‘tib Tashiyev futbol uchrashuviga bordi.

Ozodlikdan mahrum qilingan Tashiyev futbol o‘yinida ko‘rinish berdi © kloop.kg

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Kamchibek Tashiyev 3-iyul kuni kechqurun Qirg‘iziston Premer-ligasi doirasidagi «Muras United» va «Asiagol» o‘rtasidagi o‘yinga tashrif buyurdi.

O‘yin Manasdagi «Qurmanbek» stadionida bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan kadrlarda Kamchibek Tashiyevning VIP tribunaga kirib kelayotgani ko‘rsatilgan.

Sud uni uch yilga shartli nazoratga oldi. Shu sababli u qamoq jazosini o‘tamaydi. Qamchibek Tashiyev mansabni suiiste’mol qilishda ham ayblangan edi, biroq sud bu ayblovni bekor qildi.

Avvalroq sud Qamchibek Tashiyev va yana 2 nafar amaldor hamda ishning boshqa besh nafar figurantini uch yillik probatsiya (sinov muddati) qo‘llanilgan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan edi. Agar sudlanuvchilar shu uch yil ichida shartlarni buzishsa, ularning qamoq jazosiga mahkum qilinishi qo‘shimcha qilingan.

57 yoshli Qamchibek Tashiyev 15 yildan ortiq vaqt davomida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning eng yaqin safdoshi bo‘lib kelgan. 2020 yil oktabr oyida u MXDQga rahbarlik qildi, keyinroq esa mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari etib ham tayinlangan edi.

Joriy yilning fevral oyida, mamlakat parlamentiga 75 kishining navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushganidan so‘ng, prezidentning do‘sti barcha davlat lavozimlaridan mahrum bo‘ldi. Unga nisbatan «Hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash yoki ushlab turish, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar» hamda «Mansab vakolatini suiiste’mol qilish» moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Теглар

Мавзуга оид