Logo

Perfectum’dan so‘ng: Farhod Mamajonovning yana bir yirik biznesi sotilmoqdami?

Бугун 14:243 дақиқа

Ustav kapitali 300 mlrd so‘mdan oshadigan «Uztex Group» AJning 100 foiz aksiyalari o‘zidan yetti barobar kichik kompaniyaga o‘tmoqda. Bitimdan ikki hafta oldin esa guruh «InfinBank» bilan 30 mlrd so‘mlik shartnoma tuzgan.  Avvalroq, Mamajonov 50 foiziga egalik qiladigan Perfectum Veon guruhiga sotilgandi.

Perfectum’dan so‘ng: Farhod Mamajonovning yana bir yirik biznesi sotilmoqdami? © O'zbekiston24

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «Uchkurgan Textile» MCHJ tomonidan «Uztex Group» AJning 100 foiz aksiyalarini olish bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berdi.

«Uchkurgan Textile» MCHJ paxta tolalarini tayyorlash va yigirish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2013-yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ustav kapitali 40 mlrd so‘mga teng, yagona aksiyadori sifatida Akmal Bahodirovich Zohidov ko‘rsatilgan.

«Uztex Group» AJ esa trikotaj ustki kiyimlar ishlab chiqaradi. Kompaniya 2010-yilda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan, ustav kapitali 300 mlrd 566 mln so‘mni tashkil etadi. Yagona aksiyador sifatida Farhod Faxriddinovich Mamajonov qayd etilgan.

Qizig‘i, iyul oyining oxirida Raqobat qo‘mitasi «Uztex Group» MCHJga «Zarofattex» MCHJni qo‘shib olish bo‘yicha bitimga ruxsat bergandi. Demak, oradan ko‘p o‘tmay «Uztex Group»ning mulkchilik shakli aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirilgan.

5-oktabrda «Uztex Group» AJning navbatdan tashqari aksiyadorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda qabul qilingan qarorlar Yagona korporativ axborot portalida e’lon qilingan. Yig‘ilishda kompaniya ustav kapitaliga teng — 300 mlrd 566 mln so‘mlik oddiy aksiyalarni yopiq obuna yo‘li bilan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Ustavi 40 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya o‘zidan yetti barobar katta kompaniyani qanday shartlar asosida va qancha summaga sotib olayotgani hozircha oshkor etilmagan.

Sotuvdan ikki hafta oldin: bank bilan 30 mlrd so‘mlik garov

«Uztex Group»ni sotishga ruxsat berilishidan oldin guruh «InfinBank» bilan yirik bitim tuzgan. Bank oshkor qilgan muhim faktga ko‘ra, 30-oktabrda bank kuzatuv kengashi «Uztex Group» bilan depozit omonati garovi to‘g‘risidagi shartnomani ma’qullagan va shartnoma o‘sha kuni imzolangan. Bitim summasi 30 mlrd so‘mdan biroz ko‘proqni tashkil qiladi.

Ushbu bitim bank tomonidan affillangan shaxs bilan tuzilgan bitim sifatida e’lon qilingan. Sababi — «Uztex Group» va «InfinBank» bitta egaga borib taqaladi: Farhod Mamajonov bankning majoritar aksiyadori va «Uztex Group» asoschisi hisoblanadi.

Bundan tashqari, u «UZTEX TASHKENT» MCHJda 27,05 foiz ulushga egalik qiladi, kompaniyaning 70,85 foiz ulushi esa Faxriddinov Farrux Farhod o‘g‘liga (katta ehtimol bilan uning o‘g‘li — tahr.) tegishli ekani ko‘rsatilgan. Yuqorida tilga olingan muhim faktda ushbu kompaniya ham «InfinBank»ning ulushdori ekani keltirilgan.

Farhod Mamajonovning sotilgan boshqa biznesi

16-iyulda Raqobat qo‘mitasi Mamajonovga «Rubicon Wireless Communication» MCHJ (Perfectum)ning 50 foiz ulushini olishga ruxsat bergan.

18-avgustda prezident Xorazm viloyatida tadbirkorlar kuni munosabati bilan yig‘ilish o‘tkazgandi. Unda taniqli tadbirkor, Perfectum aksiyadori Farhod Mamajonov so‘zga chiqib, VEON guruhi Perfectum mobil operatoriga 200 mln dollar sarmoya kiritmoqchi ekanini ma’lum qilgandi.

Tadbirkor ushbu bitim uchun Raqobat qo‘mitasining ruxsati kerak bo‘layotganini aytib, bu borada prezidentdan yordam so‘ragandi. Davlat rahbari esa masalani shaxsan nazoratga olishini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, 19-oktabrda VEON guruhi (Beeline Uzbekistan egasi — tahr.) Perfectum’ning 100 foiz ulushini 207 mln dollarga sotib olishini e’lon qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay bitimga ruxsat ham berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид