Logo

Prezident qoraqalpog‘istonlik ikki nafar tadbirkorni mukofotladi

Ulardan biriga «Do‘stlik» ordeni, ikkinchisiga esa «Xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator» faxriy unvoni berildi.

Prezident qoraqalpog‘istonlik ikki nafar tadbirkorni mukofotladi © Foto: president.uz

Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ikki nafar tadbirkor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishdagi xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan davlat mukofotlariga munosib ko‘rildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nukus tumanidagi asalarichilik xo‘jaligi rahbari Jubayev Baxtiyar Taylakovich «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan. Ushbu mukofot tadbirkorning mamlakatda asalarichilikni rivojlantirish va sohada istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun berilgan.

Prezident farmonida ta’kidlanishicha, tadbirkor kooperatsiya asosida o‘z faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida alohida tashabbuskorlik ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, uning jamiyatda o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanga muhabbat ruhida, mehnatsevar va shijoatli etib tarbiyalash yo‘lidagi ibratli ishlari e’tirof etilgan.

Innovatsiyalar va ishlab chiqarishdagi xizmatlar uchun mukofot

Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Shukurov Anvar Ismatovichga esa «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator» faxriy unvoni berildi.

Unga mazkur unvon zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llagan holda sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda energetika kabi muhim sohalarda import o‘rnini bosadigan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani uchun topshirilgan.

Farmonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakat taraqqiyotini yuksaltirish va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki tadbirkorning erishgan katta yutuqlari qatorida sanalgan.

Теглар

Мавзуга оид

Prezident qoraqalpog‘istonlik ikki nafar tadbirkorni mukofotladi | Vaqt.uz