Qaysi davlat oliygohlari ko‘proq daromad qilyapti?

Кеча 21:402 дақиқа

O‘zbekistonda davlat oliygohlarining moliyaviy ko‘rsatkichlari ochiqlandi — tizim umumiy hisobda zarar bilan ishlayotgan bo‘lsa-da, ayrim universitetlar yuzlab mlrd so‘m foyda ko‘rishga erishdi. Eng ko‘p daromad, foyda va zarar ko‘rgan oliygohlar ro‘yxati bilan tanishing:

Qaysi davlat oliygohlari ko‘proq daromad qilyapti?

O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalarining 2025-yil uchun moliyaviy ko‘rsatkichlari e’lon qilindi. Tizimda ko‘pchilik universitetlar yilni zarar bilan yakunlagan.

Barcha universitetlarning umumiy daromadi 12 trln so‘m bo‘ldi. Xarajatlar esa qariyb 300 mlrd so‘mga ko‘proq bo‘lib, 12,3 trln so‘mni tashkil qildi.

Daromadlar kesimida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 909 mlrd so‘m bilan yetakchi o‘rinni egalladi. Xalq tilida «Narxoz» deya ataladigan universitet o‘tgan yili ham bu borada birinchi o‘rinda edi.

Undan keyingi pog‘onalarda O‘zbekiston milliy universiteti (650 mlrd so‘m) va Qoraqalpoq davlat universiteti (571,2 mlrd so‘m) joy oldi.

1

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 77,7 mlrd so‘m bilan eng ko‘p sof foyda olgan oliygohga aylandi. Qarshi davlat texnika universiteti esa 57,8 mlrd so‘m bilan ikkinchi o‘rinni, Andijon davlat texnika instituti 33,8 mlrd so‘m bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizig‘i, Qoraqalpoq davlat universiteti 2024-yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan oliygoh bo‘lgandi.

2

O‘tgan yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan oliygoh Navoiy davlat pedagogika instituti bo‘ldi. Uning daromadi xarajatlaridan 93,8 mlrd so‘mga kamroq bo‘lgan.

Keyingi eng ko‘p zarar ko‘rgan oliy ta’lim muassasasi Qo‘qon davlat pedagogika instituti bo‘lib, uning zarari 73,7 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Barcha oliygohlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hisobotida tanishish mumkin.

Xususiy oliygohlarda ko‘rsatkichlar qanday?

Xususiy OTMlar orasida birinchi o‘rinni Toshkent kimyo xalqaro universiteti egalladi. Uning daromadi o‘tgan yil davomida 1,1 trln so‘mni tashkil qildi. Sof foyda esa 872 mlrd so‘m bo‘lgan bo‘lsa, to‘langan soliqlar 68,1 mlrd so‘mga yetdi.

Shunga qaramay, universitetning moliyaviy ko‘rsatkichlari 2024-yilga nisbatan sezilarli pasaygan.

Xususiy universitetning daromadi yil davomida 25,5 foizga, foydasi esa 38,6 foizga kamayib ketdi. Biroq, to‘langan soliqlar bu davrda 76 foizga ko‘paygan.

Ikkinchi o‘rinni Toshkent amaliy fanlar universiteti egalladi. Uning foydasi 219 mlrd so‘mni tashkil qildi. Daromad 367,7 mlrd so‘m, to‘langan soliqlar 35,4 mlrd so‘m bo‘ldi.

Kuchli uchlikni Alfraganus universiteti yopib berdi. Universitet 2024-yilda ikkinchi o‘rinda edi. 2025-yilda uning foydasi 30,2 foizga kamayib, 210,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Daromad 403,8 mlrd so‘m, soliqlar 46,3 mlrd so‘m bo‘ldi.


Теглар

Мавзуга оид

Qaysi davlat oliygohlari ko‘proq daromad qilyapti? | Vaqt.uz