Logo

Qoraqalpog‘istonlik pedagog «Yil o‘qituvchisi» bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi (video)

Бугун 18:062 дақиқа

U prezident bilan muloqot davomida ikki yil avvalgi suhbatini eslab, o‘sha paytda chekka hududda ishlashiga qaramay, qancha summa olganini aytib berdi.

Qoraqalpog‘istonlik pedagog «Yil o‘qituvchisi» bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi (video) © Videodan kadr

Qoraqalpog‘istonlik Nigora Allambergenova «Yil o‘qituvchisi» tanlovida g‘olib bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida ma’lum qilindi.

Qonliko‘l tumanidagi 2-sonli maktab o‘qituvchisi prezident bilan muloqot davomida ikki yil avvalgi suhbatini eslab, o‘sha paytda chekka hududda ishlashiga qaramay, qancha summa olganini aytib bergan.

«Hurmatli prezident, biz siz bilan ikki yil oldingi muloqotimizda, o‘zim chekka hududda ishlasam ham 2 ming dollar maosh olyapman, degan edim. Siz esa qachonki 4 ming dollar olayotgan bo‘lsangiz, men sizdan rozi bo‘laman, degan edingiz. Bugun sizga maqtanib ayta olaman. Men «Yil o‘qituvchisi» tanlovining g‘olibi sifatida 50 ming dollar olyapman», — degan Nigora Allambergenova.

U, shuningdek, Qonliko‘l tumanidagi 1-sonli maktab binosi avariya holatida bo‘lgani va ushbu maktab 2019-yildan buyon tuman texnikumi binosida faoliyat olib borganini aytgan. Uning aytishicha, prezident topshirig‘i bilan maktab uchun bu yil 600 o‘rinli yangi va zamonaviy bino qurib bitkazilgan. Bundan tashqari, yoshlar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiluvchi tuman kutubxonasi ham bu yil o‘z binosiga ega bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, mazkur bellashuvda butun respublika bo‘ylab 46 ming nafardan ortiq pedagoglar ishtirok etgan. Respublika bo‘yicha 208, Qoraqalpog‘istondan esa 17 o‘qituvchi ushbu tanlovda g‘olib deb topilgan.Respublikaning 208 ta tuman va shahri bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 616 million so‘m (bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari) miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Теглар

Мавзуга оид

Qoraqalpog‘istonlik pedagog «Yil o‘qituvchisi» bo‘lib, 50 ming dollar mukofot oldi (video) | Vaqt.uz