Ramazon oyining iqtisodiyotga ta’siri: tejamkorlik oyimi yoki xarajatlar mavsumi?

Ramazon oyida odamlar kun davomida ro‘za tutishlariga qaramasdan, iste’mol miqdori sezilarli oshadi. Shu bilan birga, zakot va xayriya past daromadli qatlamlarning xarid qobiliyatini kuchaytiradi.



Ramazon oyi — sabr, ro‘za va tejamkorlik oyi sifatida qabul qilinadi. Odatda shunday tasavvur bor: kunduzi ovqatlanilmasa, xarajatlar ham kamayishi kerak. Ammo o‘rganishlar boshqa xulosani ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bu oyda iste’mol miqdori oshadi, kunduzgi ish unumdorligi biroz pasayadi va tungi iqtisodiyot keskin jonlanadi.

Iste’mol paradoksi: ro‘za, ammo xarajat oshadi

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, musulmon mamlakatlarda Ramazon oyida oziq-ovqat iste’moli boshqa oylarga nisbatan 50 foizdan 100 foizgacha oshadi. Bu bir qarashda paradoksdek ko‘rinadi: ro‘za tutiladi, lekin sarf-xarajatlar oshaveradi.

Bu holatni, avvalo, psixologik omil bilan izohlash mumkin. Kun bo‘yi och yurgan inson iftorlik vaqtida ehtiyojidan ortiq mahsulot xarid qilishga moyil bo‘ladi. Savatchaga rejalashtirilmagan shirinliklar, ichimliklar va qo‘shimcha mahsulotlar qo‘shiladi. Bundan tashqari, mehmondo‘stlik, iftorlik yig‘inlari va bayram oldi tayyorgarliklari xarajatni yanada oshiradi.

The International Review of Economics jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, Ramazon davrida musulmon uy xo‘jaliklari xarajatlari o‘rtacha 40 foizga oshadi. Ayniqsa Ramazon hayiti arafasida talab yanada kuchayadi.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan bu holat «talab shoki» sifatida baholanadi — ya’ni aholining katta qismi bir vaqtning o‘zida xaridni oshiradi va bozorda narx bosimi yuzaga keladi.

Ish unumdorligi va «kunduzgi sukunat»

Ramazonning iqtisodiyotga ta’siri faqat iste’mol bilan cheklanmaydi. U mehnat unumdorligiga ham ta’sir qiladi. Harvard University tadqiqotlarida qayd etilishicha, uyqusizlik va ochlik ayrim sharoitlarda ish unumdorligini 20–30 foizgacha pasaytirishi mumkin.

Sababi oddiy: Ramazonda tungi hayot faollashadi. Odamlar sahargacha uyg‘oq bo‘ladi, kunduz esa organizm nisbatan sekin ishlaydi. Ayrim mamlakatlarda ish vaqtining qisqartirilishi ham umumiy ishlab chiqarish hajmiga ta’sir ko‘rsatadi.

Natijada iqtisodiyot go‘yo ikki fazali rejimga o‘tadi: kunduzi nisbatan sust, kechasi esa faol.

Tungi iqtisodiyot: xizmatlarga ehtiyoj oshadi

Ramazon kechalari savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida keskin jonlanish kuzatiladi. Restoranlar, yetkazib berish xizmatlari, savdo markazlari va ko‘ngilochar maskanlar uchun bu yilning eng daromadli davrlaridan biri hisoblanadi.

Iftorlik va saharlik buyurtmalari oshadi, oziq-ovqat savdosi ko‘payadi. Ayrim biznes tarmoqlari aynan Ramazon davrida asosiy foydasini shakllantiradi. Bu esa iqtisodiyot ichida resurslar va daromadlarning qayta taqsimlanishiga olib keladi.

Zakot va sadaqa iqtisodiy zanjirni kuchaytiradi

Ramazon oyida zakot va sadaqa hajmi ham sezilarli darajada oshadi. Tadqiqotchilar, jumladan MoezAlIslam E. Faris boshchiligidagi guruh Ramazonni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘lab tahlil qilgan.

Zakot va xayriya mablag‘lari past daromadli qatlamlarga yetib borib, ularning xarid qobiliyatini oshiradi. Natijada pul iqtisodiy zanjir bo‘ylab aylanadi va qo‘shimcha talab yuzaga keladi. Bu jarayon «iqtisodiy multiplikator effekti»ni kuchaytiradi.

Shu bilan birga, Ramazon mohiyati jihatidan tejamkorlik va isrof qilmaslikni targ‘ib qiladi. Agar bu qadriyatlar amalda ham to‘liq qo‘llansa, oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va mas’uliyatli iste’mol madaniyatini shakllantirish mumkin.

Ramazon — faqat ibodat oyi emas, balki har yili takrorlanadigan iqtisodiy faollik davridir. Bu oyda uy xo‘jaliklari xarajatlari oshadi, bozorda talab kuchayadi. Biroq ayni paytda xayriya, o‘zaro yordam va ijtimoiy birdamlik ham mustahkamlanadi.

Ya’ni, Ramazon bir tomondan bozorga bosim o‘tkazsa, ikkinchi tomondan mas’uliyatli iqtisodiy yondashuv uchun imkoniyat yaratadi.

Nima qilish kerak?

— Narxlarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish o‘rniga ta’minotni kuchaytirish kerak: zaxiralarni shakllantirish, importni oldindan rejalashtirish va logistikani yaxshilash orqali narxlar barqarorligini ta’minlash mumkin.

— Zakot va xayriyani tizimli va shaffof mexanizmlar orqali tashkil etish kerak: bu yordamning haqiqiy ehtiyojmandlarga samarali yetib borishini ta’minlaydi.

— Isrofni kamaytirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarur: Ramazonning o‘zi tejamkorlikka chaqiradi, bu qadriyat amaliyotda ham aks etishi kerak.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 101

Барчаси

Мавзуга оид