Logo

Rossiya benzinining Markaziy Osiyoga eksporti 67 foizga oshdi

Yoz va kuz boshida Rossiyadagi yoqilg‘i taqchilligi sababli eksport cheklangan edi. Oktyabr oyida esa mintaqaga benzin va dizel yetkazib berish hajmi yana oshdi. Xususan, O‘zbekiston ham Rossiyadan dizel importini ikki barobar ko‘paytirdi.

Rossiya benzinining Markaziy Osiyoga eksporti 67 foizga oshdi © autonews.ru

Markaziy Osiyo mamlakatlari, Mongoliya va Afg‘oniston oktabr oyida Rossiyadan dizel yoqilg‘isi va avtomobil benzinini import qilish hajmini oshirdi. Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi sababli yetkazib berishga kiritilgan cheklovlardan so‘ng, mintaqaga eksport qayta tiklana boshladi. Savdogarlar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya dizel yoqilg‘isi eksporti 460 ming tonnaga, benzin eksporti esa 107 ming tonnaga yetdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Yoz va kuz boshida Rossiyada yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi Moskvani Markaziy Osiyo va Mongoliyaga eksport hajmini cheklashga majbur qilgan.

Rossiyadan dizel yetkazib berish hajmi oshdi

Bu bozorlar an’anaviy ravishda neft mahsulotlari importida Rossiyaga bog‘liq. Biroq oktabr oyining ikkinchi yarmida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlash hajmi oshganidan so‘ng, mintaqaga yoqilg‘i yetkazib berish asta-sekin tiklana boshladi.

Savdogarlar ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida Rossiyadan Markaziy Osiyo va Mongoliyaga yetkazilgan dizel yoqilg‘isi hajmi 460 ming tonnaga yetgan. Sentyabr oyida bu ko‘rsatkich 427 ming tonnani tashkil etgan. Kalendar kunlari sonidagi farq hisobga olinganda, sutkalik o‘rtacha o‘sish 4 foizni tashkil qilgan.

229 ming tonna dizel yoqilg‘isi olgan Mongoliya yetkazib berish hajmi oshishiga asosiy hissani qo‘shgan. Shuningdek, O‘zbekistonga eksport 59 ming tonnagacha yetib, sentabr oyiga nisbatan ikki barobar oshgan. Tojikistonga yetkazib berish esa 67 ming tonnani tashkil etib, 70 foizga ko‘paygan.

Avtomobil benzini yetkazib berish hajmi ham oshgan. Oktyabr oyida ushbu yo‘nalishdagi eksport 107 ming tonnani tashkil etgan. Sentyabr oyida esa bu ko‘rsatkich 62 ming tonna bo‘lgan. O‘rtacha kunlik o‘sish hisobi 67 foizga yetgan. Xususan, Qirg‘izistonga benzin eksporti olti barobar oshib, 33 ming tonnaga, Mongoliyaga yetkazib berish esa 23 foizga ko‘payib, 71 ming tonnaga yetgan.

Shu bilan birga, aviatsiya kerosini yetkazib berish hajmi 29 ming tonnadan 14 ming tonnagacha qisqargan. Bu 53 foizga kamayishni anglatadi.

Oktyabr oyida eksport tiklanganiga qaramay, yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Noyabr oyida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar orqali hujumlar yana boshlangan. Mamlakatning ayrim hududlarida esa motor yoqilg‘isini chakana sotishga cheklovlar joriy etilgan.

Eksportga yangi cheklovlar ta’sir qilishi mumkin

Eksport bozoriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan yana bir omil Rossiyaning noyabr oyida AQSH va boshqa mamlakatlarga 2,15 mln tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib berish rejasidir. Bu jarayon Amerika tomoni bilan tuzilgan dizel kelishuvi doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Tojikistonda ham yil oxiriga borib yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligidan xavotir bildirilmoqda. Mamlakat hukumati Moskva bilan 2026-yilda dizel yoqilg‘isi yetkazib berish kvotasini 100 ming tonnaga oshirib, 550 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha kelishgan.

Shu bilan birga, Rossiyada dizel yoqilg‘isi va benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq 2027-yil 31-yanvargacha uzaytirilgan. Ikki tomonlama kelishuvlar amal qiladigan mamlakatlar hamda AQSH prezidenti bilan erishilgan kelishuvlar doirasidagi yetkazib berishlar bundan mustasno.

Yil boshidan buyon import qanday o‘zgardi?

Umuman olganda, 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Mongoliya va Afg‘onistonga Rossiyadan dizel yoqilg‘isi importi 8 foizga oshib, 3,4 mln tonnaga yetgan. Shu davrda avtomobil benzini xaridi 18 foizga kamayib, 1,68 mln tonnani, aviatsiya kerosini importi esa 32 foizga qisqarib, 520 ming tonnani tashkil etgan.

Savdogarlar ta’kidlashicha, Rossiya eksportchilari 2026-yilning aprel oyidan boshlab Afg‘onistonga avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatgan.

Markaziy Osiyoga yoqilg‘i yetkazib berishda Belarus ham ishtirok etmoqda. Oktyabr oyida Belarusdan mintaqaga motor yoqilg‘isi eksporti 41 ming tonnani tashkil etgan. Sentyabr oyida esa bu ko‘rsatkich 74 ming tonna bo‘lgan. Biroq 2026-yilning dastlabki o‘n oyida yetkazib berish hajmi 921 ming tonnaga yetgan. 2025-yilning shu davrida esa 670 ming tonnani tashkil qilgan.

Shunday qilib, oktabr oyida Rossiyadan yoqilg‘i yetkazib berish hajmining oshishi yoz va kuz boshidagi cheklovlardan so‘ng mintaqa ta’minoti qisman tiklanganini ko‘rsatmoqda. Biroq Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari uchun yangi xavflar, eksport cheklovlari va mavjud yoqilg‘i hajmlari uchun raqobat kelgusidagi yetkazib berish dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya dizeli mojarosi haqida yozgan edik. Tramp va Putin o‘rtasidagi dizel kelishuvi amalda kutilgan natijani bermadi: Rossiyadan AQSHga yo‘l olgan tankerlar boshqa yo‘nalishga burildi, yuklarni qabul qilish esa huquqiy bahslarga sabab bo‘ldi.

Farangiz Bobojonova

Теглар

Мавзуга оид

Rossiya benzinining Markaziy Osiyoga eksporti 67 foizga oshdi | Vaqt.uz