Senat ma’qullagan umrbod qamoq jazosi, mustaqillashgan Markaziy bank va 11,7 mlrd dollarlik tashqi savdo taqchilligi — 3-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston avgust oyida oltin sotmadi
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026 yilning yanvar–avgust oylarida 22,8 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 foizga (795 million dollarga) kamdir. Eksport hajmining pasayishi oltin savdosining qariyb uch barobarga qisqargani bilan izohlanadi: 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida 8,3 milliard dollarlik oltin sotilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 2,8 milliard dollarni tashkil etdi (qimmatbaho metall faqat aprel va iyul oylarida eksport qilingan, avgust oyida esa umuman sotilmagan).
Eksportning kamayishi fonida mamlakatning oltin-valuta zaxiralarida sezilarli o‘sish kuzatildi. 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 72,1 milliard dollarga yetdi va uning asosiy qismini — 64,9 milliard dollarini oltin tashkil qilmoqda. Yil boshidan buyon zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 46,7 tonnaga ko‘payib, jami 438,6 tonnaga (14,11 mln troy unsiya) yetgan. Shuningdek, jahon bozorida oltin narxining qimmatlashishi ham mamlakat zaxiralarining dollardagi qiymati oshishiga qo‘shimcha turtki bo‘lgan.
Senat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi
Oliy Majlis Senatining 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonun ma’qullandi. Qonunga asosan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Shuningdek, bunday o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi (da’vo muddati) qo‘llanilmaydi hamda bola o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan qilingan jinoyatlar uchun muddatidan ilgari shartli ozod qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, zo‘ravonlikda aybdor deb topilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida ishlashi cheklanib, ular bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish tartibi Mehnat kodeksiga kiritilmoqda.
Jabrlanuvchi bolalar uchun protsessual kafolatlar ham kengaytirildi: endilikda voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayoni videoyozuvga olinadi, ularga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi va ayblanuvchi bilan yuzlashtirish faqat tergovchi yoki prokuror qarori yoxud sud ajrimi asosida amalga oshiriladi (agar zo‘ravon yaqin qarindosh bo‘lsa, vasiylik organi ishtiroki majburiy etib belgilanadi). Ma’lumot uchun, statistikaga ko‘ra 14 yoshga to‘lmaganlarni zo‘rlash jinoyatlari 2022 yildagi 85 tadan 2025 yilda 123 tagacha oshgan, o‘tgan yili maktab va bog‘chalarda 122 ta zo‘ravonlik holati qayd etilgan. Mazkur qonun 12-sentabr kuni Namangan viloyatidagi davlat bog‘chasida 5 yoshli bolaga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holati ortidan jamoatchilik muhokamasidan so‘ng tezlashtirilib, imzolash uchun Prezidentga yuborildi.
Senat Markaziy bank mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi
Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni Markaziy bankning pul-kredit siyosati, bank nazorati va to‘lov tizimlarini tartibga solishdagi mustaqilligini kengaytiruvchi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, regulyatorning yuridik xizmati ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar (prudensial normativlar, risklarni boshqarishga oid talablar) Adliya vazirligida 10 ish kuni ichida soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi hamda ularni umumiy 3 oylik kechiktirishsiz tezkor kuchga kiritish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, qonun bilan Markaziy bank va uning tuzilmalari faoliyatini tekshirish faqat Senat qarori yoki qonunchilikda bevosita nazarda tutilgan hollardagina amalga oshirilishi qat’iy belgilanmoqda. Bundan tashqari, Markaziy bank normativ-huquqiy hujjatlari loyihalarini Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman bilan majburiy kelishish talabi bekor qilindi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining 2024–2025 yillarda o‘tkazilgan Moliya sektorini baholash dasturi (FSAP) tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, ular mamlakat bank sektorining xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash, regulyatorning favqulodda holatlarga tezkor javob berish salohiyatini va tizimning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Rossiya va Turkmanistondan gaz xaridini keskin ko‘paytirdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026 yilning yanvar–avgust oylarida Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importini o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,2 foizga oshirib, jami 1,21 milliard dollarlik gaz xarid qilgan. Ushbu mablag‘ning 124,3 million dollari suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri kelib, uning importi 3,5 barobarga keskin oshgan.
Gaz importi hajmi oylar kesimida turlicha o‘zgarishlarni qayd etgan. Xususan, iyun oyida yil boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich — 247 million dollarlik gaz xarid qilingan bo‘lsa, iyul oyida bu raqam keskin pasayib, 38,3 million dollarni tashkil qilgan. Biroq avgust oyida import hajmi qayta tiklanib, iyul oyiga nisbatan qariyb 5,4 barobar ko‘p — 206,1 million dollarga yetgan. Ma’lumot o‘rnida, dastlabki sakkiz oyda mamlakatning umumiy importi 34,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Import oshdi, eksport kamaydi: O‘zbekistonning 8 oydagi tashqi savdo hajmi e’lon qilindi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 57,4 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,6 foizga o‘sdi. Mazkur davrda eksport hajmi 3,4 foizga kamayib, 22,9 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, import 16,3 foizga oshib, 34,5 mlrd dollarga yetdi. Natijada tashqi savdo balansida 11,7 mlrd dollarlik manfiy saldo qayd etildi.
Umumiy eksport pasayganiga qaramay, oltinni hisobga olmagan holda tovarlar eksporti 28,7 foizga o‘sib, 11,5 mlrd dollarni tashkil qildi. Shuningdek, xizmatlar eksporti 33,8 foizga oshib, 8,5 mlrd dollarga yetdi (bunda asosiy ulush sayohat va turizm — 54,1 foiz, transport — 30,5 foiz va IT xizmatlari — 8,4 foiz hissasiga to‘g‘ri keladi). To‘qimachilik mahsulotlari eksporti ham 26,9 foizlik o‘sish bilan 2,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Import tarkibida esa eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari (32,6 foiz) va sanoat tovarlari (14,7 foiz) egalladi.
Mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari orasida Xitoy 23 foiz (13,2 mlrd dollar) ulush bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi. Kuchli uchlikdan, shuningdek, Rossiya (16 foiz, 9,2 mlrd dollar) va Qozog‘iston (6,5 foiz, 3,7 mlrd dollar) joy olgan. Importning 65 foizdan ortig‘i aynan shu davlatlar, qolaversa Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.





