Logo

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi © Foto: president.uz

19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirishga qaratilgan qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Yig‘ilishda Turkiya Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari qatnashdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan ushbu yangi mexanizm ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Kengashning birinchi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan biznes forumida 200 dan ziyod tadbirkorning faol ishtirok etgani o‘zaro sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan yuksak qiziqishdan dalolat berishi qayd etildi.

«Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida 2017 yildan buyon iqtisodiyotimiz uch barobarga o‘sdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Ushbu jarayonda bizga doim yelkadosh bo‘lib kelayotgan strategik sherigimiz – Turkiya bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi:

• Tog‘-kon sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi: tog‘-kon sanoati va «yashil» energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar qurish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, mahsulot yetishtirishdan uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan yaxlit qiymat zanjirini shakllantirish.
• Elektrotexnika sanoati: mamlakatda jadal rivojlanayotgan ushbu tarmoqda turk kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika mahsulotlari, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirishga taklif etildi.
• Qurilish va infratuzilma: «Yangi Toshkent» megaloyihasi doirasida zamonaviy tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar barpo etish, shuningdek, pulli avtomobil yo‘llari va logistika markazlarini rivojlantirishda turk sarmoyadorlarining ishtiroki olqishlandi.
• Farmatsevtika: tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani va sohada keng imtiyozlar taqdim etilayotgani bildirilib, turkiyalik investorlar mazkur yo‘nalishda ham yaqin hamkorlikka chaqirildi.
• Xususiylashtirish va DXSH: Turkiya banklari, investitsiya fondlari va yirik sanoat korxonalari xususiylashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga taklif qilindi.
• Texnologiya va moliya: avtomobilsozlik, energetika, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, bank sektoridagi islohotlarda qatnashish taklif etildi.

Tadbirda O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, maxsus iqtisodiy zonalarda keng imtiyozlar berish siyosati izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

«Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz», — dedi Prezident so‘zining yakunida.

Yig‘ilishda kengash hamraislari — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva va Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz ham so‘zga chiqdilar.

«Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya yuqori darajadagi kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan Kengash hamraisi sifatida investitsiya va biznes aloqalarini kengaytirish, tadbirkorlar uchun to‘siqlarni bartaraf etish hamda har bir loyihaga yaqindan ko‘maklashishga doimiy e’tibor qaratamiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida.

Muloqot chog‘ida Turkiya kompaniyalari rahbarlari faoliyatlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirayotgan loyihalari, kelgusi rejalari hamda takliflarini bayon qildi.

Теглар

Мавзуга оид