Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlab oltin va kumush tangalar chiqariladi
Markaziy bank dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush esdalik tangasini muomalaga chiqarishni rejalashtirgan. Tangalarning og‘irligi 31,1 grammdan bo‘lib, ular yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.

Markaziy bank Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi.
Tangalar «Ikki tanga — bir Registon» konsepsiyasi asosida yaratilgan. Ular yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.
Tangalarning avers qismida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me’moriy elementlari, shaxmat donalari silueti va geometrik naqshlar aks ettirilgan. Oltin tangaga «46-Butunjahon Shaxmat Olimpiadasi Samarqand-2026», kumush tangaga esa «46th Fide Chess Olympiad Samarkand-2026» yozuvi tushiriladi.
Revers qismida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) logotipi joylashtirilgan. Oltin tangada «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki», kumush tangada esa «Central Bank of the Republic of Uzbekistan» yozuvi hamda nominal qiymati ko‘rsatiladi.
Har ikki tanga 999,9 probali oltin va kumushdan zarb etiladi. Ularning har biri 31,1 gramm og‘irlikka ega bo‘lib, nominal qiymati esa 100 ming so‘m etib belgilangan.
Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, bozor talabi va kolleksionerlar qiziqishidan kelib chiqib, tangalar tiraji keyinchalik bosqichma-bosqich oshirilishi mumkin.
Tangalarni 24-sentabrdan tijorat banklari va filiallarida xarid qilish mumkin
Eslatib o‘tamiz, regulyator sentabr oyi boshida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarni sotuvga chiqargandi.





