Shovqindan jabr ko‘rganlarga kompensatsiya to‘lanishi mumkin
O‘zbekistonda aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishga qaratilgan yangi qonun Senat tomonidan ma’qullandi.

Senatning 13-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida «Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Muhokamalar davomida mamlakatda sanoat korxonalari sonining ortishi, keng ko‘lamli qurilish ishlari, shaharlar hududining kengayishi va transport vositalari sonining ko‘payishi aholi hayotida shovqin ta’sirini kuchaytirib borayotgani ta’kidlandi.
Senatorlar fikricha, amalda aholi salomatligi va osoyishtaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shovqinlarga qarshi kurashishni kompleks tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Shu sababli mazkur sohada aniq mexanizmlarni belgilash zarurati yuzaga kelgan.
Salomatlikka jiddiy xavf
Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Sayyora Sapayevna Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, shovqin inson salomatligiga ta’sir qiluvchi eng muhim ekologik xavf omillaridan biri ekanini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, yuqori darajadagi doimiy shovqin insonning eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hatto karlikka sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shovqin yurak-qon tomir kasalliklarini keltirib chiqarishi, asab tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham aniqlangan.
Tadqiqotlar doimiy shovqin sharoitida insonlarning mehnat unumdorligi 10 foizdan 30 foizgacha pasayishini ko‘rsatgan. Bolalar va yoshlarga ta’siri esa yanada yuqori baholanmoqda. Ayniqsa, maktablar va bolalar bog‘chalari atrofidagi yuqori shovqin darajasi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.
Amaldagi me’yorlar va muammolar
Sanepidqo‘m raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda turar joy hududlari uchun kunduzgi shovqin me’yori 45 detsibelni, tungi dam olish vaqti uchun esa 35 detsibelni tashkil etadi.
Majlisda qayd etilishicha, shovqinning zararli ta’siri bo‘yicha yettita sanitariya norma va qoidasi amal qilib kelayotgan bo‘lsa-da, qonunchilikda qat’iy talablar belgilanmagan. Bu esa mazkur sanitariya talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashda muammolar keltirib chiqarmoqda.
Shu bilan birga, inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan va ruxsat etilgan darajadan yuqori shovqin keltirib chiqarayotgan obyektlarni javobgarlikka tortish tartibi ham yetarlicha aniq belgilanmagani ta’kidlandi.
Qonunda nimalar nazarda tutilmoqda?
Yangi qonun bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning umumiy qoidalari, davlat organlarining ushbu sohadagi vakolatlari va amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Hujjatda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqin turlari, bunday harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oraliqlari hamda shovqinning zararli ta’siri uchun kompensatsiya to‘lovlariga oid normalar ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi huquqlari va majburiyatlari ham aniq belgilab berilmoqda.
Senatorlar fikricha, qonunning qabul qilinishi mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solish, aholi salomatligi va osoyishtaligini muhofaza qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda qonun talablari tabiiy shovqinlarga, huquqbuzarliklarning oldini olish, qutqaruv xizmati, tez tibbiy yordam ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar natijasida yuzaga keladigan shovqinlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, milliy bayramlar, ommaviy sport va madaniy tadbirlar hamda diniy marosimlar vaqtida yuzaga keladigan shovqinlar ham ushbu qonun doirasiga kirmaydi.





