Startaplar davri: O‘zbekistonda startaplarga sarmoya 5 barobar oshdi
2025-yil o‘zbek startap ekotizimiga 329 mln dollar sarmoya kiritildi. Biroq, buning 176,4 mln dollari hali rasman tasdiqlanmagan Click va Halyk Bank o‘rtasidagi bitimdir.

2025-yilda O‘zbekiston startap ekotizimiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 329 mln dollarga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 522 foiz o‘sishni anglatadi, o‘sha yilda investitsiyalar hajmi atigi 6,3 mln dollarni tashkil etgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda startaplar bo‘yicha bitimlar soni 38 tadan 140 tagacha ko‘paydi. Shu bilan birga, mamlakatdagi startaplar soni ham 400 tadan 750 tagacha yetdi.

Investitsiyalarning asosiy qismi erta bosqichdagi startaplarga yo‘naltirildi. Jumladan, sarmoyalarning 61 foizi seed bosqichiga, 31 foizi esa pre-seed bosqichiga to‘g‘ri keldi. Bu holat investorlar yangi g‘oya va texnologiyalarga asoslangan loyihalarni erta bosqichdayoq qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirganini anglatadi.
Startaplar asosan quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oldi:
— Sun’iy intellekt (AI) — 24,4 foiz;
— Elektron tijorat (E-commerce) — 12,5 foiz;
— Xizmat sifatida dasturiy ta’minot (SaaS) — 11,7 foiz;
— ERP va CRM tizimlari (ERP & CRM) — 10.1 foiz;
— Ta’lim texnologiyalari (EdTech) — 9,4 foiz;
— Moliyaviy texnologiyalar (FinTech) — 7 foiz;
— Ijtimoiy texnologiyalar (SocialTech) — 4,7 foiz;
— Logistika (Logistics) — 3,9 foiz;
— Reklama texnologiyalari (AdTech) — 3,1 foiz;
— Sog‘liqni saqlash texnologiyalari (HealthTech) — 3.1 foiz;
— Savdo nuqtasi tizimlari (POS) — 2,3 foiz.
Shu bilan birga, umumiy investitsiyalarning katta qismi xorijiy sarmoya hisobiga to‘g‘ri keldi. 329 mln dollarlik investitsiyaning 293 mln dollari xorijiy kapitaldan shakllandi.

Biroq, bunda Qozog‘istondagi Halyk Bank va Click o‘rtasidagi shartnoma rasman tasdiqlanmagani uchun to‘liq qayd etilmagan. 176,4 mln dollarlik bitim 2025-yilning may oyida e’lon qilingandi.
2020–2025-yillar davomida mamlakat startap ekotizimining jamlanma bahosi 3,9 mlrd dollarga yetdi. Bu davrda venchur infratuzilmasi ham shakllana boshladi.
2025-yilda startaplar bo‘yicha jami 141 ta bitimdan 125 tasi mahalliy, 16 tasi xorijiy bitimlar bo‘ldi.

Bozordagi eng faol investorlardan sifatida esa IT Park Ventures va AloqaVentures qayd etildi. Ular erta bosqichdagi startaplarni qo‘llab-quvvatlab, keyingi investitsiya raundlarida ham ishtirok etdi va bozordagi kapital jalb etilishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
Shuningdek, IT Park Ventures va UzVC yangi fondlar tashkil etish hamda qo‘shma investitsiya mexanizmlarini rivojlantirish orqali venchur bozorining institutsional asoslarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning «Startaplarni qo‘llab-quvvatlash kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilgacha 2 mlrd dollar venchur investitsiya jalb qilish va amalga oshirilayotgan startaplar sonini 5 mingtaga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Теглар





