Suv omborlari va ularga tutash hududlarda turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash hududlardagi bo‘sh, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlari hamda rekreatsiya obyektlarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
© Foto: WikipediaO‘zbekistonda suv omborlari va ularga tutash bo‘sh yerlarda turistik obyektlar tashkil etiladi. Bu haqda 2026-yil 5-noyabrdagi 609-sonli Hukumat qarori bilan tasdiqlangan «Suv omborlari va ularga tutash hududlardagi bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida turizm xizmatlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur hududlarda turistik obyektlarni joylashtirishda dam oluvchilarning xavfsizligi va atrof-muhit tozaligiga qat’iy talablar qo‘yilgan.
Xususan, suv omborlari atrofida xizmat ko‘rsatuvchilar qutqaruv xizmatini tashkil etishi yoki professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma tuzgan holda navbatchilik xizmatini yo‘lga qo‘yishi shart qilib belgilandi.
Shu bilan birga, hududda kichik hajmli kemalar va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) xavfsiz foydalanish qoidalariga to‘liq rioya qilinishi talab etiladi. Ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida turizm obyektlarida hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan majburiy tartibda shartnomalar tuziladi.
Yer ajratish tartibi va raqamli infratuzilma
Suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda faqatgina elektron onlayn-auksion savdolari orqali tadbirkorlarga ajratib beriladi.
Obyektlarni qurish va joylashtirish jarayonida tabiiy xavf-xatarlar va muhofaza hududlari qat’iy hisobga olinadi. Jumladan, suvni muhofaza qilish zonalari, sanitariya muhofaza qilish zonalari, shuningdek, sel va ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda qurilish va joylashtirish ishlariga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, mazkur turistik hududlarda zamonaviy xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida raqamli infratuzilma keng joriy etiladi. Sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida raqamli xaritalar, onlayn bron qilish tizimlari hamda QR-kodli navigatsiya vositalari ishga tushirilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarga imtiyozlar berilishi haqida xabar berilgandi.





