Logo

«Suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi» — energetika vaziri

Бугун 15:502 дақиқа

Har bir mahallaning barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan energetik pasporti shakllantiriladi. Elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqida mobil ilovalar orqali tezkor ma’lumot berib boriladi.

«Suyultirilgan gazning erkin bozorini shakllantirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi» — energetika vaziri © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda energiya resurslari tannarxini pasaytirishda raqobat muhitini kengaytirish va bozor mexanizmlarini jadal joriy etishga ham alohida ahamiyat beriladi. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bunda tadbirkorlarning import qilib olib kirgan suyultirilgan gazini aholi va tadbirkorlik subyektlariga sotish jarayonini soddalashtirish, ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birga, xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish ta’minlanadi. Shu maqsadda amaldagi texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqish va suyultirilgan gazdan foydalanish bilan bog‘liq xavflarning oldini olishga qaratilgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha prezidentdan topshiriq olgan.

Vazirning urg‘ulashicha, har bir mahallaning barcha zarur ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan energetik pasporti shakllantiriladi. Unda mahalladagi iste’molchilar soni va ularning toifalari, elektr energiyasi va tabiiy gaz infratuzilmasining mavjud holati, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun qancha mablag‘ va vaqt talab etilishi, yangi iste’molchilarni tarmoqqa ulash imkoniyatlari kabi barcha zarur ma’lumotlar aks ettiriladi.

«Agar mavjud quvvat yangi iste’molchilar ehtiyojini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, infratuzilmani qaysi yo‘nalishlarda kuchaytirish va kengaytirish zarurligi ham aniq belgilanadi», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar haqida mobil ilovalar orqali tezkor ma’lumot berib boriladi. Shu bilan birga, Call-markazlar faoliyati ham yanada takomillashtiriladi. Shu bilan birga, elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishdagi yo‘qotishlar hamda debitor qarzdorlikni keskin qisqartirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning yangi energetika vaziri prezident oldida taqdimot qilgandi. Unda Energetika vazirligi, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va «O‘zenergoinspeksiya» yangi rahbariyatining topshiriqlar ijrosini tashkil etish borasida olib borayotgan ishlari hamda kelgusi rejalari ko‘rib chiqilgandi.

Теглар

Мавзуга оид