Logo

«Tesla» 2027-yilda «Cybertruck» ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi

Бугун 16:593 дақиқа

Ilon Mask kompaniyaning Texasdagi zavodida elektropikap ishlab chiqarishni to‘xtatib, bo‘shaydigan quvvatlarni haydovchisiz taksi loyihasiga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

«Tesla» 2027-yilda «Cybertruck» ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi © Foto: tesla

«Tesla» kompaniyasi o‘zining shov-shuvli «Cybertruck» elektr pikapini ishlab chiqarishni 2027-yilning o‘rtalariga kelib butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyaning bosh direktori va eng yirik aksiyadori Ilon Mask rasman ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Texasdagi yirik «Gigafactory» zavodida «Cybertruck» uchun ajratilgan barcha ishlab chiqarish quvvatlari yaqin kelajakda to‘liq ravishda yangi avlod transport vositasi — «Cybercab» haydovchisiz taksisini (robotaksi) ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

«Cybertruck» biz uchun texnologiyalarni rivojlantirish va sinovdan o‘tkazish uchun ajoyib platformaga aylandi va undagi yechimlar endilikda «Cybercab» loyihasida o‘z hayotini davom ettiradi», — deya ta’kidladi pikapning yetakchi muhandisi Ues Morrill o‘z bayonotida.

«Cybertruck»ning murakkab tarixi va sotuvdagi pasayishlar

«Tesla» o‘zining futuristik «Cybertruck» pikapi prototipini ilk bor 2019-yilning kuzida taqdim etgan va u katta qiziqish uyg‘otgan edi. O‘shanda Ilon Mask avtomobil 2021-yildayoq ommaviy sotuvga chiqarilishini va’da qilgan.

Biroq turli texnik muammolar sababli muddat avval ikki yilga surilgan, 2022-yil boshida esa seriyali ishlab chiqarish boshlanishi noma’lum muddatga qoldirilgani e’lon qilingandi.

Nihoyat, 2023-yilning may oyida Mask ishlab chiqarish yil oxirigacha yo‘lga qo‘yilishini tasdiqladi va o‘sha yilning 30-noyabr kuni dastlabki buyurtmachilar o‘z avtomobillarini qabul qilib olishdi.

«Cybertruck» ilk bor sotuvga chiqarilayotgan vaqtda Ilon Mask yiliga kamida 250 mingta pikap sotishni ulkan maqsad qilgan edi. Biroq amalda bu ko‘rsatkichlarga erishilmadi.

Kelley Blue Book platformasi ma’lumotlariga tayanib «Reuters» xabar berishicha, talab eng yuqori bo‘lgan 2024-yilda ham butun AQSH bo‘ylab atigi 38 965 dona «Cybertruck» sotilgan.

2025-yilga kelib esa elektropikap savdosi deyarli ikki baravar qulab tushdi va kompaniya bor-yo‘g‘i 20 237 dona avtomobil sotishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, yirik xaridorlardan biri Maskning o‘ziga tegishli bo‘lgan «CpaceX» kompaniyasi bo‘lib, u 131 million dollarlik pikaplar buyurtma qilgan.

Muammolar va kelajak rejalari: «Cybercab»ga o‘tish

AQSH regulyatorlarining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan uch yil davomida kompaniya «Cybertruck» avtomobillaridagi turli nuqsonlar sababli ularni jami 11-marta chaqirib olishga (recall) majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘ziga xos burchakli dizayni va piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy xavflar sababli avtomobilni Yevropa Ittifoqi davlatlariga import qilishda qonunchilikka oid katta muammolarga duch kelingan.

AQSH ichki bozorida esa elektr pikaplarga bo‘lgan umumiy talab pastligicha qolmoqda.

Shu sababli, kompaniya o‘z strategiyasini butunlay o‘zgartirmoqda. 2024 yilning oktabr oyida Ilon Mask «Cybercab» haydovchisiz taksisi (robotaksi) prototipini keng ommaga taqdim etdi va u sotuvga chiqarilganda narxi 30 ming dollardan past bo‘lishini va’da qildi.

Milliarderning ta’kidlashicha, aynan mana shu arzon va avtonom transport vositasining ommaviy ishlab chiqarilishi 2027-yilda boshlanishi kerak. Texasdagi «Gigafactory»ning bo‘shaydigan quvvatlari esa aynan mana shu maqsadga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид