Logo

To‘qqiz oy davomida 10,6 mingdan ortiq gaz balloni talon-toroj qilingani aniqlandi

Бугун 10:132 дақиқа

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz talon-toroj qilingani ma’lum qilindi. Holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga 25 ta material yuborilib, 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

To‘qqiz oy davomida 10,6 mingdan ortiq gaz balloni talon-toroj qilingani aniqlandi © hududgaz

O‘zbekistonda 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida 1,4 ming tonna suyultirilgan gaz va 10 626 dona maishiy gaz balloni talon-toroj qilingan. Shuningdek, suyultirilgan gazni noqonuniy sotishga ixtisoslashgan 471 ta «bunker» aniqlanib, ularning faoliyatiga chek qo‘yilgan. Bu haqda «Hududgazta’minot» axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil va 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida mas’ul tuzilmalar tomonidan 3 mingdan ortiq to‘satdan tekshiruv va reyd tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ularning natijasida jami 1 217 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida qiymati taxminan 2 milliard so‘mlik 193,6 tonna suyultirilgan gaz hamda umumiy qiymati 8,7 milliard so‘mlik 17 301 dona maishiy gaz ballonining noqonuniy sotilishi oldi olingan.

Jinoyat ishlari va davom etayotgan reydlar

Aniqlangan qonunbuzilish holatlariga huquqiy baho berish maqsadida 25 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Ushbu materiallar asosida hozirga qadar 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

Ayni paytda komplayens nazorat tuzilmalari tomonidan to‘satdan tekshiruv va reyd tadbirlari davom ettirilmoqda. Ushbu tadbirlar aniqlangan kamchiliklarning sabablarini o‘rganish, qoidabuzarliklarga huquqiy baho berish hamda ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Mas’ullar fuqarolardan suyultirilgan gazni noqonuniy sotish yoki boshqa qonunbuzarlik holatlariga duch kelganda +998 71 202-11-04 yoki 1104 raqamlari orqali xabar berishlarini so‘ramoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholiga ajratilgan gaz ballonlarini qimmat narxda sotmoqchi bo‘lgan 39 nafar mutasaddi aniqlangandi.

Теглар

Мавзуга оид