Logo

Toshkent markazidagi sobiq «Yangi bank» binosi 120 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi

Кеча 23:002 дақиқа

Auksionda qatnashish uchun talab qilinadigan zakalat puli 1,2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Toshkent markazidagi sobiq «Yangi bank» binosi 120 mlrd so‘mga auksionga qo‘yildi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan «Yangi bank» AJga tegishli bino va inshootlar «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarildi. Boshlang‘ich bahosi 120 milliard so‘m etib belgilangan mazkur obyekt bo‘yicha auksion savdolari 2026 yil 5-oktabr kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.

Lot ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temur shohko‘chasi, 99-uyda joylashgan ushbu 5 qavatli bino 2017 yilda qurilgan. Obyektning umumiy yer maydoni 0,25 gektarni, binoning umumiy maydoni esa 3 648 kvadrat metrni (shundan foydali maydoni 2 548,36 kv.m) tashkil qiladi.

Bino jami 47 ta xonadan iborat bo‘lib, barcha muhim kommunikatsiya tarmoqlariga (gaz, elektr, suv, kanalizatsiya) to‘liq ulangan va holati yaxshi deb baholanmoqda. Ushbu premium darajasidagi obyekt dastlab moliya tashkilotining bosh ofisi sifatida loyihalashtirilgan.

Uning infratuzilmasi binodan bank, fintex-kompaniya, korporativ shtab-kvartira yoki IT-xab sifatida keng foydalanish imkonini beradi.

Ma’lumot o‘rnida, obyektni sotish «Yangi bank» AJ Tugatish komissiyasining tegishli bayonnomasiga asosan amalga oshirilmoqda. Auksionda qatnashish uchun talab qilinadigan zakalat puli 1,2 milliard so‘mni tashkil etadi va xaridorlardan arizalar 5-oktabr soat 09:00 ga qadar qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 15-yanvardagi qarori bilan «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingandi.

Markaziy bank talablariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi banklarda ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘mni tashkil qilishi kerak.

Biroq, 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Regulyator tomonidan ustav kapitali bo‘yicha talablarni bajarish haqida bir necha bor ogohlantirilgan.

Shunga qaramasdan, «Yangi bank» ushbu masala bo‘yicha yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan. Bu esa bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘lgan. «Yangi bank»ning jami moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan edi. Ushbu zararning katta qismi 2025 yilda shakllangan.

Bundan tashqari joriy yilning yanvar oyida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov «Yangi bank»ni sotishdan avval unga potensial mijoz qidirgan, lekin xaridor topilmaganini ma’lum qilgan edi.

Joriy yilning iyun oyida «Yangi bank»ning bosh ofisi sotuvga qo‘yilgandi.

Теглар

Мавзуга оид