Logo

Toshkentning qaysi manzillarida jamoat hojatxonasi quriladi? (Ro‘yxat)

Бугун 10:054 дақиқа

Avvalroq poytaxtning markaziy va turizm ko‘chalari, xiyobonlar hamda aholi va mehmonlar tashrif buyuradigan obektlar atrofida 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etilishi ma’lum qilingandi.

Toshkentning qaysi manzillarida jamoat hojatxonasi quriladi? (Ro‘yxat) © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent shahrining 12 ta tumanida davlat-xususiy sheriklik asosida jami 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi tashkil etiladi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 23-oktabrdagi qarorida belgilangandi.

Mazkur shoxobchalar asosan metro bekatlari, istirohat bog‘lari, dehqon bozorlari va poliklinikalar yaqinidagi serqatnov hududlarga joylashtiriladi.

Jumladan, markaziy lokatsiyalar qatoridan «Yangi O‘zbekiston bog‘i» avtoturargohi, Qo‘yliq, Turon va Mashinasozlar metro bekatlari atrofi, Oloy bozori yoni hamda Xotira maydoni o‘rin olgan.

Qarorga ko‘ra, sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi. Loyihalarni amalga oshirish davri 10 yilgacha deb belgilangan bo‘lib, hududlar yagona lot yoki alohida lotlarga ajratilgan holda ijaraga berilishi ta’kidlandi.

Yer uchastkalarining aniq chegaralari kadastr hujjatlari yoki hudud uchun tayyorlangan maxsus chizmalarda ko‘rsatiladi. Shuningdek, shahar hokimligi zaruratga qarab ushbu ro‘yxatga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif berish huquqiga ega.

Tumanlar kesimida tasdiqlangan manzillar ro‘yxati

Eng ko‘p sanitariya-gigiyena shoxobchalari poytaxtning Shayxontohur, Yunusobod va Yangihayot tumanlarida barpo etiladi (har birida 12 tadan). Tumanlar bo‘yicha shoxobchalarning to‘liq taqsimoti quyidagicha ko‘rinish oldi:

— Shayxontohur tumani (12 ta): Labzak, Janggoh, Chorsu va Qoratosh mavzelarida; Taxtapul, Matlubot, Alisher Navoiy, Islom Karimov, General Uzoqov va Kichik halqa yo‘li ko‘chalarida; Ko‘ktosh tor ko‘chasida.

— Yunusobod tumani (12 ta): Oloy bozori yonidagi «Evos» orqasida; «O‘zekspomarkaz»ga suv bo‘yidan kirish qismida; Xotira maydonida; «Qurilish markazi» orqasida; «Xorazm» kafesi va Toshkent farmatsevtika instituti qarshisida; «Kulol nur» restorani yonida; «Semashko» shifoxonasi oldida; Alfraganus universitetiga kirish qismida; Yunusota va Yangi Yunusobod ko‘chalari kesishmasida hamda Yangi shahar ko‘chasining ikki hududida.

— Yangihayot tumani (12 ta): Qipchoq shohko‘chasidagi Turon metro bekati oldida; Qo‘rg‘ontepa ko‘chasidagi 66- va 1-sonli poliklinikalar oldida; Choshtepa, O‘zar, Mehrigiyo va Katta halqa yo‘li ko‘chalarida; Qipchoq va Xonobodtepa shohko‘chalarida hamda «Yangihayot» mahallasida.

— Mirobod tumani (10 ta): Afrosiyob, Shahrisabz, Taras Shevchenko, Sayyid Baraka va Sayxun ko‘chalarida; Mehrjon ko‘chasidagi 4-tug‘uruqxona oldida; Qo‘yliq-1 va Qo‘yliq-4 mavzelarida hamda Qo‘yliqota-1 tor ko‘chasida.

— Uchtepa tumani (10 ta): 12-, 15-, 23-, 24- va G9 mavzelarida; Lutfiy va Vatan hamda Izza va Poygoh ko‘chalari kesishmalarida; Katta Qa’ni aylanasi oldida; Zargarlik ko‘chasidagi «Elegant» avtomobil yuvish shoxobchasi oldida.

— Yashnobod tumani (10 ta): Mashinasozlar metro bekati va 28-oilaviy poliklinika atrofida; Yakkatol ko‘chasidagi Xalq banki oldida; To‘yona, Tolariq, To‘ytepa va Ohanrabo ko‘chalarida; Mirzo Ulug‘bek va Maxtumquli hamda Ohanrabo va Xonobodtepa ko‘chalari kesishmalarida.

— Olmazor tumani (9 ta): «Shifokorlar» mahallasidagi Toshkent halqa yo‘li ko‘chasining ikki hududida; Universitet ko‘chasining ikki hududida; Qorasaroy, Sag‘bon va Ustashirin ko‘chalarida; Qoraqamish-1/3 dahasidagi Qichqiriq kanali bo‘yida hamda Kichik halqa avtomobil yo‘li va Talabalar ko‘chasi kesishmasida.

— Mirzo Ulug‘bek tumani (8 ta): Parkent ko‘chasidagi 131-uy oldida; «Yangi O‘zbekiston bog‘i» avtoturargohining 1- va 2-hududlarida; «Feruza bog‘i» oldida; Temur Malik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasida; Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi 24-uy oldida; Istiqlol ko‘chasidagi mahalla fondi binosi hamda Yahyo G‘ulomov ko‘chasidagi 1-uy oldida.

— Chilonzor tumani (6 ta): Qatortol ko‘chasidagi 40-uy oldida va 12-uy orqasida; Zargarlik ko‘chasidagi 4-uy oldida va 40–41-uylar orqasida; Al-Xorazmiy ko‘chasidagi 8-uy hamda Cho‘ponota ko‘chasidagi 6-uy orqasida.

— Sergeli tumani (5 ta): Yangi Sergeli, Mehrigiyo, Mirza Tursunzoda va Yangi Qo‘yliq ko‘chalarida; Quruvchilar ko‘chasidagi bozorcha oldida.

— Yakkasaroy tumani (4 ta): Bobur ko‘chasidagi 71-uy; Qushbegi va Boshliq ko‘chalaridagi 6-uylar oldida; Shota Rustaveli ko‘chasidagi 83-uy orqasida.

— Bektemir tumani (2 ta): Qo‘yliq metro bekati orqasida va «Kompas» savdo markazi avtoturargohi oldida.

Ma’lumot uchun, 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasini joylashtirish uchun topografik ishlar bilan bog‘liq xarajatlarga 140,4 mln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Mablag‘ Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Mablag‘ni «Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti» MCHJga ajratish bo‘yicha «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashiga taklif kiritiladi.

Ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ ta’minlaydi. Moliyalashtirish choralarini Toshkent shahar G‘aznachilik xizmati boshqarmasi ko‘radi.

Mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining Toshkent shahar boshqarmasiga yuklangan. Ajratilgan mablag‘lar ijrosi bo‘yicha xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga hisobot kiritiladi.

Qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Shavkatov zimmasiga yuklangan.

Теглар

Мавзуга оид