Logo

Tramp bitim haqida gapirmoqda, Eron esa shoshilmayapti

AQSH prezidenti bungacha ham Eron bilan kelishuvga erishishga yaqin qolganini da’vo qilgan, biroq bu umidlar amalga oshmagan edi.

Tramp bitim haqida gapirmoqda, Eron esa shoshilmayapti

Prezident Tramp kelishuv tez orada imzolanishi mumkinligini yana bir bor ta’kidlaganiga qaramay, Eron AQSH bilan davom etayotgan mojaroni tugatish bo‘yicha bitim yuzasidan hali yakuniy to‘xtamga kelinmaganini qat’iy bildirdi.

11 iyun kuni Tramp AQSH Eronga yana «juda qattiq» zarba berishini e’lon qilgan edi. Biroq keyinroq muzokarachilar Eron bilan «ajoyib kelishuvga erishgani» sababli bu zarbalar bekor qilinganini aytdi.

Prezidentniнг ma’lum qilishicha, endi barchasi «hujjatlarni yakuniy holatga keltirishga bog‘liq va bu yaqin kunlarda amalga oshirilishi kerak». Shuningdek, u shartnomani imzolash marosimi «katta ehtimol bilan» Yevropada bo‘lib o‘tishini qo‘shimcha qildi.

Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiy kelishuv haqidagi xabarlar shunchaki «taxminlardan iborat» ekanini va «hech qanday yakuniy to‘xtamga kelinmaganini» ta’kidladi.

Tramp bungacha ham Eron bilan kelishuvga erishishga yaqin qolganini da’vo qilgan, biroq bu umidlar amalga oshmagan edi.

28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Bunga javoban Eron Isroilga hamda AQSHning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga hujum qildi. Natijada dunyo bo‘ylab neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashishning asosiy yo‘nalishi bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopib qo‘yildi.

Aprel oyida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olinganiga qaramay, AQSH va Eron vaqti-vaqti bilan bir-biriga zarba berishda davom etmoqda. Jumladan, shu haftaning o‘zida tomonlar ikki marta o‘zaro hujum uyushtirdi. Шu bilan birga Tramp Eron bilan kelishuvga erishish istiqbollari haqida tez-tez gapirmoqda.

Uning so‘nggi bayonotlaridan so‘ng «Brent» markali neftning bir barreli narxi taxminan 89 dollargacha tushib ketdi. Bu esa kunlik ko‘rsatkichning 4,4 foizga pasayganini anglatadi.

«Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi haqida kelishuvga erishdik. Shu paytgacha boshdan kechirganlarimizning asosiy maqsadi ham aynan shu edi. Shu bois, bu juda muhim voqea», — dedi Tramp jurnalistlar bilan suhbatдa.

Shuningdek, Tramp «shartnoma imzolanishi bilan» Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayta ochilishini aytdi.

AQSH rahbari mintaqa yetakchilari, xususan, Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilar va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan suhbatlashganini ta’kidlab, «Butun Yaqin Sharq juda xursand», deya qo‘shimcha qildi.

Isroil bosh vazirining idorasi ushbu suhbat bo‘lib o‘tganini tasdiqladi va Isroil «o‘zaro anglashuv memorandumi ishtirokchisi emasligini» bildirdi.

Bayonotda aytilishicha, Netanyahu Trampning yakuniy kelishuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan. Bu kelishuv «boyitilgan uranni olib chiqib ketish, infratuzilmani buzib tashlash, raketa ishlab chiqarishni cheklash va Eronning mintaqadagi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashini to‘xtatish»ni o‘z ichiga oladi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Bag‘oiyning so‘zlariga ko‘ra, memorandum matnining katta qismi allaqachon «yakuniy holatga keltirilgan». Biroq AQSH unga «haddan tashqari ko‘p talablar» qo‘ygan va «yangi shartlar» kiritgan. Shuningdek, u Eron o‘z «qizil chiziqlaridan chekinmasligini» qat’iy ta’kidladi.

Oq uy mojaroga barham berish maqsadida Eron bilan muzokaralarni tezroq yakunlashga, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik hamda Tehronning yadroviy ambitsiyalari kabi masalalarni hal qilishga intilmoqda.

20-aprel kuni Tramp Eron bilan kelishuvga «nisbatan tez» erishilishini aytgan edi. U va ma’muriyatning yuqori martabali vakillari keyingi haftalarda muzokaralar siljishiga ishora qilgandi. Biroq 27-may kuni tomonlar kelishuvga yaqin qolgani haqidagi xabarlar tarqalgach, Tramp shartnoma bandlaridan «qoniqmayotganini» bildirdi. Shundan beri muzokaralar davom etmoqda.

Kelishuv yaqinlashayotgani haqidagi so‘nggi bayonotlardan bir necha soat oldin esa, Tramp «AQSH tunda Eronga... juda qattiq zarba berishini» aytgan va «yaqin kelajakda» Xark oroli hamda boshqa neft infratuzilmalarini egallab olish bilan tahdid qilgan edi.

Fors ko‘rfazining shimolida joylashgan Xark oroli Eronning asosiy neft eksport terminali hisoblanadi va mamlakat neft eksportining qariyb 90 foiz qismi aynan shu orol orqali o‘tadi. Shuningdek, Tramp AQSH xuddi «Venesuelada bo‘lgani kabi» neft va gaz bozorlari ustidan «to‘liq nazoratni o‘z qo‘liga olishini» yozgan.

Eron harbiylari esa mamlakatga qarshi yana hujum uyushtirilsa, «avvalgidan-da qattiqroq» qasos olish bilan tahdid qildi.

«AQSHning Eron neft infratuzilmasiga nisbatan so‘nggi tahdidlarini hisobga olsak, neft va gaz eksporti yo‘llari yoki hamma uchun ochiq bo‘ladi, yoki undan hech kim foydalana olmaydi», — deyiladi bayonotda.

Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir Qolibof ham «noto‘g‘ri strategiya va shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qarorlar... sizni yillar davomida chiqib keta olmaydigan tubsiz botqoqqa tortishini» ta’kidladi.

8-iyun kuni Ko‘rfazda AQSHning «Apache» vertolyoti qulab tushganidan so‘ng, ikki davlat o‘zaro zarbalar almashdi.

10-iyun kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron janubidagi harbiy, kuzatuv va radar obyektlariga bir qator muvaffaqiyatli hujumlar uyushtirganini ma’lum qildi.

Bunga javoban Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi Amerika bazalariga zarba berganini e’lon qildi. 11-iyun kuni mahalliy rasmiylarning xabar berishicha, Bahraynda Eron dronlari hujumi oqibatida 11 yoshli qiz jarohat olgan, shuningdek, uylar va avtomobillarga zarar yetgan. Iordaniya taxminan 20 ta Eron raketasini urib tushirganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda, O‘mon ko‘rfazida AQSH tomonidan kemaga berilgan zarba oqibatida uch nafar hindistonlik dengizchi halok bo‘lgani tasdiqlangach, Hindiston hukumati AQSHning yuqori martabali diplomatini chaqirtirdi. AQSH ushbu kemani Eron portlaridagi qamalni yorib o‘tishda ayblagan edi. Kemadagi yigirma bir nafar ekipaj a’zosi qutqarib qolindi.

AQSH kuchlari shu paytgacha to‘qqizta kemani, jumladan, shu haftaning o‘zida uchta kemani o‘qqa tutdi. Qamaldan ko‘zlangan asosiy maqsad — kemalarning Eron portlariga kirib-chiqishini to‘xtatish hamda Tehronning neft eksportidan keladigan daromadlarini cheklashdir.

So‘nggi zarbalar ortidan vaziyatni yumshatishga qaratilgan chaqiriqlar yanada ko‘paydi. BMT bosh kotibi Antonio Guterrishning matbuot kotibi 11-iyun kungi bayonotida bosh kotib «Yaqin Sharqda davom etayotgan keskinlikdan chuqur xavotirda» ekanini bildirdi.

«U tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga to‘liq amal qilishga va vaziyatning yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi», — deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar ham vaziyatni yumshatishga chaqirdi.

Теглар

Мавзуга оид