Urush, dollar va so‘m: iqtisodchilar nima deydi?

10.03.2026 | 12:153 дақиқа

Jahondagi urush va keskinliklar moliya bozorlarida noaniqlikni kuchaytirmoqda. Bu holat dollar, so‘m va inflatsiyaga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida iqtisodchilar turlicha fikr bildirmoqda.

Urush, dollar va so‘m: iqtisodchilar nima deydi?

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklar jahon moliya bozorlarida noaniqliklarni kuchaytirdi. Bunday vaziyatlarda investorlar odatda xavfsiz aktivlarga, ayniqsa AQSH dollariga murojaat qiladi. Natijada dollar boshqa valutalarga nisbatan mustahkamlanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon dollar boshqa valutalarga nisbatan taxminan 1,5 foizga mustahkamlangan. Bunda AQSHning energiya mustaqilligi ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Urush boshlanganidan buyon o‘zbek so‘mi ham dollarga nisbatan taxminan 0,5 foizga qadrsizlangan. Biroq mutaxassislar bu jarayonning kelgusida qanday davom etishi borasida turlicha fikr bildirmoqda.

Mirkomil Xolboyev: so‘mga bosim bor, ammo keskin qadrsizlanish ehtimoli past

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, urushning uzoq davom etishi ayrim omillar orqali so‘mga bosim o‘tkazishi mumkin.

Avvalo, O‘zbekiston energiya tovarlarining net-importyori hisoblanadi. Masalan, 2025-yilda mamlakat 4 mlrd dollarlik energiya resurslarini import qilgan, eksport esa 1,5 mlrd dollar atrofida bo‘lgan. Neft narxining oshishi energiya mahsulotlarini import qilish uchun xorijiy valutaga talabni oshiradi va bu so‘mning qadrsizlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va energiya narxlarining oshishi inflyatsion bosimlarni kuchaytirishi mumkin. Inflatsiya kutilmalari yomonlashsa, aholi va biznes xorijiy valutada jamg‘arishga ko‘proq intiladi. Bu ham milliy valutaga bosimni oshiradi.

Biroq Xolboyev so‘mni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan omillar ham mavjudligini ta’kidlaydi. Masalan, geosiyosiy noaniqliklar oltin narxining oshishiga olib kelishi mumkin. O‘zbekiston 2025-yilda 10 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Agar oltin narxi ko‘tarilsa, eksport tushumlari ortib, bu so‘mni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, neft narxining oshishi Rossiya va Qozog‘iston kabi asosiy iqtisodiy hamkorlarda iqtisodiy faollikni kuchaytirishi mumkin. Bu mamlakatlarda iqtisodiy faollik oshsa, O‘zbekistondan eksport va mehnat migrantlari pul o‘tkazmalari ham ko‘payishi mumkin.

Yana bir omil — Yaqin Sharqdagi keskinliklar sabab ayrim fuqarolar sayohat rejalarini, jumladan haj safarlarini kechiktirishi mumkin. Bu xorijiy valutaga bo‘lgan talabni qisqartiradi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda valuta kursi to‘liq erkin suzuvchi emas. Mamlakatning xalqaro zaxiralari ham yuqori darajada. 1-mart holatiga ko‘ra, ular 77,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu esa Markaziy bank zarurat tug‘ilganda valuta bozoriga intervensiya qilib, so‘mni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega ekanini anglatadi.

Xolboyevning fikricha, shu omillarni hisobga olganda, urushning so‘mga ta’sirini to‘liq salbiy deb baholash to‘g‘ri emas va hozircha milliy valutaning keskin qadrsizlanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud emas.

Valijon To‘raqulov: urush dollarga talabni oshiradi

Iqtisodchi Valiyjon To‘raqulov urush va geosiyosiy mojarolar vaqtida dollar mustahkamlanishi tabiiy jarayon ekanini ta’kidlaydi.

Uning ta’rifiga ko‘ra, jarayon quyidagi zanjir asosida kechadi:

Urush → risk oshadi → investorlar dollar sotib oladi → dollar qimmatlashadi.

Bunday vaziyatda investorlar kelajakdagi noaniqliklardan himoyalanish uchun oltin va AQSH davlat obligatsiyalariga sarmoya qiladi. Bu aktivlarni sotib olish uchun esa dollar kerak bo‘ladi. Shuning uchun dollarga bo‘lgan talab oshadi va uning narxi ham ko‘tariladi.

To‘raqulovning fikricha, agar urush uzoq vaqt davom etsa, masalan bir oydan ortiq davom etsa, O‘zbekistonda ham dollar kursi sezilarli darajada oshishi mumkin.

Otabek Bakirov: asosiy xavf kurs emas, inflatsiya

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa asosiy xavf so‘m kursida emas, balki inflatsiyada bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Uning fikricha, urush natijasida neft, gaz va ko‘mir kabi energiya resurslari narxi oshishi mumkin. Shuningdek, logistika va transport xarajatlari ham qimmatlashadi. Bu omillar esa import tovarlari narxining oshishiga olib kelib, inflatsiyaga qo‘shimcha bosim beradi.

Bakirov Ukrainadagi urushdan keyingi vaziyatni misol keltiradi. O‘shanda O‘zbekistonda inflatsiya uzoq vaqtdan keyin bir xonali ko‘rsatkichga — 9,7 foizga tushgan edi. Biroq urushdan keyin inflatsiya yana tezlashib, 12,3 foizgacha oshgan.

Uning ta’kidlashicha, urush deyarli har doim inflatsiyani kuchaytiradi va uning asosiy yukini oddiy iste’molchilar ko‘taradi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 110

Барчаси

Мавзуга оид