Xitoyda kumush ajiotaji: import 8 yillik maksimumga chiqdi

Xitoyda sanoat va chakana investorlar tomonidan kumushga bo‘lgan kuchli talab 2026-yil boshida importni rekord darajaga olib chiqdi. Quyosh energetikasi va investitsion qiziqish bozorda keskin bosim yaratmoqda.

Xitoyda kumush ajiotaji: import 8 yillik maksimumga chiqdi

Xitoyning sanoat sektori va chakana investorlari jismoniy kumushga nisbatan ajiotajli talabni keltirib chiqardi. Bu esa 2026-yil boshida ushbu qimmatbaho metall importining so‘nggi sakkiz yildagi eng yuqori darajaga chiqishiga sabab bo‘ldi.

Quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari soliq imtiyozlari bekor qilinishidan oldin ulgurishga harakat qilayotgan bir paytda, aholi qimmat va kamyob oltinga nisbatan arzonroq muqobil sifatida kumush quymalarini ommaviy ravishda sotib olmoqda. Bu haqda «Bloomberg» xabar berdi.

Rekord hajmlar va ajiotaj sabablari

20-mart kuni e’lon qilingan Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki ikki oyida dunyodagi eng yirik xaridor 790 tonnadan ortiq kumush import qilgan. Shundan qariyb 470 tonnasi fevral oyiga to‘g‘ri kelib, bu oy uchun mutlaq tarixiy maksimum hisoblanadi. Yuqori ichki talab allaqachon kamayib ketgan birja zaxiralarini tezda tugatmoqda va treyderlarni xorijdan faol ravishda metall sotib olishga majbur qilmoqda. Bu esa mahalliy narxlarni xalqaro etalonlardan ancha yuqoriga ko‘tarmoqda.

Kumush bozori yilni juda yuqori volatillik bilan boshladi: agressiv spekulyativ xaridlar to‘lqinida narxlar taxminan 70 foizga oshib ketdi, so‘ng yanvar oxirida keskin tushib ketdi. Shunga qaramay, Xitoyda jismoniy iste’mol barqaror yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Ajiotajning asosiy harakatlantiruvchi omillari ikkita. Birinchidan, jahon yillik taklifining taxminan beshdan bir qismini (20 foizi) iste’mol qiladigan va asosan Xitoyda joylashgan quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari ishlab chiqarishni shoshilinch ravishda oshirmoqda. Ular 1-apreldan (hukumat eksport soliq imtiyozlarini bekor qiladigan sanadan) oldin maksimal hajmda mahsulot yetkazib berishga harakat qilmoqda. Ikkinchidan, chakana investorlar kumush quymalarini ommaviy ravishda sotib olmoqda.

Jismoniy quymalarga bo‘lgan talab nihoyatda yuqori, quyosh elementlari ishlab chiqaruvchilari esa o‘z imkoniyatlarining chegarasida ishlamoqda. Shu bilan birga, Xitoy birjalardagi zaxiralar kamayishda davom etmoqda, bu esa bozorga qo‘shimcha psixologik bosim o‘tkazmoqda.

Hongkong orqali arbitraj va London reaksiyasi

Metallning katta qismi materikka Hongkong orqali kirib kelmoqda, chunki treyderlar klassik arbitrajdan foyda olishga harakat qilmoqda. Yilning dastlabki ikki oyida Hongkongda yirik bank kumush quymalari uchun ustama har unsiyasiga 8 dollargacha yetdi, holbuki odatda ular Londan benchmarkiga nisbatan diskont bilan savdo qilinadi.

Xitoy tomonidan faol xaridlarga qaramay, global bozor Londonda hozircha inqirozdan qochib turibdi. Bu o‘tgan yilgi defitsit (short-skviz)dan so‘ng ushbu savdo markaziga kumushning rekord darajada kirib kelishi bilan izohlanadi. Shuningdek, bozorga birja fondlaridan (ETF) ham katta hajmda metall kelib tushdi, ular joriy yilda o‘z zaxiralarining 1900 tonnadan ortig‘ini sotib yubordi.

Londondagi bosimning pasayishi kumushni qarzga olish qiymatini tushirishga yordam berdi. Biroq uzoq muddatli ijara hali ham qimmatligicha qolmoqda – bu umumiy volatillik va investorlarning yangi sun’iy defitsitdan xavotirlari bilan bog‘liq. Nyu Yorkdan tortib Shanhaygacha bo‘lgan asosiy birjalarda ko‘rinadigan zaxiralar yo kamaymoqda, yoki uzoq muddatli o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ancha past darajada qolmoqda. Bu esa tizimda jismoniy metallning haqiqiy tanqisligi mavjudligini ko‘rsatadi.

Mavjudlik illyuziyasi: oltin 5000 dollar bo‘lganida kumush 70 dollar

Chakana investorlarning kumushga o‘tishi natijasida investitsiya quymalari (20 grammdan 1 kilogrammgacha) «Shuibei Market»da eng ommabop tovarga aylandi. Bu bozor Shenjenda joylashgan bo‘lib, mamlakatda qimmatbaho metallar chakana savdosining asosiy markazi hisoblanadi.

Guangdong provinsiyasi Janubiy oltin bozori akademiyasi tadqiqotchisi Sun Jianjeng bu holatni iste’molchilar psixologiyasi o‘zgarishi bilan izohlaydi: oltin endi moliyaviy jihatdan yetib bo‘lmas aktiv sifatida qabul qilinmoqda. Bu yil uning narxi keskin o‘sishdan so‘ng har unsiyasi taxminan 5000 dollar atrofida bo‘lib turdi, kumush esa 70 dollar darajasida savdo qilinmoqda. Arzonroq quymalar dilerlar uchun moliyaviy bosimni kamaytiradi. Ekspert bahosiga ko‘ra, so‘nggi oylarda savdogarlar «Shuibei Market»da kumush zaxiralarini uch baravarga oshirib, taxminan 300 tonnaga yetkazgan.

Biroq bu ajiotaj vaqtinchalik «qizib ketish» alomatlariga ega. «Henan Jinli Gold and Lead Group»ning Shanxay savdo bo‘limi tahlilchisi Yuan Jengning ta’kidlashicha, soliq imtiyozlari bekor qilinishi bo‘yicha aprel oyidagi muddat yaqinlashar ekan, quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari tomonidan talab sekinlashgan, shuningdek, Xitoydagi kumush ustamasi ham yumshagan.

«Qisqa muddatda taklif talabdan oshib ketgan holatga o‘tdik», – deydi u.

Bu holat allaqachon Shenjenda sezilmoqda, bu yerda jismoniy quymalar xaridorlari soni kamayib bormoqda.

Теглар

Мавзуга оид