Yaponiya restoranlarida ishlash imkoniyati: 40 kishilik o‘quv dasturi e’lon qilindi
O‘zbekistonliklar Yaponiya standartlari asosida oshpazlikka o‘qitiladi. 40 nafar fuqaro tanlab olinib, ularga Yaponiya davlat litsenziyasini olish va dunyo restoranlarida ishlash imkoniyati beriladi.
© price.galaxys25userguide.com/O‘zbekiston fuqarolari Yaponiyaning nufuzli universitetlari va kompaniyalari bilan hamkorlikda yapon standartlari asosida oshpazlikka o‘qitiladi. Muvaffaqiyatli bitiruvchilar davlat litsenziyasini qo‘lga kiritib, dunyo bo‘ylab yapon restoranlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Migratsiya agentligi Yaponiyaning «M&K», «Yo’l Japan LLC» kompaniyalari hamda «Kanazawa Professional University of Food Management» (Kanazava professional oziq-ovqat boshqaruvi universiteti) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, oshpazlik sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni maqsadli ishga joylashtirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Xabar qilinishicha, dastur doirasida dastlabki bosqichda 40 nafar O‘zbekiston fuqarosi tanlab olinadi. Mazkur fuqarolar bevosita Yaponiya standartlari asosida professional oshpazlik yo‘nalishida tahsil oladi.
Mutaxassislarni tayyorlash dasturi ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Dasturning birinchi qismi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi va 6 oy davom etadi. Ushbu davr mobaynida nomzodlar «INTIL» markazi hamda Bo‘stonliq tumanidagi kasbiy ta’lim muassasasi bazasida yapon tili va oshpazlik sirlarini o‘rganadilar.
O‘quv dasturining ikkinchi bosqichi esa bevosita kunchiqar yurtda davom ettiriladi. Ishtirokchilar bir yil davomida Yaponiyada kasbiy ta’lim olish bilan bir qatorda amaliy mehnat faoliyatini ham olib boradilar. Ushbu intensiv ta’lim va mehnat jarayoni ularni Yaponiyada davlat tomonidan e’tirof etiladigan rasmiy oshpazlik litsenziyasini olishga tayyorlaydi.
«Tegishli talablarni bajargan va litsenziya olgan mutaxassislar dunyo bo‘ylab Yaponiya restoranlarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi», — deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
Ayni paytda dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ro‘yxatdan o‘tish tartibi ishlab chiqilmoqda. Agentlik mazkur tartib rasman tasdiqlanganidan so‘ng, tanlov shartlari va jarayon haqida qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilinishini bildirgan.





