Yarim yilda qaysi umumiy ovqatlanish korxonalari eng ko‘p soliq to‘ladi?
O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari olti oyda davlat budjetiga 1 trln so‘mdan ortiq soliq to‘lagan.

2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondagi umumiy ovqatlanish sohasi korxonalari davlat budjetiga jami 1 trln 8,9 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 23 148 ta yuridik shaxs mavjud bo‘lib, ularning tovar aylanmasi 14 trln 57,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, soliq imtiyozlari hajmi 80,4 mlrd so‘mga yetgan. Shundan 215,9 mlrd so‘mi, ya’ni 21,4 foizi 20 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng yirik 20 ta korxona budjetga 215,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu umumiy soliq tushumlarining 21,4 foiziga teng. Ushbu kompaniyalar tovar aylanmasining umumiy hajmi 2 trln 893,7 mlrd so‘mni, berilgan soliq imtiyozlari esa 25 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Yetakchilar ro‘yxati
Yarim yil yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p soliq to‘lagan umumiy ovqatlanish korxonasi 52,2 mlrd so‘m bilan KFC tarmog‘ining O‘zbekistondagi franshizasi — «International Foodchain» bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rinni Evos brendi operatori — «Mak Food Servis» 41,4 mlrd so‘m bilan egalladi. Uchinchi pog‘onadan esa 24,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan «Ketring» joy oldi.
Keyingi o‘rinlarda «Oqtepa-Food Service» (20 mlrd so‘m), «Bellissimo Pizza International» (11,7 mlrd so‘m), «Good Food Catering» (8,1 mlrd so‘m), «Savdo» (7,8 mlrd so‘m) va «Feed Up Eco» (5,6 mlrd so‘m) qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun 6 foizlik QQS tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.





