Logo

Yer, uy va kadastr: minglab fuqarolarni qiynayotgan savollar

Kadastr va xatlov masalalari ko‘plab fuqarolarni qiziqtiradigan mavzulardan biri. Xatlovdan foydalanib, yer maydonini kengaytirb olsa bo‘ladimi? Egalik huquqi qay holatlarda e’tirof etiladi yoki rad etiladi? Kadastr nomidagi odam vafot etgan bo‘lsa, farzandlar o‘z nomiga hujjatlarni qanday rasmiylashtirib oladi?  Uy-joy va yer uchastkasini rasmiylashtirishda nimalarga e’tibor berish lozim? Shu va boshqa savollarga Kadastr agentligi markaziy apparati mas’ul xodimi Bahodir Madiyorov javob berdi.

 

Oldingi aksiya yoki undan oldin yer uchastkasini hujjatlashtirib olgan (ya’ni 6 sotix egalik huquqi olingan). Hozirgi xatlovdan foydalanib, maydonini kengaytirb olsa bo‘ladimi?

 

— Bugungi kunda amaliyotda aynan mana shu qonunni, mana 2024-yil 5-avgustda qabul qilingan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun ijrosi yuzasidan, aynan sizning savolingizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, qonunning birinchi moddasida sakkizta holatdagi yer uchastkalariga, ya’ni o‘sha fuqarolar tomonidan o‘zlashtirilgan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga e’tirof etish masalasi qonunning birinchi moddasida sakkizta holat ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, siz aytgan o‘sha olti sotix yer maydonini yanada ko‘proq, o‘sha amalda foydalanib turgan maydoniga ko‘proq kengaytirib olish masalasi bo‘ladigan bo‘lsa, bunda qonunning o‘zida ham hajmlar bilan bog‘liq bo‘lgan moddasi belgilab o‘tilgan. U yerda aniq va tiniq qilib yozilgan. Ya’ni, bunda 1998-yil 1-iyulga qadar fuqarolar tomonidan o‘zlashtirilgan yerlar uchun butun respublika bo‘ylab 24 sotixgacha e’tirof etish masalasi ko‘riladi. Va 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar o‘zlashtirilgan yer uchastkalari, o‘sha fuqarolar, yurtdoshlarimizning yer uchastkalariga, bunda Toshkent shahri va viloyat markazlari uchun olti sotixgacha, qolgan hududlarga 12 sotixgacha bo‘lgan yer maydonlari e’tirof etish masalasi ko‘riladi. Ya’ni, bunda yurtdoshimizning olti sotixga bo‘lgan egallik huquqi e’tirof etilgan bo‘lsa, bugungi kunda amalda ortiqcha egallangan hudud, ya’ni o‘sha fuqaroning egallab turgan yer uchastkasiga tutash qismida joylashgan bo‘lsa, qonunning o‘zida ham asosiy va qo‘shimcha shartlarda ko‘rsatib o‘tilgan. Aynan o‘sha hudud o‘sha yer uchastkasiga tutash qismida joylashgan bo‘lishi shart. Va o‘sha qismi bo‘yicha fuqaroning o‘ziga dehqon xo‘jaligi, tomorqa xo‘jaliklari mahsulotlarini yetishtirish uchun fuqaroning o‘ziga biriktirib berish masalasi ko‘riladi.

 

Bunda endi qonunda o‘zida ham ko‘rsatib o‘tilgan asosiy va qo‘shimcha shartlarga rioya etilganligi aynan o‘sha fuqaroga biriktirish uchun asos bo‘ladi.

 

Turar joy qilib emas, faqat tomorqa va dehqon xo‘jaligi uchun qo‘shib olsa bo‘ladi. Va eng asosiysi, nizoli hudud bo‘lmasligi kerak?

 

Albatta. Chunki qonunning o‘zida asosiy shartlardan aytib belgilanganki, mazkur yer uchastkasi foydalanish davrida jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida nizo mavjud bo‘lmasligi, muqaddam aynan o‘sha yer uchastkasi elektron onlayn savdoga qo‘yilmagan bo‘lishi, o‘sha yer uchastkasida foydalanish davrida yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan qarzdorligi mavjud bo‘lmasligi asosiy shartlari. Va bunda endi qo‘shimcha shartlari bo‘ladigan bo‘lsa, qonunning 16-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan vakolatli organlar, ya’ni o‘sha gaz tarmoqlari, suv quvurlari yoki katta yo‘l muhofaza mintaqa hududlarida joylashmaganligi, bosh rejaga zid bo‘lmasligi, mana shu jihatlariga e’tibor qaratiladi.

 

—Savolim 937-sonli Qonun bo‘yicha. Uy  2002-yilgacha bo‘lgan keyin ayrim sabablarga ko‘ra buzilgan. 2024 yil yangi uy qayta qurildi. U etirof etiladimi. Ya’ni savolni umumlashtirsam, 2018-yilgacha uy bo‘lib buzilgan va o‘rniga 2018-yildan keyin yangi uy qurilgan. Yangi uy e’tirof etiladimi?

 

—Albatta. Bugungi kunda mana shu qonunni ijrosi yuzasidan xatlov ishlarini amalga oshirish bu tanlov asosida emas. Ya’ni, bunda yalpi xatlov. Yalpi xatlovda ham biz qanday xatlov ishlarini qanday amalga oshiramiz? Bunda aynan o‘sha tumanlarda mahallalarga ajratib olinib, aynan o‘sha mahallalarda mahalla ichida o‘sha aholi, bir nechta aholi yashash punktlarini poligonlarga ajratib olinadi. Ya’ni, bunda o‘sha bitta poligonda oladigan bo‘lsak, 20 ta xonadon joylashgan bo‘lsa, har bittasi xatlovdan o‘tkaziladi. Sababi, boya yuqorida aytilgandek, sakkizta holatga qaysi biriga tushishini tanlab olish uchun ham har bittasi xatlovdan o‘tkaziladi va bu qurilgan yiliga nisbatan keladigan bo‘lsak, 2018-yildan keyin qurilgan bo‘lsa ham, xatlovdan o‘tkaziladi va bunda qonunning o‘sha 16-moddasida belgilangan platformaga, e’tirof platformasiga muhokamaga kiritilganda, bu qaysi yillarda qurilganligi o‘shanda ayon bo‘ladi va bunda vakolatli organ tomonidan xulosa rasmiylashtiriladi.

 

Qanday holatlarda 2018-yilgacha uy qurilganiga qaramasdan ko‘chmas mulklarga huquqlar e’tirof etilmaydi?

 

—Bunda endi mana xatlov ishlari, ya’ni bunda egallik huquqi e’tirof etilish masalasi ko‘rilmaydigan obyektlarga oladigan bo‘lsak, bugungi kunda bo‘sh yer uchastkasiga nisbatan tadbiq etilmaydi, ko‘p qavatli turar joylarga nisbatan va davlat mulki bo‘lgan obyektlarga nisbatan qonun tadbiq etilmaydi. Endi qaysi qurilmalarga nisbatan, aytaylik, sizning savolingizdan keladigan bo‘lsak, 2018-yildan oldin qurilgan bo‘lsa ham, bugungi kunda qaysi holatlardagi imoratlarga, o‘sha mulklarga e’tirof etilmaydi? Ya’ni, bunda o‘sha, chunki avvalgi aksiyalarda ham amaliyotda uchragan, o‘sha kichkina uchga to‘rt bino qursang, ertaga o‘sha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, o‘sha aksiyadan foydalana olasan degan tushunchada yurgan yurtdoshlarimizga eslatma sifatida ham o‘rinli aytmoqchimiz. Qonunning o‘zida ham ta’kidlanganki, o‘sha fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga, unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun aynan o‘sha turar joy maqomiga ega bo‘lgan, u yerda uni bir nechta talablari bor: yashash sharoiti, hojatxonasi, oshxonasi, o‘sha atrofi, chegarasi o‘ralgan bo‘lishi, o‘sha uy-joy qurilganligi fakti bo‘lishi kerak bo‘ladi.

 

—Agar kadastr nomidagi odam vafot etgan bo‘lsa, farzanlar o‘z nomiga hujjatlarni qanday rasmiylashtirib oladi? Fuqarolar nima qilishi kerak?

 

Siz aytayotganingiz meros masalasi. O‘sha mulkdor, aytaylik, bugungi kunda vafot etgan bo‘lsa va o‘sha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan masala, bugungi kunda aynan o‘sha yer uchastkasini kadastr hujjatlari mavjud bo‘lib, o‘sha ko‘chmas mulk obyekti belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lsa, bunda 937-sonli qonun asosida emas, belgilangan tartibda o‘sha tumanlarda joylashgan, tuman-shaharlardagi notarial idoralariga murojaat qilib, o‘sha meros masalasini, merosga bo‘lgan guvohnomani rasmiylashtirish ishlarini amalga oshirish mumkin bo‘ladi. 937-sonli qonun doirasida o‘sha mulkdor vafot etgan bo‘ladigan bo‘lsa, bunda ham 937-sonli qonunda ham adolat prinsiplari, tamoyillariga asoslangan holda ishlab chiqilgan qonun. Sababi, bunda o‘sha kadastr hujjati yo‘q, lekin mulkdor vafot etgan bo‘ladigan bo‘lsa, xatlov ishlarini amalga oshirganda ko‘chmas mulkning foydalanuvchisi, ya’ni egasi qilib marhumning nomi kiritiladi va marhumning nomiga o‘sha belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtiriladi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng o‘sha meros ishi notarial idorasida rasmiylashtirish nazarda tutilgan.

 

—Atrofdagi qo‘shnilar bilan birgalikda hamma o‘z Yer uchastkasiga kadastr hujjati qilib olgan. Lekin o‘rtada bir yer uchastkasida hozirgacha qurilish qilmasdan faqat tomorqa, dehqonchilik maqsadida foydalanib kelingan. Qo‘shnilarni hammasi uy-joy qurib olgan. Kadastr hujjatini qilib qo‘ygan lekin hech qanday qurilish qilmaganlar xujjatlarini rasmiylashtirish mumkinmi?

 

—Qonunning ijrosi uchta holatdagi yer uchastkalariga nisbatan tadbiq etilmaydi. Ya’ni, bunda bo‘sh yer uchastkasiga, davlat mulki bo‘lgan obyektlarga va ko‘p qavatli turar joylarga nisbatan e’tirof etilmasligi qonunning o‘zida ham belgilab o‘tilgan. Ya’ni, endi bunda siz bugungi kunda o‘sha fuqaromiz, yurtdoshimiz, o‘sha yer uchastkasida hech qanday imorat, qurilish ishlari amalga oshirilmagan bo‘lsa, bu qonun doirasida ko‘rib chiqilmaydi. Sababi, bunda bo‘sh yer uchastkasiga nisbatan e’tirof etilmasligi belgilab o‘tilgan.

 

—Aytib o‘tganingizdek, uchga to‘rt bino qurib qo‘yib, keyinchalik kadastr rasmiylashtirib beradi degan tushunchadan yiroq bo‘lishi kerak.

 

—Xatlovda yer uchastkasini royxatga olish tartibi qanday. Kadastr raqam berilishi, soliq uchun sms kelishi, tolovni qanday qilishi, necha kunda javobi chiqishi. Jaroyonlarni odamlar qanday kuzatib boradi?

 

—O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi 937-sonli qonunning ijrosi ikki bosqichga bo‘lingan. Ya’ni, birinchi bosqichda Kadastr agentligi tuman-shahar filiali xodimlari, o‘sha Kadastr agentligimiz huzuridagi Davlat kadastrlari palatasi tuman-shahar filiallari xodimlarimiz tomonidan xatlov ishlarini amalga oshiradi. Ikkinchi bosqichda qonunning 16-moddasiga asosan o‘sha vakolatli organlardan tashkil topgan ishchi guruh. Bu yerda endi xatlov ishlarini amalga oshirishda Kadastr agentligining tuman-shahar filiali xodimlari tomonidan o‘sha mahalla chegaralariga bo‘linib, bitta, aytaylik, Do‘stlik mahallasining bir nechta poligoniga ajratib olinadi va o‘sha poligonga bitta mutaxassis biriktiriladi. U o‘sha mutaxassis tomonidan o‘sha poligonda joylashgan, aytaylik, bitta poligonda 20 ta yer uchastkasi mavjud bo‘ladigan bo‘lsa, har bittasi xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlovdan o‘tkazish bosqichida qonunda o‘zida ham belgilanganki, o‘sha yer uchastkasiga oid olti xil turdagi ma’lumotlar kiritiladi. Ya’ni, bunda o‘sha mulkdorning, yer uchastkasidan foydalanuvchining ismi-sharifi, telefon raqami, yer uchastkasining maydoni, unda qurilgan bino va inshootlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va o‘sha yer uchastkasining o‘lchamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aynan o‘sha tizimga kiritiladi. Bunda endi o‘sha yer uchastkasiga oid ma’lumotlardan kelib chiqib, o‘sha Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi, tizimning nomi “E’tirof”. Aynan mana shu tizim orqali muhokamada ko‘rib chiqiladi va o‘sha fuqarolarimizga o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishgacha bo‘lgan bosqichlar aynan mana shu tizim orqali amalga oshiriladi. Bunda endi xatlov ishlari amalga oshirildi. Aytaylik, o‘sha Do‘stlik mahallasi xatlov ishlari yakunlandi va o‘sha qonunning 16-moddasiga asosan “E’tirof” platformasiga muhokamaga kiritiladi. Muhokamaga kiritilish bosqichida o‘sha 60 kun mobaynida, bugungi kunda o‘sha muddatda ko‘rib chiqiladi va 60 kundan keyin o‘sha 18 ta vazirlik, idoralar tomonidan xulosa berish ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng, bir oy e’londa turishi, bu tizimda aprokshiniya deyiladi, o‘sha e’londa turgani sababi, Toshmatov Hasanning uy-joyi boshqa fuqaroga rasmiylashtirib qolmasligi yoki o‘sha aynan o‘sha yer uchastkasida nizo mavjud emasligi. Bunda endi fuqarolar qanday biladi deganimizga, o‘sha tizimda ochiq platforma bo‘lib, o‘sha tizimda ko‘rish va bilish imkoniyati yaratilgan.

 

O‘zining uyini ko‘rishi, aytaylik, bugungi kunda o‘sha ma’lumotlar bazamizda mavjud bo‘lmagan obyekt bo‘ladigan bo‘lsa, aynan o‘sha yer uchastkasi xatlovdan o‘tkazilib, o‘sha tizimga kiritilgandan keyin... Endi aynan o‘sha yer uchastkasiga kadastr raqami beriladi. Ya’ni bunda unikal raqam deyiladi, mutaxassislar tilida aytganda, unikal raqam. Ya’ni bunda bu takrorlanmas raqam. O‘sha yer uchastkasiga berildimi, keyingi yer uchastkasiga taqdim etilgan kadastr raqami bir-birining ustiga takrorlanib qolmaydi. O‘zining yer uchastkasini o‘sha kadastr raqami orqali ERI kaliti bilan kadastr e’tirof platformasiga kirganda, o‘sha tizimda qaysi bosqichda e’londa turganligi, kimning nomiga o‘sha yer uchastkasi rasmiylashtirilayotganligi, ko‘rish va bilish imkoniyati to‘liq yaratilgan.

 

Ana endi bunda bir oy e’londa turgandan so‘ng, Adliya vazirligiga o‘sha yakuniy xulosa qabul qilish uchun Adliya vazirligiga o‘tiladi, keyingi bosqichda. Adliya vazirligi tomonidan yakuniy xulosa taqdim etilgandan so‘ng, fuqaroga bir martalik SMS xabarnoma boradi, o‘sha xalq deputatlarining tegishli qarorlari qabul qilinishi uchun. Fuqarolar o‘sha tegishli qarorlar qabul qilinishi uchun bir martalik to‘lovni amalga oshirganda, xalq deputatlari viloyat kengashlarining tegishli qarorlari rasmiylashtiriladi va mana shu xatlov ishlari amalga oshirilib, tizimga, muhokamaga kiritilgan bosqichdan to o‘sha kengashning qarorlari qabul qilingunga qadar bo‘lgan bosqich aynan mana shu tizimda amalga oshiriladi va yakunida fuqarolar o‘zining ERI kaliti, elektron kaliti orqali kengashning qarorlarini olish imkoni yaratilgan bo‘ladi va bunda fuqarolar o‘sha ko‘chmas mulkiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlari asosida Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali kadastr pasportlarini rasmiylashtirish va unga o‘sha aynan o‘sha ko‘chmas mulkiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun murojaat qilishlari mumkin.

 

—Noturar joyni turar joy toifasiga o‘tkazish tartibi qanday va nimalarga e’tibor qaratish lozim?

 

—Noturar joy obyektini turar joyga yoki bo‘lmasam, turar joyni noturar joy toifasiga o‘tkazish, bunda hujjatlarni rasmiylashtirish belgilangan tartibda Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinadi va o‘sha tuman, shahar bo‘limlari, arxitektura bo‘limlari tomonidan tegishli xulosalar rasmiylashtiriladi. O‘sha toifasi o‘zgartirishga rasmiylashtirilgan ruxsatnoma o‘sha ko‘chmas mulk obyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lishi belgilab o‘tilgan qonunchilikda. Lekin endi nimalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, bugungi kunda aytaylik, o‘sha noturar joyni turar joyga yoki bo‘lmasam, turarni aksincha, turar joyni noturar joyga o‘tkazish bo‘yicha ruxsatnomalar rasmiylashtirishda nimalarga e’tibor berish kerak. Bugungi kunda noturar joyni turar joyga o‘tkazish holatida aynan o‘sha turar joyga o‘tkazish uchun turar joyga ixtisoslashgan bo‘lishi kerak bo‘ladi. Ya’ni bunda o‘sha yashash xona, umumiy foydali maydoni, hojatxona, oshxona, yashash holatidagi o‘sha eng muhim ixtisosligi to‘g‘ri bo‘lgan holatlarda tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirib beriladi, bu arxitektura tomonidan.

 

—99 yilga ijaraga berilayotgan yer-uchastkasini xususiylashtirish tartibi qanday?

 

—Mana bu bo‘yicha 937-sonli qonunda ikki xil huquq, ya’ni ko‘chmas mulklarda o‘sha fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga ijara huquqi 99 yilga va unda qurilgan ko‘chmas mulk, bino va inshootlariga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish qonunda o‘zida ham belgilangan. Ya’ni bunda o‘sha kengashda tegishli qarorlar qabul qilinishida ham ko‘chmas mulklarga mulk huquqi, yer uchastkasiga 99 yillik ijara huquqi bilan rasmiylashtiriladi. Ortiqcha egallangan hududlariga bo‘ladigan bo‘lsa, dehqon xo‘jaligi, tomorqa xo‘jaliklarini yetishtirish uchun 49 yillik ijara huquqi. Bu yerda endi ijaraning muddatlarida farqi bor. Ana endi 99 yillik uchun ajratilgan ijara huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati bor. Qonunchilikda bugungi kunda amaliyotda mavjud bo‘lib, o‘sha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish bilan bog‘liq 71-sonli qarorga asosan xususiylashtirish uchun ariza berish mumkin.

 

Har qanday bugungi kundagi o‘sha har qanday kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, unga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun, boya yuqorida ham efir orqali ham savol berib o‘tdingiz, ana bir nechta har qanday xizmatlardan foydalanish uchun bugungi kunda Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portalidan foydalanish mumkin.

 

Xususiylashtirish uchun o‘sha belgilangan tartibda ariza taqdim etiladi va uni ko‘rib chiqiladi, xususiylashtirish davlatnomalari rasmiylashtirish masalasi ko‘riladi.

 

—Hozirgacha qancha obyekt xatlovdan o‘tkazildi, qancha yer uchastkasiga huquqiy maqom e’tirof etildi?

 

—Bugungi kunda qonun ijrosi yuzasidan statistik ma’lumotlarga keladigan bo‘lsak, hozirgi kechagi kunduzda xatlov ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lib, jami 1 million 500 mingdan ortiq bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari xatlovdan o‘tkazildi va 1 milliondan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari UZKAD tizimiga olib o‘tildi va bunda o‘sha UZKAD tizimida shakllangan o‘sha yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan 590 mingga yaqin ko‘chmas mulk obyektlari, yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’tirof tizimiga, muhokama jarayoniga, o‘sha muhokama bosqichiga olib o‘tildi. Bugungi kunda o‘sha 590 mingga yaqin bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari qonunning 16-moddasiga asosan tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqish ishlari amalga oshirilmoqda. Shundan 82 mingga yaqin fuqarolarning o‘sha xalq deputatlari kengashining qarori bilan tegishli o‘sha yer uchastkalariga o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda unda qurilgan bino va inshootlariga bo‘lgan huquqlar e’tirof etildi. Shundan fuqarolarning, yurtdoshlarimizning murojaatiga ko‘ra, boyagi aytib o‘tilganday, Davlat xizmatlari markazi orqali murojaatiga ko‘ra, o‘sha tegishli qarorlarni ilova qilgan holda, ya’ni bunda bu qonunda ko‘zlangan maqsad o‘sha yurtdoshlarimizning bugungi kunda o‘zboshimchalik bilan, ya’ni bunda nima uchun o‘zboshimchalik bilan? Bugungi kunda kadastr hujjati mavjud bo‘lmagan yoki ma’lumotlar bazamizda mavjud bo‘lmagan har qanday ko‘chmas mulk obyektiga o‘zboshimchalik bilan degan ta’rif, termin ishlatiladi. Ya’ni bunda, ya’ni o‘sha qonundan ko‘zlangan maqsad fuqarolarimizning ko‘chmas mulkiga hujjatlari to‘liq bo‘lmagan yoki umuman hujjatlari rasmiylashtirilmagan yer uchastkalarini belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib olish edi. Ya’ni o‘sha tegishli qarorlar qabul qilingandan so‘ng fuqarolarimizning murojaatiga asosan 24 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr pasportlari shakllantirildi va unga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

 

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator-montajchi: Mirvohid Mirrahimov

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 25

Барчаси

Мавзуга оид

Yer, uy va kadastr: minglab fuqarolarni qiynayotgan savollar | Vaqt.uz