Logo

Zelenskiy Putin kimdan qo‘rqishini aytdi

Ukraina prezidenti BMT Bosh Assambleyasi doirasida Rossiya yetakchisining asl muammosi nimada ekanini ochiqladi.

Zelenskiy Putin kimdan qo‘rqishini aytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin jang maydonida g‘alaba qozona olmayapti va buning o‘rnini to‘ldirish uchun o‘z jamiyatiga nimanidir ko‘rsatishga majbur. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSH prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.

«Urushni tugatish haqida gapirganda tarixiy sabablarni muhokama qilish, to‘g‘risini aytganda, mutlaqo bema’nilikdir. Agar urushni tugatishni xohlasangiz, uni boshlamaysiz. Agar muammoni hal qilmoqchi bo‘lsangiz, uni hal qilasiz. Putin jang maydonida g‘alaba qozonmayapti va bu u uchun muammo, chunki u o‘z jamiyatiga nimanidir ko‘rsatishi kerak. Gap bizda, amerikaliklarda yoki ukrainaliklarda emas. U hech kimni hurmat qilmaydi. Uning asosiy masalasi — rus xalqi. U faqat o‘z xalqidan qo‘rqadi», — dedi Zelenskiy.

Prezidentning ta’kidlashicha, o‘zga davlat hududidagi jang maydoniga millionlab askar tashlangan va har oy minglab odamlar halok bo‘layotgan bir paytda, birorta ham g‘alabasiz bularning barchasi nima uchun bo‘layotganini tushuntirish imkonsiz.

Muzokaralarga tayyorgarlik va xalqaro bosim

Ukraina yetakchisi Putin bilan «istalgan vaqtda» uchrashishga tayyor ekanligini bildirdi.

«Kulasizmi, kulmaysizmi, bir-biringizni yomon ko‘rasizmi, dushmanmisiz — bularning barchasi tushunarli. Urushni tugatishni xohlaysizmi? O‘tiring, gaplashing. O‘ylaymanki, Putin uch tomonlama uchrashuvga, urushni tugatishga tayyor emas», — deydi u.

Prezident shuningdek, Kremlning haqiqiy muzokaralarga tayyor ekanligiga ishonchi komil emasligini, shuning uchun Moskvaga bosim o‘tkazish maqsadida AQSH, Yevropa va Xitoyning ishtiroki zarurligini aytdi.

Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning neftni qayta ishlash quvvatlarining 45 foizini yo‘q qilgan.

Xitoyning pragmatizmi va Rossiyaning kuchga munosabati

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Rossiya bilan o‘z texnologiyalarini do‘stlik yoki birodarlik uchun emas, balki to‘liq pragmatik maqsadlarda baham ko‘rmoqda. Bunga sabab — Xitoy kelajakda qayerdadir aynan mana shu tajribadan foydalanishni ko‘zlaganidir.

«Biz kuchli bo‘lishimiz va Putinga u bu sayyorada yolg‘iz emasligini ko‘rsatishimiz kerak, hatto bu uning orzusi bo‘lsa ham. Va aynan shuning uchun u odamlarni hurmat qilishi kerak. Afsuski, ruslar faqatgina kuchli ekaningizni ko‘rsatganingizdagina hurmat qilishi mumkin. Ular zaiflikni hurmat qilmaydi», — dedi prezident.

Теглар

Мавзуга оид