AQSHda energetika shoki sababli inflatsiya 3,3 foizgacha sakradi

Bugun 08:253 daqiqa

AQSHda yillik inflatsiya mart oyida 3,3 foizgacha ko‘tarildi. Narxlar o‘sishining asosiy katalizatori Eron bilan urush va kemalar qatnovidagi uzilishlar sababli yonilg‘i bozorida yuzaga kelgan inqiroz bo‘ldi.

AQSHda energetika shoki sababli inflatsiya 3,3 foizgacha sakradi

AQSHda yillik inflatsiya mart oyida 3,3 foizgacha sakrab, fevraldagi 2,4 foizlik ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oshib ketdi. Bu holat iqtisodchilarning kutuvlariga mos kelsa-da, vaziyatning jiddiyligini kamaytirmaydi. Narxlar o‘sishining asosiy sababi Eron bilan urush va kemalar qatnovidagi uzilishlar ortidan yonilg‘i bozorida yuzaga kelgan inqiroz bo‘ldi. Bu haqda 10-aprel kuni «The Wall Street Journal» nashri xabar bermoqda.

Raqamlardagi energetika shoki

AQSH Mehnat vazirligining mart oyidagi hisoboti Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘sib qo‘yilishi Amerika iqtisodiyotiga qanday zarba berganining ilk real isboti bo‘ldi. Energiya manbalarining narxi yillik hisobda 12,5 foizga ko‘tarildi (fevralda bu o‘sish bor-yo‘g‘i 0,5 foiz edi). Xususan, benzin narxi 18,9 foizga, mazut esa birdaniga 44,2 foizga qimmatladi.

Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, bo‘g‘oz ochilgan taqdirda ham narxlar avvalgi darajasiga tez qaytmaydi. Kompaniyalar odatda iste’molchilar uchun narxlarni tez oshiradi, ammo tushirishni istamaydi. Neft juda ko‘plab tovarlar (kosmetikadan tortib sport anjomlarigacha) ishlab chiqarishda ishlatiladi, transport xarajatlarining oshishi esa oziq-ovqat va kiyim-kechak narxiga ham ta’sir qilmay qolmaydi. «Stifel» kompaniyasining bosh iqtisodchisi Lindsi Pegzaning ta’kidlashicha, iste’molchilar bu ortiqcha xarajatlarning asosiy og‘irligini «ehtimol bir-ikki oydan so‘ng» to‘liq his qilishadi.

Xizmat ko‘rsatish sohasidagi bosim

Bazaviy inflatsiya ko‘rsatkichi (oziq-ovqat va energiya manbalari narxidagi tebranishlardan tozalangan holda hisoblanadigan fundamental tendensiya) 2,6 foizni tashkil etdi. Bu kutilgan 2,7 foizdan biroz past bo‘lsa-da, mamlakatdagi umumiy inflyatsion bosimni pasaytirmaydi.

Shu bilan birga, biznes vakillaridan ham xavotirli signallar kelmoqda. Ta’minotlarni boshqarish instituti (ISM) so‘rovlari kompaniyalar yetkazib beruvchilarga ko‘proq pul to‘lashga majbur bo‘layotganini ko‘rsatdi. Mart oyida xizmat ko‘rsatish sohasidagi ISM narxlar indeksi 7,7 foiz bandga o‘sib, 70,7 ga yetdi va 2022 yil oktabridan beri eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu iste’mol inflatsiyasi yanada o‘sishining to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfidir, chunki biznes bu yangi xarajatlarni oxir-oqibat oddiy xaridorlar zimmasiga yuklashi kafolatlangan.

Federal zaxira tizimi dilemmasi

Regulyator murakkab vaziyatda qoldi: inflatsiya hamon maqsadli ko‘rsatkichlardan yuqori, mehnat bozori esa soviy boshladi. FZT rasmiylari bandlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida pul-kredit siyosatini juda tez yumshatish va stavkalarni pasaytirish inflatsiyani yuqori darajada mustahkamlab qo‘yishidan xavotirda.

FZT raisi Jerom Pauell xizmat ko‘rsatish sektoridagi narxlarni jilovlash uddalanmayotganini ochiq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili xizmat ko‘rsatish sektoridagi inflatsiya (uy-joyni hisobga olmaganda) amalda bir joyda qotib qolgani «hafsalani pir qiladi». Pauell holatni «Biz u yerda hech qanday progressni ko‘rmayapmiz», deya baholadi.

Bu nima uchun muhim?

Mart oyidagi ko‘rsatkichlar AQSHda inflatsiyani yaqin orada jilovlash mumkinligi haqidagi xomxayollarni chippakka chiqardi. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy silkinishlar va beqarorlik yonilg‘ining 44 foizga qimmatlashishi orqali amerikalik iste’molchilar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotishlarga aylandi.

Shu bilan birga, FZT rahbarining xizmat ko‘rsatish bozoridagi muvaffaqiyatsizlikni tan olishi AQSH pul-kredit siyosatidagi tizimli inqirozdan dalolat beradi. Regulyator amalda manyovr qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi: stavkalarni pasaytirish narxlarni yanada oshirib yuboradi, qat’iy siyosatni saqlab qolish esa mehnat bozorini barbod qiladi. Natijada, hukumatning makroiqtisodiy balansni ushlab tura olmasligi va korporatsiyalarning inflyatsion ishtahasini nazorat qilolmasligi uchun, odatdagidek, bazaviy tovarlarni qimmat narxlarda sotib olishga majbur bo‘layotgan o‘rta qatlam tovon to‘laydi.

Teglar

Mavzuga oid