
Hibsdagi IIV sobiq mansabdorlari, «qurbon» qilingan o‘zbek tili litseyi va 17-yanvargacha davom etadigan «bo‘g‘iq» havo — 8-yanvar dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Fransuz universiteti uchun «qurbon» qilinayotgan o‘zbek tili litseyi
Toshkentda O‘zbek–fransuz universiteti tashkil etilishi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyning yopilishi jamoatchilik o‘rtasida keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Litsey jamoasi va ota-onalarning ta’kidlashicha, o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashgan yagona ushbu maskanning tugatilishi yillar davomida shakllangan ilmiy muhit va yuqori ko‘rsatkichlarga ega ta’lim tizimining parchalanishiga olib keladi. Xususan, litsey bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi 95 foizga yetgan bir paytda, muassasaning "qurbon" qilinishi davlat tili siyosatiga zid qaror sifatida baholanmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi esa ushbu jarayon Prezident qarori asosida, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotganini bildirdi. Rasmiy izohga ko‘ra, litsey faoliyati 2027 yilgacha bosqichma-bosqich tugatiladi va o‘quvchilar boshqa litseylarga yo‘naltiriladi, xodimlarning mehnat huquqlari esa kafolatlanadi. Shunga qaramay, pedagoglar va ota-onalar "nega aynan shu litsey?" degan savolga asosli javob olishmagan va yangi universitet uchun tayyor, muvaffaqiyatli ishlab turgan maskanning tanlanganini adolatsizlik deb hisoblashmoqda.
Davlat mablag‘larini talon-taroj qilgan IIV sobiq mansabdorlari hibsga olingani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamentining sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yuqori lavozimli shaxslar davlat mablag‘larini yirik miqdorda talon-taroj qilganlikda ayblanmoqda. Ikkala mulozim ham 2025 yilning 3-noyabrida Prezident qarori bilan lavozimidan ozod etilgan edi.
Ushbu hibslar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yilni korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» deb e’lon qilgani va tizimdagi "xiyonatchi" amaldorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqidagi ogohlantirishidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Hozircha Ichki ishlar vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, vaziyat jamoatchilik diqqat markazida qolmoqda.
Ekoqo‘mita havo ifloslanishi 17-yanvargacha davom etishini ma’lum qildi
Ekologiya qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent va boshqa hududlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi 17-yanvargacha davom etishi kutilmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida harorat inversiyasi — havoning yuqori qatlamlari issiqroq bo‘lib, ifloslantiruvchi moddalarni yer yuzasida "dimiqtirib" qo‘yishi ko‘rsatilmoqda. Hozirda havodagi PM2,5 zarrachalari miqdori me’yordan 1,7 barobargacha oshib ketgan.
Vaziyatni yumshatish uchun Toshkent shahri va viloyatidagi 30 dan ortiq korxonalar faoliyati cheklandi yoki vaqtincha to‘xtatildi. Shuningdek, ekologik reydlar davomida havoni me’yordan ortiq ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalari egalariga chora ko‘rildi. Mutaxassislarning prognoziga ko‘ra, 17-yanvardan boshlab yog‘ingarchilik va shamol kuchayishi natijasida havo tozalana boshlaydi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar dunyoda eng ko‘p mukofot puli olganlar o‘ntaligiga kirdi
O‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov 2025 yil yakunlariga ko‘ra dunyoning eng ko‘p mukofot puli ishlab topgan 10 nafar shaxmatchisi qatoridan joy oldi. Chess.com ma’lumotlariga ko‘ra, Abdusattorov yil davomida 361 800 dollar (jahonda 9-o‘rin), Sindarov esa 349 900 dollar (10-o‘rin) daromad qilgan. Ta’kidlash joizki, Nodirbekning bir yillik daromadi qariyb uch baravarga oshgan bo‘lsa, Javohir Jahon kubogidagi muvaffaqiyati orqali faoliyatidagi eng yirik — 120 ming dollarlik sovrinni qo‘lga kiritdi.
Reytingda birinchi o‘rinni 1,46 million dollar bilan Magnus Karlsen egalladi. O‘zbek shaxmat maktabining xalqaro maydondagi nufuzi o‘sishda davom etmoqda: 2026 yil yanvar holatiga ko‘ra, jahonning eng kuchli 100 nafar shaxmatchisi ro‘yxatidan bir yo‘la besh nafar o‘zbekistonlik joy oldi. Nodirbek Abdusattorov 2751 reyting bilan jahonda 12-pog‘onani egallab turibdi.
O‘zbekiston noyabrda oltin xaridi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi
Noyabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki 10 tonna oltin xarid qilib, bu borada dunyoda Polsha (12 tonna) va Braziliyadan (11 tonna) keyin uchinchi o‘rinni egalladi. «World Gold Council» hisobotiga ko‘ra, mamlakatimiz noyabr oyida oltin eksportini to‘liq to‘xtatgan va zaxiralarini oshirishga e’tibor qaratgan. Bu 2025 yil davomida O‘zbekiston oltin sotmagan to‘rtinchi oy bo‘ldi.
Natijada, 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralari tarixiy maksimumni yangilab, 50,85 mlrd dollarga yetdi. Umumiy xalqaro oltin-valuta zaxiralari esa 61,23 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Yil boshidan buyon oltin eksporti 9,9 mlrd dollardan oshib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizlik o‘sishni ko‘rsatgan.





