Logo

1-sentabrdan oshadigan maoshlar, eng yuqori daromad topayotgan bitiruvchilar va YCHLda porlagan Rahmonaliyev — 26-avgust dayjesti

Кеча 23:002 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

1-sentabrdan oshadigan maoshlar, eng yuqori daromad topayotgan bitiruvchilar va YCHLda porlagan Rahmonaliyev — 26-avgust dayjesti

Endi telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin

Markaziy bank Tezkor to‘lovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar o‘rtasida telefon raqami yordamida pul o‘tkazish qoidalarini tasdiqladi.

Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tib, «Lex.uz»da e’lon qilingan ushbu yangi tartib bir bank hisobvarag‘idan boshqasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni A2A operatsiyalari orqali pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkonini beradi. Qoidalarga ko‘ra, har bir bank hisobvarag‘iga faqat bitta mobil telefon raqami maxsus biriktirish kodi orqali bog‘lanadi.

2026-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot hajmi 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohidagi tadbirda so‘nggi davrda mamlakatga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirgani, iqtisodiyot 2,5 barobardan ziyod ko‘paygani hamda joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qildi.

So‘nggi o‘n yil davomida sanoat, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, davlat va xususiy sektor ishtirokida 1,5 million o‘rinli zamonaviy maktab, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar foydalanishga topshirildi.

Sentyabrdan ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoniga asosan, joriy yilning 1-sentabridan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va talabalar stipendiyalari miqdori 7 foizga oshiriladi.

Ushbu sanadan e’tiboran mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m hamda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 ming so‘m etib belgilanmoqda.

Rahmonaliyev gol urgan o‘yin «Sabah»ga 20 million yevro mukofotni kafolatladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev to‘p suradigan Ozarboyjonning «Sabax» klubi Isroilning «Xapoel» jamoasini 5:2 hisobida mag‘lub etib, UEFA Chempionlar Ligasining asosiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushgan va jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qilgan o‘zbekistonlik yarimhimoyachi «Flashscore» talqiniga ko‘ra o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Ushbu tarixiy natija orqali «Sabax» nafaqat «Qorabog‘»dan keyin YCHL asosiy bosqichiga chiqqan ikkinchi Ozarboyjon klubiga aylandi, balki o‘zi uchun ulkan moliyaviy muvaffaqiyatni ham ta’minladi. Asosiy bosqichdagi ishtiroki uchun jamoa kamida 20 million 175 ming yevro mukofot puliga ega bo‘lishi kafolatlandi.

Oliy ta’lim bitiruvchilarining maoshi ochiqlandi: eng yuqori daromad qaysi OTM bitiruvchilarida?

O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha maoshi 4,9 mln so‘mni tashkil etmoqda. Eng yuqori talab va daromad asosan AT, muhandislik hamda moliya-iqtisod yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.

Eng yuqori maosh oluvchi bitiruvchilar (OTMlar kesimida):

Inha universiteti — 12,6 mln so‘m;
Vestminster universiteti — 12,5 mln so‘m;
JIDU — 10,6 mln so‘m;
TDIU — 10,3 mln so‘m;
TATU — 9,4 mln so‘m;
Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti — 8,1 mln so‘m.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha daromad Navoiy va Toshkent viloyatlariga (5 mln so‘mdan) to‘g‘ri kelmoqda.

Теглар

Мавзуга оид