179 millionlik bekatlar: talabga javob beradimi?
Toshkentda yangi avtobus bekatlari qurilishi atrofidagi bahslar muhokama qilindi. Ularning real qiymati ochiqlandi. Moliyalashtirish manbalari ma’lum bo‘ldi.
28-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida yangi bekat majmualari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bekatlar qurilishi nima uchun aynan chips mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyaga topshirilgani, har bir bekat uchun qancha mablag‘ sarflanishi va bu ishlar aynan qaysi mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgani ochiqlandi.

Bekatlar qaysi kompaniya tomonidan qurilmoqda?
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 28-fevral kuni ustav jamg‘armasi 100 ming so‘m bo‘lgan «EWI SNACKS» kompaniyasi Toshkent shahrining 10 tumanidagi 41 ta avtobus bekati maydonchasini ijaraga olish huquqi bo‘yicha lotni yutgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra, hech bir bekat o‘z vaqtida topshirilmagan.
2026 yilda ham aynan shu kompaniya auksionda g‘olib bo‘ldi. Birinchi bosqichda investor o‘z hisobidan 240 ta zamonaviy bekat o‘rnatadi. Ularning 50 foizi daromadli hududlarda, qolgan 50 foizi esa ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlarda joylashtiriladi.
Loyiha uchun qaysi tashkilot tomonidan mablag‘ ajratiladi?
G‘olib tomonidan bekatlarni belgilangan shartlarga ko‘ra modernizatsiya qilish uchun quyidagi smeta asosida o‘rtacha reklamasiz bekatga 42 mln so‘m, reklamali bekatga esa 114–178 mln so‘mgacha xarajat qilinadi.
Loyiha shahar budjeti hisobidan emas, investor mablag‘lari asosida amalga oshirilmoqda.
Do‘konli bekatlar taqdiri
Toshkentda 739 ta do‘konli avtobus bekati mavjud edi. Joriy yilning mart oyidan boshlab ular bosqichma-bosqich demontaj qilina boshlandi.
Bunga tadbirkorlarga bekat hududining uchdan bir qismida do‘kon, qolgan qismida esa yozgi va qishki kutish zallarini tashkil etish sharti bilan yer ajratilgani, biroq bu talabga rioya qilinmagani sabab qilib ko‘rsatildi.
Ammo bu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nima uchun tadbirkorning qoidabuzarligi shu vaqtgacha hokimlik yoki boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan nazorat qilinmagan?
Ijtimoiy tarmoqlarda yangi avtobus bekatlarining iqlim sharoitiga mos emasligi keng muhokama qilinmoqda. Yo‘lovchilar quyoshdan saqlanish uchun bekat ichida emas, balki uning orqasida turishga majbur bo‘layotgani tanqid qilinmoqda.
Shu bois ayrim bekatlarni yopiq shaklga o‘tkazish va ularga konditsioner o‘rnatish bo‘yicha takliflar ham ilgari surilmoqda.
Xo‘sh, bu borada auksion g‘olibi qanday fikrda?
Ushbu savollarga batafsil javobni «Vaqt.uz»ning YouTube kanali orqali olishingiz mumkin.
Теглар






